Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Noyabr, 2026   |   27 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:41
Quyosh
07:01
Peshin
12:12
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:30
Bismillah
07 Noyabr, 2026, 27 Jumadul avval, 1448
Maqolalar

Sovchilik

13.12.2024   14296   5 min.
Sovchilik

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

«Sovchilik» degani muayyan bir ayol yoki qizga uylanish istagini uning o‘ziga yoki valiysiga bildirishdir. Aslida, ayol kishining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan kuyovning o‘ziga yoki uning oila tarafiga sovchilik qilinishi ham mumkin.

Bu bildirish uylanmoqchi kishining o‘zi yoki uning vakili tomonidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sovchilikni nikohi istalgan shaxsga yoki uning ishboshilaridan biriga bildirish ham mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlarida u kishining otalari Umar roziyallohu anhuga sovchilik qilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanganlarida u kishining o‘zlariga sovchilik qilganlar.

Faziylatli kishilarga ayolning o‘zi, ota-onasi yoki ishboshilaridan biri sovchilik qilishi joiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ba’zi ayollar kelib, o‘zini nikohlab olishlarini so‘raganlar.

عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَتْهُ امْرَأَةٌ تَعْرِضُ نَفْسَهَا عَلَيْهِ فَخَفَّضَ فِيهَا النَّظَرَ وَرَفَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّ امْرَأَةً عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَضَحِكَتِ ابْنَةُ أَنَسٍ، فَقَالَتْ: مَا كَانَ أَقَلَّ حَيَاءَهَا فَقَالَ أَنَسٌ: هِيَ خَيْرٌ مِنْكِ عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم.

Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir ayol kelib, u kishiga o‘zini taqdim qildi. U zot unga boshdan-oyoq nazar solib qaradilar" (Beshovlari rivoyat qilganlar).

Boshqa bir rivoyatda: Anas: «Bir ayol o‘zini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taqdim qildi», dedi.

Anasning qizi kulib: «Muncha ham hayosi oz ekan!», dedi. Shunda Anas: «U sendan yaxshiroq. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zini taqdim qildi», dedi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَأَيَّمَتْ حَفْصَةُ مِنْ خُنَيْسِ بْنِ حُذَافَةَ السَّهْمِيِّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم تُوُفِّيَ بِالْمَدِينَةِ، فَقَالَ عُمَرُ: عَرَضْتُ حَفْصَةَ عَلَى عُثْمَانَ، فَقَالَ: سَأَنْظُرُ فِي أَمْرِي، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ ثُمَّ لَقِيَنِي، فَقَالَ: قَدْ بَدَا لِي أَلَّا أَتَزَوَّجَ يَوْمِي هَذَا. فَلَقِيتُ أَبَا بَكْرٍ الصِّدِّيقَ فَقُلْتُ: إِنْ شِئْتَ زَوَّجْتُكَ حَفْصَةََ، فَصَمَتَ أَبُو بَكْرٍ، وَكُنْتُ أَوْجَدَ عَلَيهِ مِنِّي عَلَى عُثْمَانَ، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ، ثُمَّ خَطَبَهَا رَسُولُ اللهِ، فَأَنْكَحْتُهَا إِيَّاهُ، فَلَقِيَنِي أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ: لَعَلَّكَ وَجَدْتَ عَلَيَّ حِينَ عَرَضْتَ عَلَيَّ حَفْصَةَ فَلَمْ أَرْجِعْ إِلَيْكَ شَيْئًا، قَالَ عُمَرُ: قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّهُ لَمْ يَمْنَعْنِي أَنْ أَرْجِعَ إِلَيْكَ فِيمَا عَرَضْتَ عَلَيَّ إِلَّا أَنِّي كُنْتُ عَلِمْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَدْ ذَكَرَهَا، فَلَمْ أَكُنْ لِأُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم، وَلَوْ تَرَكَهَا قَبِلْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hafsa Xunays ibn Huzafa as-Sahmiydan beva qoldi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lib, Madinada vafot etgan edi. Bas, Umar aytdi: «Hafsani Usmonga taqdim qildim. U «O‘ylab ko‘ray-chi», dedi. Bir necha kun kutdim. So‘ng u menga uchrab, «Hozirgi kunda uylanmay turganim ma’qulga o‘xshaydi», dedi.

Abu Bakr Siddiqqa uchrab, «Xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman», dedim. Abu Bakr indamadi. O‘shanda undan Usmondan achchig‘im chiqqanidan ko‘ra ko‘proq achchig‘im chiqdi. Bir necha kun turganimdan so‘ng unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘ldilar va men uni u zotga nikohlab berdim. So‘ngra Abu Bakr menga uchrab:

«Hafsani menga taqdim qilganingda, men esa senga javob bermaganimda, achchig‘ing chiqqan bo‘lsa kerak?» dedi.

«Ha», dedim.

«Meni senga javob berishdan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uni zikr qilganlarini eshitganim man qildi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilishim mumkin emas edi. U zot tark qilganlarida, uni qabul qilar edim», dedi Abu Bakr».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Bizning sharoitimizda, odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki ular tayinlagan kishilar tomonidan kelinlikka nomzodning ota-onasiga yoki oila a’zolariga qilinadi.

Aytaylik, mazkur ish sodir bo‘ldi. Erkak tomondan ayol-qiz tomonga sovchilik qilindi. Endi ayol-qiz taraf munosib kuyov tanlash majburiyatida qoladi. Albatta, ular ham bu tanlashda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi va bunday o‘ta nozik, umr savdosi bo‘lgan ishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islohotlar shukuhiga guvoh bo‘lish ajib saodatdir

23.10.2026   51946   5 min.
Islohotlar shukuhiga guvoh bo‘lish ajib saodatdir

 

Men Qamashi tumanining Chim mahallasida tug‘ilib, katta bo‘lganman. Bundan yigirma yillar oldin qishloqdan poytaxtga talaba bo‘lib kelganman. O‘shanda qishlog‘imizdan sanoqli talaba o‘qir, ayniqsa, o‘qishga shartnoma asosida kirganlarning aksari oilaviy sharoiti tufayli o‘qiy olmasdi.
 
Talabalik paytimiz bir kursdoshim ta’tilda mehmon bo‘lib keldi. Qish. Qor qalin. Qorong‘i tushganda kelgani uchun shoshib qoldik. O‘tin masala, elektr ham yo‘q, o‘zimiz bir xonada, bir sandal ko‘zida isinib o‘tirar edik. Ora-sira bir tok berilar, shunda ham uning kuchi televizorga yetmas, chiroqlarni xiragina yoritardi.

Ota-onam borlarini to‘kib, menga shartnoma puli to‘layotgani uchun uyda mehmonga yaxshiroq taom tayyorlashga masalliq chiqmadi. O‘shanda mehmonga chiroq yorug‘ida, sandal cho‘g‘iga qo‘yib, ikkita tuxum qotirib bera oldik, xolos. Juda xijolatda qolgandim. Lekin bunday yetishmovchilik aksar joylarda kuzatilar, kursdoshim sharoitni tushunadi degan yupanchim bor edi...
Yana bir xotira bolaligimda otam rahmatli ro‘zg‘orni zo‘rg‘a eplab yurganini his qilmay, bir safar uyda shakar yo‘qligidan arazlab, maktabga och ketganim, bu bilan ularni ruhan qiynab qo‘yganim edi...
Bugun-chi!..

Har safar qishlog‘imizga farzandlarimni olib borar ekanman, o‘sha xotiralarni aytib bersam, ularga ertakday tuyuladi. Bu gaplarim nafaqat bolalarimga, balki qishlog‘imizning bugungi yoshlariga ham mubolag‘ali tuyulsa kerak. Chunki bugun ularning aksari tuproq yo‘lning yozda qanday changishi, qishda qanchalik loy bo‘lishini, sandal nimaligini bilishmasa kerak... Ular uchun issiqlik manbai sandal emas, bir tugmani bosish orqali yonadigan isitish moslamalari, yuradigan ko‘chalari ravon asfalt yo‘llar...

Shu kunlarda qishlog‘imizga davlatimiz rahbari tashrif buyurgani, Chim mahallasidagi misli ko‘rilmagan o‘zgarish­larni e’tirof etganini ko‘rib, bundan bor-yo‘g‘i yigirma yil oldingi o‘sha sharoitlar yodimga tushdi. Qalbimni katta quvonch, faxr-iftixor egalladi. Ayniqsa, yigirma mingga yaqin aholi yashaydigan Chimda bugun ishsiz ham, kambag‘al ham qolmagani, mahallamiz butun mamlakatdagi boshqa qishloqlarga namuna qilib ko‘rsatilgani hayajonimni oshirdi. Kunlar kelib qadrdon Chim qishlog‘im butun mamlakatga zamonaviy va obod mahallaning yorqin namunasi bo‘lishini o‘shanda xayolimga ham keltirmagandim.

Bugun Chimning ko‘chalarini kezar ekansiz, ko‘zingiz 640 o‘rinli yangi maktab­ga, 240 o‘rinli zamonaviy bog‘cha va oilaviy poliklinikaga, yangi mahalla binosi, yoshlar markazi, sport majmuasi, istirohat bog‘i, zamonaviy issiqxonalar, ­ko‘rkam ­to‘yxonalarga tushadi. Jamiyat uchun kerakli bo‘lgan zamonaviy yoqilg‘i quyish shoxobchalari, savdo va maishiy xizmat mas­kanlari, “yashil” bozorchalar deysizmi — barcha-barchasi Chim qishlog‘imizda muhayyo.
Keyingi yillarda qator issiqxonalar qurilib, aholi xonadonlarida gulxayri yetishtirish yo‘lga qo‘yilgani oilalar daromadini yanada oshirdi. Eldoshlarimizning yuz-ko‘zida ertangi kunga umid, islohotlarning amalga oshishiga katta ishonch namoyon bo‘lmoqda.

Chimdagi eng katta yutuqlardan biri ta’limga qaratilayotgan e’tibor hamda uning natijalari bo‘lmoqda. Bizning davrimizda qishlog‘imizdan har 100 yoshdan atigi 4-5 nafari oliygohlarda o‘qigan bo‘lsa, bugun qishloqning o‘zida qad rostlagan o‘quv-tayyorlov kurslari, zamonaviy to‘garaklar sababli ularning soni oshgan.

Shu yilning o‘zida qishloqdagi 3 jiyanim talaba bo‘ldi. Yaratilgan bunday yuksak shart-sharoitlar evaziga deyarli har ikki yoshdan biri talabalik baxtiga muyassar bo‘lmoqda. Bu esa qishlog‘imizdan ertaga yanada ko‘plab ma’rifatli, bilimli va kelajagiga qat’iy ishongan, jamiyatga naf keltiruvchi ziyolilar yetishib chiqadi degani.

Yana bir gap. Yurtimizda bilim va ma’rifat sohiblari, madaniyat va adabiyot ahli, kitobxon oilalar doim ardoqlanmoqda. Prezidentimizning yosh yozuvchi Javlon Jovliyev va “Kitobxon oila” tanlovida sovrindor bo‘lgan yosh oilaga Toshkent shahridan ikki xonali uy berilgani boshqalarda ham juda katta qiziqish va rag‘bat uyg‘otadi. Bu ishlar ziyolisi qadrlangan elning kelajagi, albatta, porloq bo‘lishidan dalolatdir.
Nafaqat Chim mahallasi, balki Qamashi tumanida, qolaversa, butun vohada kechayotgan islohotlar shiddati dilni faxrga to‘ldirmoqda. Qarshi shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilarining xalqaro imtihonlarda erishgan zafarlari, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi yoshlarining “Zakovat” musobaqalaridagi g‘olibligi, kosonlik oddiy maktab o‘quvchisining xalqaro SAT imtihonida maksimal yuqori ballni qo‘lga kiritgani yurtdoshlarimizga g‘urur bag‘ishladi. Bu natijalar Prezidentimiz tomonidan ta’limga va yoshlar kelajagiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning natijasidir.

Bugun qishloqlardagi har bir xonadonda to‘kinlik, ertangi kunga ishonch hukm surmoqda. Ko‘chalarimiz obod, maktab­larimiz bilimli yoshlar bilan to‘la. Bularning bari tinchlik-xotirjamlikdan. Inson qadri ulug‘langan, bilim va ma’rifat tug‘ qilingan bunday zaminda yashash, mana shunday katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘lish ajib saodatdir.

Aytish joizki, bugun sizu bizdan ko‘p narsa talab qilinmaydi. Ne’matlarni qadrlash, shukronasini qilish, imkoniyat­lardan unumli foydalanish, o‘zimiz va jamiyatga naf keltirib yashash kerak, ­xolos.
 
Abdulatif ABDULLAYEV,
Jurnalist

O'zbekiston yangiliklari