Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Sovchilik» degani muayyan bir ayol yoki qizga uylanish istagini uning o‘ziga yoki valiysiga bildirishdir. Aslida, ayol kishining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan kuyovning o‘ziga yoki uning oila tarafiga sovchilik qilinishi ham mumkin.
Bu bildirish uylanmoqchi kishining o‘zi yoki uning vakili tomonidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sovchilikni nikohi istalgan shaxsga yoki uning ishboshilaridan biriga bildirish ham mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlarida u kishining otalari Umar roziyallohu anhuga sovchilik qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanganlarida u kishining o‘zlariga sovchilik qilganlar.
Faziylatli kishilarga ayolning o‘zi, ota-onasi yoki ishboshilaridan biri sovchilik qilishi joiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ba’zi ayollar kelib, o‘zini nikohlab olishlarini so‘raganlar.
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَتْهُ امْرَأَةٌ تَعْرِضُ نَفْسَهَا عَلَيْهِ فَخَفَّضَ فِيهَا النَّظَرَ وَرَفَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّ امْرَأَةً عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَضَحِكَتِ ابْنَةُ أَنَسٍ، فَقَالَتْ: مَا كَانَ أَقَلَّ حَيَاءَهَا فَقَالَ أَنَسٌ: هِيَ خَيْرٌ مِنْكِ عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir ayol kelib, u kishiga o‘zini taqdim qildi. U zot unga boshdan-oyoq nazar solib qaradilar" (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda: Anas: «Bir ayol o‘zini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taqdim qildi», dedi.
Anasning qizi kulib: «Muncha ham hayosi oz ekan!», dedi. Shunda Anas: «U sendan yaxshiroq. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zini taqdim qildi», dedi.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَأَيَّمَتْ حَفْصَةُ مِنْ خُنَيْسِ بْنِ حُذَافَةَ السَّهْمِيِّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم تُوُفِّيَ بِالْمَدِينَةِ، فَقَالَ عُمَرُ: عَرَضْتُ حَفْصَةَ عَلَى عُثْمَانَ، فَقَالَ: سَأَنْظُرُ فِي أَمْرِي، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ ثُمَّ لَقِيَنِي، فَقَالَ: قَدْ بَدَا لِي أَلَّا أَتَزَوَّجَ يَوْمِي هَذَا. فَلَقِيتُ أَبَا بَكْرٍ الصِّدِّيقَ فَقُلْتُ: إِنْ شِئْتَ زَوَّجْتُكَ حَفْصَةََ، فَصَمَتَ أَبُو بَكْرٍ، وَكُنْتُ أَوْجَدَ عَلَيهِ مِنِّي عَلَى عُثْمَانَ، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ، ثُمَّ خَطَبَهَا رَسُولُ اللهِ، فَأَنْكَحْتُهَا إِيَّاهُ، فَلَقِيَنِي أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ: لَعَلَّكَ وَجَدْتَ عَلَيَّ حِينَ عَرَضْتَ عَلَيَّ حَفْصَةَ فَلَمْ أَرْجِعْ إِلَيْكَ شَيْئًا، قَالَ عُمَرُ: قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّهُ لَمْ يَمْنَعْنِي أَنْ أَرْجِعَ إِلَيْكَ فِيمَا عَرَضْتَ عَلَيَّ إِلَّا أَنِّي كُنْتُ عَلِمْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَدْ ذَكَرَهَا، فَلَمْ أَكُنْ لِأُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم، وَلَوْ تَرَكَهَا قَبِلْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hafsa Xunays ibn Huzafa as-Sahmiydan beva qoldi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lib, Madinada vafot etgan edi. Bas, Umar aytdi: «Hafsani Usmonga taqdim qildim. U «O‘ylab ko‘ray-chi», dedi. Bir necha kun kutdim. So‘ng u menga uchrab, «Hozirgi kunda uylanmay turganim ma’qulga o‘xshaydi», dedi.
Abu Bakr Siddiqqa uchrab, «Xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman», dedim. Abu Bakr indamadi. O‘shanda undan Usmondan achchig‘im chiqqanidan ko‘ra ko‘proq achchig‘im chiqdi. Bir necha kun turganimdan so‘ng unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘ldilar va men uni u zotga nikohlab berdim. So‘ngra Abu Bakr menga uchrab:
«Hafsani menga taqdim qilganingda, men esa senga javob bermaganimda, achchig‘ing chiqqan bo‘lsa kerak?» dedi.
«Ha», dedim.
«Meni senga javob berishdan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uni zikr qilganlarini eshitganim man qildi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilishim mumkin emas edi. U zot tark qilganlarida, uni qabul qilar edim», dedi Abu Bakr».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Bizning sharoitimizda, odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki ular tayinlagan kishilar tomonidan kelinlikka nomzodning ota-onasiga yoki oila a’zolariga qilinadi.
Aytaylik, mazkur ish sodir bo‘ldi. Erkak tomondan ayol-qiz tomonga sovchilik qilindi. Endi ayol-qiz taraf munosib kuyov tanlash majburiyatida qoladi. Albatta, ular ham bu tanlashda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi va bunday o‘ta nozik, umr savdosi bo‘lgan ishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Viloyat hokimi A.Boboyev Nabaviy meros bo‘yicha xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Malayziyaning Perlis shtati valiahd shahzodasi Tuanku Sayyid Fayzuddin Putra ibn Tuanku Sayyid Sirojiddin Jamolullayl boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
«Zarafshon» nashri xabariga ko‘ra, muloqot avvalida A.Boboyev mehmonlarni Samarqandga tashrifi bilan qutlab, keyingi yillarda davlat rahbarlarining samarali tashqi siyosati va do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlab borayotganini ta’kidladi. Xususan, turizm sohasidagi aloqalar yil sayin mustahkamlanib, qamrovi kengaymoqda.
– Yil boshidan buyon Samarqandga kelgan malayziyalik sayyohlar avvalgi yilga nisbatan uch barobar oshgani ko‘p narsadan dalolat beradi, – dedi A.Boboyev. – Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish maqsadida har yili delegatsiyalar tashriflari amalga oshirilmoqda. Yangidan barpo etilgan Imom Buxoriy majmuasi hududidagi mehmonxonalardan biri bugungi kunda malayziyalik tadbirkor tomonidan boshqarilmoqda. Ushbu davlatdagi “Nasirul Qur’on” nashriyoti Imom Buxoriy majmuasi uchun 20 ming dona Qur’on sovg‘a qilgani diniy-ma’rifiy, ziyorat turizmi yo‘nalishidagi aloqalarimiz mustahkamlanib borayotgani natijasidir. Perlis shtati muftiysi, professor, Dato doktor Muhammad Asri Zaynul Obiddin janobalari esa O‘zbekistonning Malayziyadagi turizm elchisi hamda Samarqandning yaqin do‘sti hisoblanadi.
Perlis shtati valiahd shahzodasi Nabaviy meros bo‘yicha X xalqaro anjuman Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida o‘tkazilayotgani uchun minnatdorlik bildirib, bu O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va diniy-ma’rifiy sohalardagi yaqin hamkorlikning natijasi ekanligini qayd etdi.
– Payg‘ambarimiz ilmiy merosiga bag‘ishlangan nufuzli anjuman doirasida yana Samarqandda bo‘lish, buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish baxti nasib etganidan xursandman, – dedi Tuanku Sayyid Fayzuddin Putra ibn Tuanku Sayyid Sirojiddin Jamolullayl. – Men O‘zbekistonga, jumladan, Samarqandga bir necha bor kelganman. Lekin bugun kelib shunga amin bo‘ldimki, 2012 yildagi oxirgi tashrifimdan keyin bu yurtda olamshumul o‘zgarishlar amalga oshirilibdi. Ayniqsa, Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilgani, bu qutlug‘ qadamjoning ko‘rku salobatini ko‘rib, hayratda qoldim. Bu O‘zbekistoning 1991 yilda mustaqil davlat sifatida paydo bo‘lishini emas, balki uch ming yillik tarix, boy davlatchilik an’analariga ega mamlakat ekanligini ko‘rsatadi.
Muloqot davomida tomonlar Samarqand viloyati va Perlis shtati o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati