Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Madina – xurmolari bilan mashhur shahar. Madina xurmolari ichida eng afzali “Ajva” xurmosidir. Ajva xurmosi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p rivoyatlar vorid bo‘lgan. U jannat mevalaridan, unda shifo bor, kim yetti dona ajva xurmosidan yesa, unga sehr ta’sir qilmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shaxsan o‘zlari muborak qo‘llari bilan Madinada ana o‘sha ajva xurmosini ekkanlar.
Omir ibn Sa’d roziyallohu anhudan, uning otasidan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim (och qoringa) ertalab ajvadan yetti dona yesa, o‘sha kuni unga zahar ham, sehr ham zarar qilmaydi”, dedilar (Uchovlari va Nasoiy rivoyat qilganlar).
Sa’d roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Kim har kuni tongda yettita ajva xurmo yesa, o‘sha kuni unga zahar ham, sehr ham zarar qilmaydi”, deganlarini eshitdim».
Ajva – eng sifatli xurmo navlaridan bo‘lib, mevasi kichikroq, qoramtir, shirasi mo‘tadil bo‘ladi. U asosan Madinai Munavvarada yetishtiriladi. Hozir ham uning qiymati baland. Uning zahar va sehrni kesish xususiyatiga egaligi bugun qator ilmiy tadqiqotlarda tasdiqlanmoqda.