Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
(hijriy 37, milodiy 657 yil)
Siffin jangi hazrati Aliy roziyallohu anhu bilan Muoviya roziyallohu anhu o‘rtasida bo‘ldi. Bu ikki sahoba orasidagi elchilarning borib-kelishlari natija bermadi. Ikki tarafning lashkari Furot daryosi bo‘yidagi Siffin pasttekisligida to‘qnashdi. Orada jang boshlandi. Ikki tarafdan ham juda ko‘p odamlar o‘ldirildi. Hazrati Aliy roziyallohu anhuning lashkarlari g‘alabaga erishishiga ozgina qolganda, Shom ahllari nayzalarning uchiga mus'haflarni bog‘lab, baland ko‘tardilar. Ular Alloh taoloning Kitobini hakam qilishni talab etdilar. Buni Muoviya lashkarining qo‘mondoni Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘ylab topgan edi. Bu bilan u urushni to‘xtatishni xohlagan edi. Shunday bo‘ldi ham. Urush to‘xtadi. Ikki taraf hakamlari uchrashdilar, lekin kelishuvga erishilmadi. Hakamlik shartnomasi yozildi. Lashkarlar kelgan joylariga qaytdilar.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Qatarda bo‘lib, markaz faoliyati, yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi va buyuk allomalarning ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro taqdimot, ilmiy seminar hamda ko‘rgazmada ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ushbu tadbir Qatar Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik instituti bo‘lib o‘tdi. Unda Qatar davlat vaziri, Milliy kutubxona raisi doktor Hamad bin Abdulaziz al-Kavoriy, O‘zbekiston elchisi Ashraf Xo‘jayev, ikki mamlakat olimlari, islomshunoslar, ekspertlar va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Taqdimotda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifalari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov ushbu maskan buyuk ajdodlar merosini asrash, chuqur o‘rganish va jahon hamjamiyatiga yetkazishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Xalqaro ilmiy seminarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarning jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Qatar olimlari Movarounnahrda shakllangan ilmiy maktablar, Qur’on va hadis ilmlari, islom tafakkuri hamda madaniy merosni o‘rganish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi, ilmiy faoliyati, O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, noyob qo‘lyozmalari va buyuk mutafakkirlar hayotiga oid materiallar namoyish etildi.
Qatar Milliy kutubxonasi raisi Hamad al-Kavoriy tarixiy qo‘lyozmalarni saqlash, restavratsiya qilish va raqamlashtirish sohasida ikki mamlakat o‘rtasida tajriba almashish muhimligini qayd etdi.
Safar davomida Firdavs Abduxoliqov Qatar Tashqi ishlar vazirligi bosh kotibi, Qatar Sivilizatsiyalar ittifoqi qo‘mitasi raisi doktor Ahmad bin Hasan al-Hammadiy bilan ham uchrashdi. Muloqotda madaniy hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Dohadagi mazkur tadbir O‘zbekistonning jahon islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro ilmiy va akademik doiralarda keng targ‘ib etish, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati