Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muhaddis Ahmad Sheroziy rahimahulloh vafot qilgach, bir kishi uning o‘g‘lining oldiga kelib dedi:
- Tushimda otangni ko‘rdim. Sherozdagi masjid mehrobida turibdi. Egnida chiroyli kiyimlar, boshida turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan toj bor edi. Men undan so‘radim:
- Alloh taolo senga qanday muomala qildi?
Otang dedi:
- Meni Alloh mag‘firat etdi, ikrom qilib jannatiga kiritdi!
- Nima sababdan?
- Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytganim sababidan!
Juma kuni salavotni ko‘paytiring!
Allohumma solli va sallim va barik ’ala Sayyidina Muhammad.
Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.
Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.