Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zulmatli asrlar davomida chuqur uyquda yotgan Yevropa turli omillar, jumladan, Islom tamadduni ta’siri tufayli uyg‘onib ko‘zini ochganidan keyin asta harakatlana boshladi. Mazkur harakatlanish davomida Xudoni o‘ldirib, qayta tirilmaydigan qilib ko‘mib qo‘ygani uchun Alloh taoloning ko‘rsatmasi asosida emas, havoyi nafsi va shaytonning ko‘rsatmasi asosida ish ko‘ra boshladi. Yevropa o‘zi uchun nimani foydali deb bilsa, o‘shani amalga oshirishni farz va vojib deb biladigan holga tushdi. Uning ayshi ishrati uchun o‘zidagi imkoniyatlar yetishmay qoldi. Boshqalarning tabiiy boyliklari va imkoniyatlarini tortib olib huzur halovat qilish payiga tushdi. Bu yovuz niyatga erishish borasida qiladigan bosqinchilikka tayyorgarlik ko‘rishni esa, o‘ziga niqob qilib olgan munofiqlik asosida «Buyuk kashfiyotlar harakati» deb nomladi.
Bu boradagi ma’lumotlarni odatimizga binoan yevropaliklarning o‘zidan, ularning saytlaridan biridan olamiz:
Uyg‘onish davri falsafasining rivojlanishi yuzasidan xulosa chiqarar ekanmiz, ta’kidlash lozimki, bu davrning falsafasi o‘z yangiliklarini asosan antik davrga suyanib amalga oshirgan va o‘rta asrdan meros qilib olingan barcha yaxshi narsalarni o‘z ichiga olgan bo‘lsa-da, u falsafa taraqqiyotining yangi bosqichi bo‘lgani shubhasizdir.
Uyg‘onish davri falsafasining asosiy xarakterli jihatlari quyidagilardan iborat:
- gumanizm – insonni ulug‘lash;
- antropotsentrizm – tadqiqot markazida Xudo emas, inson turadi;
- dunyoviylashtirish – cherkov ta’siridan xalos bo‘lish;
- panteizm – tajribaviy fanlarning barpo bo‘lishi va teologiyadan (ilohiyotdan) holi bo‘lgan ilmiy-materialistik tushunchaning shakllanishi;
- ijtimoiy muammolarga, jamiyat va davlatga qiziqishning kuchliligi va ijtimoiy tenglik g‘oyalarini ilgari surish.
Shunday qilib, Uyg‘onish davri madaniyati Yangi davr falsafiy yutuqlarining jadal rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Eng muhimi – tafakkur yo‘nalishining sxolastikadan* voqe’lik tomon burilishi, falsafiy g‘oyalarning inson va tabiat tomon tomon yuzlanishi yuz berdi. Falsafa va ilm-fanga amaliy yo‘nalish berildi – shu paytdan boshlab falsafa va madaniyatning asosiy e’tibori Xudo emas, insonga qaratildi.
Izoh: Sxolastika:
1. cherkovning diniy aqiydalarini nazariy asoslashga qaratilgan quruq safsatadan iborat o‘rta asrlar falsafasi;
2. quruq safsata, puch ilm, tajribaga asoslanmagan soxta bilim.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati