Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Oktabr, 2026   |   9 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:21
Quyosh
06:40
Peshin
12:08
Asr
15:52
Shom
17:39
Xufton
18:54
Bismillah
20 Oktabr, 2026, 9 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Sovchilik

13.12.2024   10959   5 min.
Sovchilik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

«Sovchilik» degani muayyan bir ayol yoki qizga uylanish istagini uning o‘ziga yoki valiysiga bildirishdir. Aslida, ayol kishining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan kuyovning o‘ziga yoki uning oila tarafiga sovchilik qilinishi ham mumkin.

Bu bildirish uylanmoqchi kishining o‘zi yoki uning vakili tomonidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sovchilikni nikohi istalgan shaxsga yoki uning ishboshilaridan biriga bildirish ham mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlarida u kishining otalari Umar roziyallohu anhuga sovchilik qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanganlarida u kishining o‘zlariga sovchilik qilganlar.

Faziylatli kishilarga ayolning o‘zi, ota-onasi yoki ishboshilaridan biri sovchilik qilishi joiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ba’zi ayollar kelib, o‘zini nikohlab olishlarini so‘raganlar.

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَتْهُ امْرَأَةٌ تَعْرِضُ نَفْسَهَا عَلَيْهِ فَخَفَّضَ فِيهَا النَّظَرَ وَرَفَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّ امْرَأَةً عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَضَحِكَتِ ابْنَةُ أَنَسٍ، فَقَالَتْ: مَا كَانَ أَقَلَّ حَيَاءَهَا فَقَالَ أَنَسٌ: هِيَ خَيْرٌ مِنْكِ عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir ayol kelib, u kishiga o‘zini taqdim qildi. U zot unga boshdan-oyoq nazar solib qaradilar" (Beshovlari rivoyat qilganlar).

Boshqa bir rivoyatda: Anas: «Bir ayol o‘zini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taqdim qildi», dedi.

Anasning qizi kulib: «Muncha ham hayosi oz ekan!», dedi. Shunda Anas: «U sendan yaxshiroq. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zini taqdim qildi», dedi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَأَيَّمَتْ حَفْصَةُ مِنْ خُنَيْسِ بْنِ حُذَافَةَ السَّهْمِيِّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم تُوُفِّيَ بِالْمَدِينَةِ، فَقَالَ عُمَرُ: عَرَضْتُ حَفْصَةَ عَلَى عُثْمَانَ، فَقَالَ: سَأَنْظُرُ فِي أَمْرِي، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ ثُمَّ لَقِيَنِي، فَقَالَ: قَدْ بَدَا لِي أَلَّا أَتَزَوَّجَ يَوْمِي هَذَا. فَلَقِيتُ أَبَا بَكْرٍ الصِّدِّيقَ فَقُلْتُ: إِنْ شِئْتَ زَوَّجْتُكَ حَفْصَةََ، فَصَمَتَ أَبُو بَكْرٍ، وَكُنْتُ أَوْجَدَ عَلَيهِ مِنِّي عَلَى عُثْمَانَ، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ، ثُمَّ خَطَبَهَا رَسُولُ اللهِ، فَأَنْكَحْتُهَا إِيَّاهُ، فَلَقِيَنِي أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ: لَعَلَّكَ وَجَدْتَ عَلَيَّ حِينَ عَرَضْتَ عَلَيَّ حَفْصَةَ فَلَمْ أَرْجِعْ إِلَيْكَ شَيْئًا، قَالَ عُمَرُ: قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّهُ لَمْ يَمْنَعْنِي أَنْ أَرْجِعَ إِلَيْكَ فِيمَا عَرَضْتَ عَلَيَّ إِلَّا أَنِّي كُنْتُ عَلِمْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَدْ ذَكَرَهَا، فَلَمْ أَكُنْ لِأُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم، وَلَوْ تَرَكَهَا قَبِلْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hafsa Xunays ibn Huzafa as-Sahmiydan beva qoldi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lib, Madinada vafot etgan edi. Bas, Umar aytdi: «Hafsani Usmonga taqdim qildim. U «O‘ylab ko‘ray-chi», dedi. Bir necha kun kutdim. So‘ng u menga uchrab, «Hozirgi kunda uylanmay turganim ma’qulga o‘xshaydi», dedi.

Abu Bakr Siddiqqa uchrab, «Xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman», dedim. Abu Bakr indamadi. O‘shanda undan Usmondan achchig‘im chiqqanidan ko‘ra ko‘proq achchig‘im chiqdi. Bir necha kun turganimdan so‘ng unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘ldilar va men uni u zotga nikohlab berdim. So‘ngra Abu Bakr menga uchrab:

«Hafsani menga taqdim qilganingda, men esa senga javob bermaganimda, achchig‘ing chiqqan bo‘lsa kerak?» dedi.

«Ha», dedim.

«Meni senga javob berishdan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uni zikr qilganlarini eshitganim man qildi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilishim mumkin emas edi. U zot tark qilganlarida, uni qabul qilar edim», dedi Abu Bakr».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Bizning sharoitimizda, odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki ular tayinlagan kishilar tomonidan kelinlikka nomzodning ota-onasiga yoki oila a’zolariga qilinadi.

Aytaylik, mazkur ish sodir bo‘ldi. Erkak tomondan ayol-qiz tomonga sovchilik qilindi. Endi ayol-qiz taraf munosib kuyov tanlash majburiyatida qoladi. Albatta, ular ham bu tanlashda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi va bunday o‘ta nozik, umr savdosi bo‘lgan ishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat sari dadil qadamlar

16.06.2026   21518   4 min.
Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat sari dadil qadamlar

7-11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida I Xalqaro islom forumi o‘tkaziladi. Mazkur nufuzli tadbir haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dots.nti Obid Tangirov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Globallashuv sharoitida xalqlar o‘rtasidagi madaniy va diniy muloqotni mustahkamlash, yosh avlodni bag‘rikenglik, insonparvarlik va tinchliksevarlik ruhida tarbiyalash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, axborot makonida turli yot g‘oyalar, ekstremizm va radikalizm tahdidlari kuchayib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarda mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy muassasadir. Markaz ekspozitsiyalari, ilmiy loyihalari va ma’rifiy tadbirlari orqali O‘zbekiston zaminida turli millat va din vakillari asrlar davomida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida yashab kelgani haqidagi tarixiy haqiqatlar keng yoritib berilmoqda.

Markaz muzeyidagi “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans”, “Qur’on zali” hamda “Sivilizatsiya va kashfiyotlar devori” ekspozitsiyalari qadimdan to bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni qamrab oladi. Ular Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etib, yoshlarda milliy g‘urur va boshqa xalqlarga nisbatan hurmat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.

Markaz tomonidan tashkil etilayotgan ekskursiyalar, ko‘rgazmalar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va ochiq muloqotlar yoshlarni ekstremizm, mutaassiblik va radikal g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda tanqidiy fikrlash va sog‘lom dunyoqarashni qaror toptirishga ko‘maklashmoqda.

7-11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida I Xalqaro islom forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Forumning asosiy tashkilotchisi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lib, uning bosh xalqaro hamkori ICESCO hisoblanadi. Mazkur nufuzli anjumanda Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevropa davlatlaridan 300 dan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, din arboblari va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Forumning asosiy maqsadi islom sivilizatsiyasining insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, uni tinchlik, bilim va bunyodkorlik sivilizatsiyasi sifatida namoyon etish hamda xalqaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Forum doirasida yuqori darajadagi yalpi majlislar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, islom xattotligi va qo‘lyozmalari ko‘rgazmalari, noyob manbalar taqdimotlari, hujjatli filmlar namoyishi va qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun mamlakatimizning boy islomiy meros obyektlariga sayohatlar uyushtirilishi rejalashtirilgan. Markaz faoliyatida buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ularning ilm-fan, ma’rifat, bag‘rikenglik va insonparvarlik haqidagi qarashlari yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Forum doirasida ham Movarounnahr allomalarining islom ilohiyoti, mo‘tadillik madaniyati va sivilizatsiyalar muloqoti rivojiga qo‘shgan hissasi keng muhokama qilinadi. Bu esa yoshlarda diniy va milliy qadriyatlarga ongli munosabatni shakllantirish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Markaz faoliyati mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bilan hamohangdir. Bu yerda jamlangan nodir qo‘lyozmalar, zamonaviy kutubxona, interaktiv ekspozitsiyalar va raqamli texnologiyalar yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlarni dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, insonparvarlik va ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgan nufuzli ma’naviy-ma’rifiy muassasa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi esa mazkur maqsadlarni xalqaro miqyosda amalga oshirish, yoshlarda milliy merosga hurmat, ilm-fanga intilish va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu tashabbuslar Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, inson qadrini ulug‘lash va Uchinchi Renessans g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishning muhim ma’naviy asoslaridan biri hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur nufuzli anjuman Islomning tinchlikparvar g‘oyalari, uning nurli ma’rifatini targ‘ib etish, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro miqyosda targ‘ib va tashviq etishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.