Bismillahir Rohmanir Rohiym
﴿الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَى عَبْدِهِ الْكِتَابَ﴾
“(O‘z) bandasi (Muhammad)ga Kitob (Qur’on)ni nozil qilgan zot (Alloh)ga – hamd!” (Kahf surasi, 1-oyat).
Ushbu Kitobni ummatlariga omonat ila yetkazib, unga amal qilishda go‘zal namuna, “Xulqi Qur’on” bo‘lgan zot – sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga salom va salavotu durudlar bo‘lsin!
Payg‘ambarimizdan Qur’oni karimning biror harfini o‘zgartirmay o‘ta aniqlik bilan qabul qilib, unga ixlos ila amal qilgan sahobai kiromlardan Alloh rozi bo‘lsin!
Qur’oni karimga iymon keltirgan, uni o‘rgatgan, o‘rgangan va unga amal qilgan har bir musulmonga Allohning rahmati yog‘ilsin.
Qur’oni karim – Alloh taoloning kalomi. Uning har bir harfi va oyatini o‘qib o‘rangan kishilarga katta ajr-savoblar va’da qilingan.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
من قرأ حرفًا من كتابِ اللهِ فله به حسنةٌ. والحسنةُ بعشرِ أمثالِها لا أقولُ ﴿الـم﴾ حرفٌ ولكنْ ﴿ألفٌ﴾ حرفٌ و﴿لامٌ﴾ حرفٌ و﴿ميمٌ﴾ حرفٌ.
“Kim Alloh taoloning Kitobidan bir harf o‘qisa, buning barobariga u kishi uchun bir yaxshilik berilur. Alif, lam, mimni bir harf deb aytmayman . Balki alif bir harf, lom bir harf va mim bir harfdir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Qur’oni karimni o‘qib o‘rgangan va boshqalarga yetkazgan kishilar ulug‘ fazl-martaba sohibi bo‘ladilar. Bu haqda Usmon roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
خَيرُكُم من تعلَّمَ القرآنَ وعلَّمَهُ.
“Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganganlaringiz va o‘rgatganlaringizdir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisdan insonlarning eng yaxshilari avvalo Qur’onni o‘rganuvchilar, keyin esa uni o‘rgatuvchilar ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Alloh taolo shunday fazl-martabani barchamizga muyassar aylasin.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV