Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Noyabr, 2026   |   28 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:42
Quyosh
07:02
Peshin
12:12
Asr
15:29
Shom
17:14
Xufton
18:29
Bismillah
08 Noyabr, 2026, 28 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Sovchilik

13.12.2024   14747   5 min.
Sovchilik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

«Sovchilik» degani muayyan bir ayol yoki qizga uylanish istagini uning o‘ziga yoki valiysiga bildirishdir. Aslida, ayol kishining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan kuyovning o‘ziga yoki uning oila tarafiga sovchilik qilinishi ham mumkin.

Bu bildirish uylanmoqchi kishining o‘zi yoki uning vakili tomonidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sovchilikni nikohi istalgan shaxsga yoki uning ishboshilaridan biriga bildirish ham mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlarida u kishining otalari Umar roziyallohu anhuga sovchilik qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanganlarida u kishining o‘zlariga sovchilik qilganlar.

Faziylatli kishilarga ayolning o‘zi, ota-onasi yoki ishboshilaridan biri sovchilik qilishi joiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ba’zi ayollar kelib, o‘zini nikohlab olishlarini so‘raganlar.

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَتْهُ امْرَأَةٌ تَعْرِضُ نَفْسَهَا عَلَيْهِ فَخَفَّضَ فِيهَا النَّظَرَ وَرَفَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّ امْرَأَةً عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَضَحِكَتِ ابْنَةُ أَنَسٍ، فَقَالَتْ: مَا كَانَ أَقَلَّ حَيَاءَهَا فَقَالَ أَنَسٌ: هِيَ خَيْرٌ مِنْكِ عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir ayol kelib, u kishiga o‘zini taqdim qildi. U zot unga boshdan-oyoq nazar solib qaradilar" (Beshovlari rivoyat qilganlar).

Boshqa bir rivoyatda: Anas: «Bir ayol o‘zini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taqdim qildi», dedi.

Anasning qizi kulib: «Muncha ham hayosi oz ekan!», dedi. Shunda Anas: «U sendan yaxshiroq. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zini taqdim qildi», dedi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَأَيَّمَتْ حَفْصَةُ مِنْ خُنَيْسِ بْنِ حُذَافَةَ السَّهْمِيِّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم تُوُفِّيَ بِالْمَدِينَةِ، فَقَالَ عُمَرُ: عَرَضْتُ حَفْصَةَ عَلَى عُثْمَانَ، فَقَالَ: سَأَنْظُرُ فِي أَمْرِي، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ ثُمَّ لَقِيَنِي، فَقَالَ: قَدْ بَدَا لِي أَلَّا أَتَزَوَّجَ يَوْمِي هَذَا. فَلَقِيتُ أَبَا بَكْرٍ الصِّدِّيقَ فَقُلْتُ: إِنْ شِئْتَ زَوَّجْتُكَ حَفْصَةََ، فَصَمَتَ أَبُو بَكْرٍ، وَكُنْتُ أَوْجَدَ عَلَيهِ مِنِّي عَلَى عُثْمَانَ، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ، ثُمَّ خَطَبَهَا رَسُولُ اللهِ، فَأَنْكَحْتُهَا إِيَّاهُ، فَلَقِيَنِي أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ: لَعَلَّكَ وَجَدْتَ عَلَيَّ حِينَ عَرَضْتَ عَلَيَّ حَفْصَةَ فَلَمْ أَرْجِعْ إِلَيْكَ شَيْئًا، قَالَ عُمَرُ: قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّهُ لَمْ يَمْنَعْنِي أَنْ أَرْجِعَ إِلَيْكَ فِيمَا عَرَضْتَ عَلَيَّ إِلَّا أَنِّي كُنْتُ عَلِمْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَدْ ذَكَرَهَا، فَلَمْ أَكُنْ لِأُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم، وَلَوْ تَرَكَهَا قَبِلْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hafsa Xunays ibn Huzafa as-Sahmiydan beva qoldi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lib, Madinada vafot etgan edi. Bas, Umar aytdi: «Hafsani Usmonga taqdim qildim. U «O‘ylab ko‘ray-chi», dedi. Bir necha kun kutdim. So‘ng u menga uchrab, «Hozirgi kunda uylanmay turganim ma’qulga o‘xshaydi», dedi.

Abu Bakr Siddiqqa uchrab, «Xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman», dedim. Abu Bakr indamadi. O‘shanda undan Usmondan achchig‘im chiqqanidan ko‘ra ko‘proq achchig‘im chiqdi. Bir necha kun turganimdan so‘ng unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘ldilar va men uni u zotga nikohlab berdim. So‘ngra Abu Bakr menga uchrab:

«Hafsani menga taqdim qilganingda, men esa senga javob bermaganimda, achchig‘ing chiqqan bo‘lsa kerak?» dedi.

«Ha», dedim.

«Meni senga javob berishdan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uni zikr qilganlarini eshitganim man qildi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilishim mumkin emas edi. U zot tark qilganlarida, uni qabul qilar edim», dedi Abu Bakr».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Bizning sharoitimizda, odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki ular tayinlagan kishilar tomonidan kelinlikka nomzodning ota-onasiga yoki oila a’zolariga qilinadi.

Aytaylik, mazkur ish sodir bo‘ldi. Erkak tomondan ayol-qiz tomonga sovchilik qilindi. Endi ayol-qiz taraf munosib kuyov tanlash majburiyatida qoladi. Albatta, ular ham bu tanlashda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi va bunday o‘ta nozik, umr savdosi bo‘lgan ishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi YUNЕSKOda Movarounnahr buyuk allomalari merosini taqdim etdi

09.10.2026   99164   7 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi YUNЕSKOda Movarounnahr buyuk allomalari merosini taqdim etdi

YUNЕSKOning Parijdagi Bosh qarorgohida «Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Markaziy Osiyo olimlarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, ilm-fan, madaniyat va ta’lim sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi, xabar bermoqda iccu.uz.

Xalqaro konferensiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKOdagi Doimiy vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasining YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Elchixonasi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF), O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan tashkil etildi.

Konferensiyada YUNЕSKO rahbariyati, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar, yetakchi universitetlar, ilmiy institutlar, muzey va kutubxonalar vakillaridan iborat 300 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Xalqaro auditoriya uchun rus, ingliz va fransuz tillarida sinxron tarjima ta’minlandi.

«Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida ilgari surgan tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidlab, ushbu bebaho merosni jahon hamjamiyatiga yetakchi xalqaro maydonlarda — Parijdagi YUNЕSKO Bosh qarorgohida hamda BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi maydonlarida taqdim etish tashabbusini ilgari surgan edi. Bugun Parijda o‘tkazilayotgan konferensiya ushbu keng ko‘lamli tashabbusni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir», — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori doktor Firdavs Abduxoliqov.

Konferensiya ishtirokchilariga YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Prezidenti Hongker M. Talxa janoblari hamda YUNЕSKO Ijroiya kengashi raisi doktor Nosir bin Hamad al-Hinzob tabrik so‘zlari bilan murojaat qildi.

«Bugun bizni asrlar davomida xalqlar o‘rtasidagi muloqotga asos bo‘lib xizmat qilgan umumiy ma’naviy va madaniy meros birlashtirib turibdi. Aynan o‘zaro anglashuv va hamkorlik ruhi YUNЕSKO faoliyatining asosini tashkil etadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbusning davomi bo‘lgan bunday muhim tadbirni tashkil etgani uchun O‘zbekiston Hukumati va YUNЕSKOga samimiy minnatdorlik bildiraman», — ta’kidladi Hongker M. Talxa.

Shuningdek, konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonning YUNЕSKOdagi Doimiy vakili, Favqulodda va Muxtor Elchi Kamol Muxtorov hamda YUNЕSKO Bosh direktorining tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Deniz Pires de Karvalyu murojaat qildi.

Konferensiyaning markaziy voqeasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bo‘ldi. Unda xalqaro hamjamiyatga Markazning o‘ziga xos konsepsiyasi, keng ko‘lamli ilmiy va muzey ishlari natijalari, shuningdek, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.

Markaz ekspozitsiyasi bugungi O‘zbekiston hududidagi sivilizatsiyalar tarixining uch ming yildan ziyod davrini — qadimgi madaniyatlardan tortib, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari orqali Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni qamrab oladi. Noyob qo‘lyozmalarni asrash, tarixiy artefaktlarni o‘rganish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanishga qaratilgan loyihalar ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Konferensiyaga Parijga maxsus tashrif buyurib, tadbirda ishtirok etgan va ma’ruzalar qilgan nufuzli xalqaro ilmiy hamda madaniy tashkilotlar rahbarlarining ishtiroki alohida ahamiyat bag‘ishladi. Ular orasida Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farhan Nizomiy, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori professor Maxmud Erol  Qilich, «Al-Furqon» Islom merosi jamg‘armasi ijrochi direktori Sali Shahsivari, Milan universiteti dizayni professori Mario Taddei, Islom hamkorlik tashkilotining YUNЕSKOdagi vakili doktor Salima Dalibey, Jeneva Diplomatik doirasi prezidenti Robert Blum, shuningdek, Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan bor.

Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy Markaziy Osiyoning madaniy boyligini alohida ta’kidladi:

«O‘zbekistonning tarixiy ko‘chalari bo‘ylab yurar ekanmiz, biz shunchaki go‘zal binolar va qadimiy yodgorliklarni emas, balki yuksak va jo‘shqin madaniyat, ijod, yaqin aloqalar hamda madaniy almashinuvning guvohlarini ham ko‘ramiz».

ISESCO bosh direktori doktor Salim Al-Malik  maxsus ma’ruza bilan ishtirok etdi:

Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydonda, xususan YUNЕSKOda taqdim etilishi juda muhim. O‘zbekistonga borib, markazni ko‘rish imkoniga ega bo‘lmagan insonlar, hech bo‘lmaganda uni YUNЕSKOda ko‘rishlari mumkin. Bu orqali Islom sivilizatsiyasining tinchlik, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi namoyon etilmoqda. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasini doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan O‘zbekiston Prezidenti, janob oliylari Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressan Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ahamiyatini yuqori baholadi:

«O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi bugun Markaziy Osiyodagi, ehtimol, butun dunyodagi eng yirik madaniy va muzey majmualaridan biri hisoblanadi. U uzoq vaqt davomida yetarlicha ma’lum bo‘lmagan islomiy ilmiy va madaniy merosning beqiyos boyligini ochib berish, uni keng targ‘ib etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan».

Konferensiyaning ilmiy dasturi Markaziy Osiyoning ma’naviy va intellektual merosi, Islom sivilizatsiyasi markazining ilm-fan va madaniyat sohasidagi xalqaro platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, Movarounnahr buyuk allomalarining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan uchta tematik sessiyani qamrab oldi.

Ilmiy dasturda O‘zbekistonning yetakchi ilmiy va davlat muassasalari vakillarining chiqishlari alohida o‘rin egalladi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari, professor Davronbek Mahsudov, Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi, professor Zohidullo Munavvarov, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakili Nodira Mustafayeva ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Ma’ruzalar Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy merosini o‘rganish va asrash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, tarixiy manbalarni raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yetakchi xorijiy ilmiy va madaniy muassasalar bilan yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar.

Xalqaro konferensiyaning yorqin yakuni YUNЕSKO Bosh qarorgohida o‘tkazilgan tantanali qabul bo‘ldi. Unda yuqori martabali mehmonlar, diplomatlar, olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari jam bo‘ldi. Kechaga YUNЕSKO Bosh direktori Xolid al-Ananiyning ishtiroki alohida ahamiyat bag‘ishladi. U mehmonlarni shaxsan qutlab, o‘tkazilgan tadbirning yuksak xalqaro maqomiga urg‘u berdi.

Kechki dastur doirasida Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy, madaniy va ma’rifiy loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tantanali qabul ishtirokchilarga kasbiy muloqotni davom ettirish, fikr va g‘oyalar almashish, shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.

Parij konferensiyasi g‘oyasi ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari