Insonlar bilan yaqin bo‘lib, ularning muammolarini yechish, kamchiliklarini to‘g‘irlash, ehtiyojmandlarga ko‘makdosh bo‘lish maqsadida Samarqand viloyati vakilligi, shahar va tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imom-xatiblar hamda 18 nafar xoji otalar Samarqand tumanida yig‘ildi.
Ushbu tumandagi 6 ta masjid imom-xatiblari bilan hamkorlikda 18 ta mahalladagi 60 dan ziyod xonadonga borib, nizoli va muammoli holatlarni mahalla ishtirokida bartaraf etish, ko‘makka muhtoj bo‘lganlarga moddiy yordamlar ko‘rsatish va peshin namozida jamoat bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish reja qilindi.
Mazkur tadbirlar oldidan viloyat vakilligi mas’ul xodimi Hasanxon domla Temirov imom-xatiblar bilan uchrashib, rahbariyatning ko‘rsatma va topshiriqlarini yetkazdi. Shundan so‘ng imom-xatiblar o‘zlari biriktirilgan joylarga tarqaldilar.
Alloh taolo bu xayrli ishlarni bardavom va manfaatli qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Iordaniya poytaxtida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbir O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi tomonidan mamlakatimizning Iordaniyadagi faxriy konsuli Lauy Abug‘azaliy ko‘magida tashkil etildi.
Bayram tantanasida diplomatik korpus, Iordaniyaning davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli ishbilarmonlar, yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mehmonlar O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar natijalari bilan tanishtirildi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning sarmoyaviy imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, mamlakatimizning investitsion salohiyati, turizmni rivojlantirish, boy tarixiy-madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi sayyohlik va gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan turizm imkoniyatlari, qadimiy shaharlar va madaniy obidalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 2 iyun kuni O‘zbekistonning qarorgohi Ar-Riyod shahrida bo‘lgan Iordaniyadagi elchisi Nodirjon Turg‘unov Qirol Abdulla II ibn al-Husaynga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati