Tartib-intizomli bo‘lish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish, vazifaga mas’uliyat yondashish – dinimiz talablaridan. Zotan, tartib bor joyda baraka, intizom va mas’uliyat bor joyda esa unum bo‘ladi.
Bugun Toshkent shahridagi Yoshlar markazida poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblari ishtirokida Ma’rifat soati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomidjonov ishtirok etib, o‘zlarining zarur tavsiyalarini berdilar.
Tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borib, diniy soha xodimi har jihatdan o‘rnak bo‘lishi, ma’ruza qilish odobi, muomala madaniyati, ma’ruzani o‘rniga qarab qilish, fasohatli gapirish bo‘yicha diniy soha xodimlariga zarur tavsiyalarni berdilar.
– Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning merosxo‘rlarimiz, – dedilar Abduqahhor domla. – U zot biz uchun ko‘zgudirlar. Shu bois har bir ishimizni Nabiy alayhissalom o‘rgatganlaridek qilishimiz kerak. Bilasizlar, Payg‘ambarimiz juda tartib-intizomli bo‘lganlar. Hadisi sharifda: «Men yaxshi axloqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim», deyilgan (Imom Ahmad rivoyati).
Shunday ekan, har bir imom, noib odob-axloqli, tartib-intizomli, mas’uliyatli bo‘lishi hamda ijro intizomiga qat’iy rioya qilishi shart.
Ma’rifat soati so‘ngida imom-xatiblar va noiblarning savollariga javoblar qaytarildi.
Tadbir so‘ngida 2023–2026 yillarda poytaxtimiz tumanlarida diniy-ma’rifiy va xayriya sohalarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tayyorlangan bejirim fotoalbomlar tumanlar bosh imom-xatiblariga tantanali ravishda topshirildi.
Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati