Insonlar bilan yaqin bo‘lib, ularning muammolarini yechish, kamchiliklarini to‘g‘irlash, ehtiyojmandlarga ko‘makdosh bo‘lish maqsadida Samarqand viloyati vakilligi, shahar va tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imom-xatiblar hamda 18 nafar xoji otalar Samarqand tumanida yig‘ildi.
Ushbu tumandagi 6 ta masjid imom-xatiblari bilan hamkorlikda 18 ta mahalladagi 60 dan ziyod xonadonga borib, nizoli va muammoli holatlarni mahalla ishtirokida bartaraf etish, ko‘makka muhtoj bo‘lganlarga moddiy yordamlar ko‘rsatish va peshin namozida jamoat bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish reja qilindi.
Mazkur tadbirlar oldidan viloyat vakilligi mas’ul xodimi Hasanxon domla Temirov imom-xatiblar bilan uchrashib, rahbariyatning ko‘rsatma va topshiriqlarini yetkazdi. Shundan so‘ng imom-xatiblar o‘zlari biriktirilgan joylarga tarqaldilar.
Alloh taolo bu xayrli ishlarni bardavom va manfaatli qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati