Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي أُمَامَةَ صُدَيِّ بْنِ عَجْلَانَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «أَرْبَعَةٌ لَا يَنْظُرُ اللهُ إِلَيْهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: عَاقٌّ، وَمَنَّانٌ، وَمُدْمِنُ خَمْرٍ، وَمُكَذِّبٌ بِقَدَرٍ».
Abu Umoma Suday ibn Ajlondan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «To‘rt toifaga Alloh qiyomat kuni nazar solmaydi: oq bo‘lganga, minnatchiga, aroqxo‘rga va qadarni yolg‘on deydiganga», dedilar.
Sharh: Qiyomat kuni Alloh taoloning nazar solmasligi banda uchun eng katta jazo va uqubatdir. Bu qiyomat kuni bandaning holiga voy bo‘ladi, deganidir.
Ushbu oliy jazoga to‘rt toifa odamlar mubtalo bo‘lar ekan. Ularning ro‘yxati boshida ota-onasiga oq bo‘lgan badbaxt turar ekan.
Shunday ekan, qiyomat kuni Alloh taoloning nazaridan qolmayin, degan har bir farzand zinhor va zinhor ota-onasiga oq bo‘lmaslikka harakat qilsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ عَاقٌّ، وَلَا مُدْمِنُ خَمْرٍ، وَلَا وَلَدُ زِنَا، وَلَا مَنْ أَتَى ذَاتَ مَحْرَمٍ، وَلَا مَنْ قُتِلَ أَعْرَابِيًّا بَعْدَ الْهِجْرَةِ».
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Oq bo‘lgan, aroqxo‘r, valadi zino, mahrami bilan zino qilgan va hijratdan keyin a’robiy bo‘lib, qatl qilingan jannatga kirmaydi», dedilar.
Sharh: Jannatga kirmaslikdan ko‘ra kattaroq baxtsizlik yo‘q. Bu gapning ortida do‘zaxga kirish turishi hech kimga sir emas. Albatta, bu jazo banda uchun eng oliy jazodir, deyilsa, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yuqoridagi rivoyatda zikri kelgan jannatga kirmaydiganlarning besh toifasi ichida ota-onasiga oq bo‘lganlar ham borligi aytilgan. Ular quyidagilardan iborat:
1. Ota-onasiga oq bo‘lgan.
Jannatga kirmaydiganlar toifasi ro‘yxatining birinchi qatorida ota-onaga oq bo‘lganning turishi bu ish qanchalar og‘ir gunoh ekaniga yana bir dalildir.
2. Surunkali aroq ichadigan.
Aroqni bir tomchi ichish ham gunoh. Ammo uni to‘yib ichsa, gunoh kattalashadi. Bu harom narsani surunkali ichish esa aroqxo‘rning jannatga kirmaydigan badbaxtlar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa qo‘yilishiga sabab bo‘ladi.
3. Valadi zino.
"Valadi zino" deganda zinodan tug‘ilgan bola tushuniladi. Ammo o‘sha toifadagi kishilar ham jannatga kirmas ekan, degan xulosa chiqarishga shoshilmay turing. Chunki barcha shar’iy kitoblarimizda agar o‘zi ahli solih bo‘lsa, iymon-e’tiqodli bo‘lsa, Allohga o‘z vaqtida ibodatini qilib yursa, valadi zinoning holi yaxshi bo‘lishi qayta-qayta ta’kidlangan.
Unda bu hadisi sharifdagi gapni qanday tushunish kerak? Ushbu savolga javob izlab, kitoblarga murojaat qilamiz. Ko‘p kitoblarda bu savolga javob yo‘q.
Oxiri imom Tahoviyning "Mushkulul Osor" kitobini qo‘lga olamiz. Bu kitobda valadi zino jannatga kirmasligi haqida kelgan rivoyatlarning jamlanganini ko‘ramiz. Imom Tahoviy mazkur rivoyatlarni keltirib bo‘lganidan keyin ulardagi valadi zinoning jannatga kirmasligi haqidagi ma’no mushkul ekanini bayon qiladi va o‘sha mushkulni yechishga kirishadi.
U kishining tahlil qilishicha, arablarda bir narsaga o‘ta berilgan odamni yoki biror holatga tushib, undan chiqa olmagan, ana shu holatda bardavom qolgan odamni «o‘shaning bolasi» deyish odati bor.
Misol uchun oladigan bo‘lsak, zakot olishga haqli toifalarning sakkizinchisi ko‘chada qolganlardir. Bular arab tilida «ibn sabil» – «ko‘cha o‘g‘li» deyiladi. Ular vatandan firoqda – musofirchilikda og‘ir iqtisodiy holatga tushib qolgan kishilar bo‘ladilar. Islomda bu toifa kishilarga ham yaxshilik qilish buyurilgan. Hatto zakotga haqdor sakkiz toifadan bittasi xuddi shu «ko‘cha o‘g‘il»laridir.
Xuddi shu e’tibordan, bu hadisi sharifdagi «valadi zino»ni ham «zinoga berilgan farzand» deb tushunish to‘g‘ri bo‘ladi.
4. Mahrami bilan zino qilgan.
Begonalar bilan zino qilish eng katta gunohlardan biri ekani hammaga ma’lum. Shunday bo‘lganidan keyin, o‘z mahrami bilan zino qilish qanchalar og‘ir gunoh ekanini har kim o‘zi bilib olaversa bo‘ladi. Bu ma’no Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflarida ham qattiq ta’kidlanadi:
«Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim o‘z mahramiga jinsiy yaqinlik qilsa, uni qatl qilinglar", dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu hadisi sharifdagi hukm o‘z mahrami bilan zino qilganning bu dunyodagi jazosidir. Uning oxiratdagi jazosi jannatga kirmasligi, do‘zaxga ravona bo‘lishidir.
5. Hijratdan keyin a’robiy bo‘lib, qatl qilingan.
Ushbu jumlaning ma’nosini boshqacha iboralar bilan ifoda qiladigan bo‘lsak, «Mo‘min bo‘lib, hijrat qilganidan keyin murtad bo‘lgani uchun qatl qilingan odam jannatga kirmaydi», deyish mumkin. O‘sha paytlarda birov Islomdan chiqib, murtad bo‘lsa, «Falonchi a’robiy bo‘libdi», deyishar ekan. Ana shu gunohi kabirani qilgan odam ham jannatga kirmaydiganlar toifasidan bo‘ladi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.
1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.
2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.
Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.
Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.
Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati