Alhamdulillah, har kuni erta tongda to‘rt muchangiz sog‘-salomat uyg‘onasiz. Ko‘zlaringiz ko‘ryapti, quloqlaringiz eshityapti, qo‘l-oyoqlaringiz harakatlanyapti. Buning barchasi Allohning marhamatidandir. Alloh taoloning bergan bu ne’matlarining shukronasini qanday ado etish mumkin?!
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz bo‘g‘in va suyaklar ustida tong ottirganingiz uchun bir sadaqa bor. Har bir tasbehingiz – sadaqa. Har bir tahmid (Alhamdulillah) – sadaqa, har bir tahlil (Laa ilaha illalloh) – sadaqa, har bir takbir – sadaqa, yaxshilikka buyurishingiz ham, yomonlikdan qaytarishingiz ham sadaqadir. Endi bularning hammasi uchun ikki rakat zuho namoz o‘qishingiz kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Allohning bergan ofiyat ne’matiga shukr qilish uni yanada ziyoda qiladi. Axir ofiyatdan ham ulug‘roq ne’mat bormi?
Allohning bergan behisob ne’matlarining shukri uchun ikki rakat zuho namozini ado eting! Robbimizning karami kengligini, o‘ta saxiyligini qarang, bor yo‘g‘i 2 yoki 3 daqiqada ado etiladigan ikki rakat namozingizni shukrona sifatida qabul qilyapti. Bundan tashqari, Alloh taolo: "Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilaman" deb marhamat qilgan. Agar Alloh taoloning sizga bergan ofiyat ne’mati uchun shukr qilsangiz, hech shak-shubhasiz Alloh sizga O‘zining marhamati va fazli bilan ne’matlarini yanada ziyoda qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zuho namozini ado etganlarga haj va umraning savobi mukammal hamda to‘liq berilishini 3 marotaba takrorladilar. Qanday qilib inson osongina harakat bilan shunday ulkan mukofotlarga erishishdan mahrum qolishi mumkin? Alloh taolo O‘zining marhamati ila bu amalni oson qilib qo‘ydi. Bu namozning ado etilishi oson bo‘lsa-da, unda qanchadan-qancha fazilatlar bor.
Alloh taolo bizga bir sadaqamizni yetti yuz barobar ko‘paytirib berishini va’da qildi. Shunday ekan, nega endi muhtojlarga ehson qilishga ikkilanamiz?!
Rivoyatlarda kelishicha, Muhallabiy degan bir vazir o‘tgan bo‘lib, avvalboshda kambag‘al bo‘lgan ekan. Dunyo matohlaridan biror narsasi bo‘lmagan ham ekan. Shu holida u safar qiladi. Borgan joyida ham yeyishga biror narsa topa olmaydi. Go‘sht yeyishni qattiq ishtaha qilsa-da, go‘shtga yetgulik pul topa olmaydi va:
Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu,
Bul maiyshat xayrsiz bo‘ldi manga,
Vooh, bu hayotdin o‘lim totli bo‘lurmu,
Bu xushsiz hayotdin kelib mani xalos etsa…
U kishining hamsafari bo‘lib, ismi Abu Abdulloh So‘fiy edi. U baytni eshitib, bir dirhamga go‘sht sotib olib, pishirib Muhallabiyning qo‘liga tutqazadi. Keyin esa ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ajralib ketishadi.
Kunlar o‘tib Muhallabiy Bag‘dodda vazir darajasiga ko‘tariladi. Bu yoqda Abu Abdulloh So‘fiyning sharoiti og‘irlashib, qiynalib qoladi. U vazirning huzuriga boradi va bir parcha qog‘oz berib, uni soqchidan kirgizib yuboradi. Qog‘ozda quyidagilar yozilgan edi:
Ayo vaziringga yetkaz, unga jonimni fido ayladim,
Yigit hech zamon gapin yoddan chiqarmas.
Yodingdamu yo‘qchilikdan qiynalib aytgan gaping,
“Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu” deganing…
Vazir Muhallabiy xatni o‘qigach, o‘tgan kunlari yodiga tushib, go‘sht yegisi kelganida go‘sht olib pishirib bergan hamsafarini eslaydi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, Allohning ne’matlari ichida yayrab yashayotganini, qanday qilib bu martabalarga erishib, xalifaning vaziri bo‘lib qolgani haqida tafakkur qiladi. Keyin esa: “Bu xatni yozgan kishiga yetti yuz dirham berib yuboringlar”, deb buyuradi va xat ostiga javob tariqasida mana bu oyatni yozib qo‘yadi:
«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchi kishilarning (savobining) misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi...»[1] (ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda).
Bu orqali vazir hamsafariga “Menga bir dirham evaziga olib bergan go‘shting haqqini Alloh taolo yetmish barobar ko‘paytirib berdi”, demoqchi edi.
Shoir aytadi:
Yaxshilik o‘gurganning mukofoti yo‘qolmagay hech,
Xoliqu xalq orasindagi sunnat zoil o‘lmagay hech.
Hech bir kishidan minnatdorchilik kutmang!
Hakimlardan biri aytadi: “Kim qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik, rahmat kutsa, shubhasiz, u oxirat savobini dunyoda olishga shoshilibdi”.
Yaxshilik qilish maqtovga arzirli xarajatdir
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: “Har narsada isrof bor, illoki husni xulqni qo‘lga kiritishda, yaxshilik qilishda, odamgarchilikni yuzaga chiqarishda isrof yo‘q”.
Bir hakim zotning gapini doimo yodingizda tuting: “Yaxshilik qiluvchi kishi hech chohga tushmaydi. Mabodo tushgan taqdirda ham, bir tirgak topadi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 261-oyat.