Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Sovchilik» degani muayyan bir ayol yoki qizga uylanish istagini uning o‘ziga yoki valiysiga bildirishdir. Aslida, ayol kishining o‘zi yoki yaqinlari tomonidan kuyovning o‘ziga yoki uning oila tarafiga sovchilik qilinishi ham mumkin.
Bu bildirish uylanmoqchi kishining o‘zi yoki uning vakili tomonidan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, sovchilikni nikohi istalgan shaxsga yoki uning ishboshilaridan biriga bildirish ham mumkin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga uylanganlarida u kishining otalari Umar roziyallohu anhuga sovchilik qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanganlarida u kishining o‘zlariga sovchilik qilganlar.
Faziylatli kishilarga ayolning o‘zi, ota-onasi yoki ishboshilaridan biri sovchilik qilishi joiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ba’zi ayollar kelib, o‘zini nikohlab olishlarini so‘raganlar.
عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَجَاءَتْهُ امْرَأَةٌ تَعْرِضُ نَفْسَهَا عَلَيْهِ فَخَفَّضَ فِيهَا النَّظَرَ وَرَفَعَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: قَالَ أَنَسٌ: إِنَّ امْرَأَةً عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم، فَضَحِكَتِ ابْنَةُ أَنَسٍ، فَقَالَتْ: مَا كَانَ أَقَلَّ حَيَاءَهَا فَقَالَ أَنَسٌ: هِيَ خَيْرٌ مِنْكِ عَرَضَتْ نَفْسَهَا عَلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir ayol kelib, u kishiga o‘zini taqdim qildi. U zot unga boshdan-oyoq nazar solib qaradilar" (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda: Anas: «Bir ayol o‘zini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga taqdim qildi», dedi.
Anasning qizi kulib: «Muncha ham hayosi oz ekan!», dedi. Shunda Anas: «U sendan yaxshiroq. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘zini taqdim qildi», dedi.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: تَأَيَّمَتْ حَفْصَةُ مِنْ خُنَيْسِ بْنِ حُذَافَةَ السَّهْمِيِّ، وَكَانَ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم تُوُفِّيَ بِالْمَدِينَةِ، فَقَالَ عُمَرُ: عَرَضْتُ حَفْصَةَ عَلَى عُثْمَانَ، فَقَالَ: سَأَنْظُرُ فِي أَمْرِي، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ ثُمَّ لَقِيَنِي، فَقَالَ: قَدْ بَدَا لِي أَلَّا أَتَزَوَّجَ يَوْمِي هَذَا. فَلَقِيتُ أَبَا بَكْرٍ الصِّدِّيقَ فَقُلْتُ: إِنْ شِئْتَ زَوَّجْتُكَ حَفْصَةََ، فَصَمَتَ أَبُو بَكْرٍ، وَكُنْتُ أَوْجَدَ عَلَيهِ مِنِّي عَلَى عُثْمَانَ، فَلَبِثْتُ لَيَالِيَ، ثُمَّ خَطَبَهَا رَسُولُ اللهِ، فَأَنْكَحْتُهَا إِيَّاهُ، فَلَقِيَنِي أَبُو بَكْرٍ فَقَالَ: لَعَلَّكَ وَجَدْتَ عَلَيَّ حِينَ عَرَضْتَ عَلَيَّ حَفْصَةَ فَلَمْ أَرْجِعْ إِلَيْكَ شَيْئًا، قَالَ عُمَرُ: قُلْتُ: نَعَمْ، قَالَ أَبُو بَكْرٍ: إِنَّهُ لَمْ يَمْنَعْنِي أَنْ أَرْجِعَ إِلَيْكَ فِيمَا عَرَضْتَ عَلَيَّ إِلَّا أَنِّي كُنْتُ عَلِمْتُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَدْ ذَكَرَهَا، فَلَمْ أَكُنْ لِأُفْشِيَ سِرَّ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم، وَلَوْ تَرَكَهَا قَبِلْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hafsa Xunays ibn Huzafa as-Sahmiydan beva qoldi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bo‘lib, Madinada vafot etgan edi. Bas, Umar aytdi: «Hafsani Usmonga taqdim qildim. U «O‘ylab ko‘ray-chi», dedi. Bir necha kun kutdim. So‘ng u menga uchrab, «Hozirgi kunda uylanmay turganim ma’qulga o‘xshaydi», dedi.
Abu Bakr Siddiqqa uchrab, «Xohlasang, senga Hafsani nikohlab beraman», dedim. Abu Bakr indamadi. O‘shanda undan Usmondan achchig‘im chiqqanidan ko‘ra ko‘proq achchig‘im chiqdi. Bir necha kun turganimdan so‘ng unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchi bo‘ldilar va men uni u zotga nikohlab berdim. So‘ngra Abu Bakr menga uchrab:
«Hafsani menga taqdim qilganingda, men esa senga javob bermaganimda, achchig‘ing chiqqan bo‘lsa kerak?» dedi.
«Ha», dedim.
«Meni senga javob berishdan faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uni zikr qilganlarini eshitganim man qildi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirlarini fosh qilishim mumkin emas edi. U zot tark qilganlarida, uni qabul qilar edim», dedi Abu Bakr».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Bizning sharoitimizda, odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki ular tayinlagan kishilar tomonidan kelinlikka nomzodning ota-onasiga yoki oila a’zolariga qilinadi.
Aytaylik, mazkur ish sodir bo‘ldi. Erkak tomondan ayol-qiz tomonga sovchilik qilindi. Endi ayol-qiz taraf munosib kuyov tanlash majburiyatida qoladi. Albatta, ular ham bu tanlashda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatma va tavsiyalariga amal qilsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi va bunday o‘ta nozik, umr savdosi bo‘lgan ishda eng to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Islom shariatining insonga bergan yengiliklari va foydalarini sanab ko‘rsak, hech adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Yaratgan Zotning mehribonligini ko‘ring har bir narsani jufti bilan yaratgandir. Xoh inson bo‘lsin xoh boshqa turlik hayon, barining o‘ziga mos bir jufti bor.
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَاللَّهُ خَلَقَكُمْ مِنْ تُرَابٍ ثُمَّ مِنْ نُطْفَةٍ ثُمَّ جَعَلَكُمْ أَزْوَاجًا
“Alloh sizlarni tuproqdan, so‘ngra nutfadan yaratib, keyin juft-juft qilib qo‘ydi” (Fotir surasi 11-oyat).
Xoliq Zot faqat juft yaratish bilan cheklanmay, balki inson o’z jufti yonida bo‘lsa, qalbi xotirjam bo‘ladigan va sakinat topadigan maskan qilib qo‘ydi.
Alloh taolo Rum surasida bunday deb marhamat qiladi:
وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً
“Va Uning oyat-belgilaridan sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda mehr-u muhabbat va marhamatni solib qo‘yganidir” (21-oyat).
Yuqoridagi oyatlar dalilidan angladikki, inson ham o’z jufti bilan yaratilgan. Shu bilan odam o‘z jifti yonida sokinlik topadi. Ikkita begona jins vakili bo‘lmish insonlar birga bir umr yashashni istarkan Islom shariati ularning zimmasiga o‘zlariga munosib ravishda majburiyatlar yuklaydi. Bu yerda barcha majburiyatlarni sanab o‘tolmaymiz, chunki mavzu bunga qaratilmagan. Ammo shularning ichidan birgina kelinning haqqi va kuyov zimmasidagi qarz bo‘lmish mahr to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Mahr so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda “mahr”, “qalin puli” degan ma’nolarni anglatadi.
Qur’oni karimda mahr bir necha nomlar bilan zikr qilingan. Shulardan, ayrimlarini keltiramiz “sadoq”, “sadaqa”, “ajr”, “fariyza” va “nihla”lardir.
Ayrim olimlar mahrning o‘nta ismi bor deb aytib o‘tganlar. Bizning yurtimiz va urfimizda ham “mahr” deb mashhur bo‘lgani sabab, mahr deb qo‘llashni ma’qul ko‘rdik.
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَآتُوا النِّسَاءَ صَدُقَاتِهِنَّ نِحْلَةً
“Ayollarga mahrlarini ko‘ngildan chiqarib bering” (Niso surasi 4-oyat).
Ushbu oyat erning zimmasiga mahr berish vojib ekanini bildiruvchi to‘rt oyatdan biridir. Er-xotin o‘rtasida nikoh bog‘lanishi bilan mahr erning zimmasiga vojib bo‘ladi. Agar er-xotin hali qovushmasdan avval ajrashib ketsa ham, mahr vojib holida qolaveradi va ado etmagunicha soqit bo‘lmaydi. Mahr berilganda ham, kuyov tomonidan chin qalbdan chiqarib berilishi kerak.
Bu shar’iy hukm kelinlarni hurmatlash, taqdirlash va erkalashning muhim bir turi hisoblanadi. Mahr kelinning shaxsiy mulki bo‘ladi. Mahr berish farz amal hisoblanib, agar kelin-kuyov o‘zaro kelishib, ikkimiz ham rozimiz, shu hukmga amal qilmay qo‘yaveramiz deyishga ham imkonlari yo‘q. Garchi bilimsizlik yoki boshqa bir sabab tufayli nikoh mahrsiz bog‘langan bo‘lsa ham, keyin mahr berishi kerak bo‘ladi. Farazan er hali mahrni ado qilmay vafot etsa, mahrni uning merosxo‘rlari to‘lab berishlari lozim bo‘ladi.
Yuqoridagi oyatda erkak o‘ziga juft bo‘layotgan ayolga mahrni o‘g‘rinib emas, balki ko‘ngildan chiqarib berishi uqtirilgan. Shu bilan mahr aynan kelinning yolg‘iz o‘zining mulki ekanini ham bildirmoqda. Mahrni olgach kelin uni xohlaganicha tasarruf qilishi uning xohishida. Xohlasa eriga hammasini yoki bir qismini qaytatishi yoki boshqa biror narsaga safrlashi mumkin.
Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uylanmoqchi bo‘lgan kishiga: … “Agar bir temir uzuk bo‘lsa ham top”…,deganlar”.
Bu hadis sharif shariatda biror nikoh mahrsiz bo‘lmaganiga va Payg‘ambar alayhissalom har bir nikoh mahrli bo‘lishini aytganlariga dalolat qiladi. Musulmon olimlari barcha nikohlar mahrsiz bo‘lmasligiga ijmo qilganlar.
Mahrning eng ozi o‘n dirhamdir. o‘n dirham bir dinorga teng. Bu – nisobga yetgan molning yigirmadan biri deganidir. Mana shu ma’lumotga suyanib, har bir davrning eng oz miqdordagi mahrini aniqlash oson bo‘ladi. Ya’ni, o‘sha davrning zakot nisobi, mazkur nisobning yigirmadan biri aniqlansa, eng oz mahr miqdori chiqadi. Masalan, yurtimizda hozirgi kundagi zakot nisobi to‘qson million so‘mni tashlik qiladi. Bu miqdorning yigirmadan bir qismi esa 4,5 million so‘m bo‘ladi. Shundan qarasak, yuqoridagi qoida bo‘yicha mahrning eng ozi hozirgi bizning yurtimizda 4 yarim million so‘m bo‘ladi.
Rasululloh alayhissalom “O‘n dirhamdan oz mahr yo‘q”, deganlar. (Dori Qutniy va Bayhaqiy rivoyati).
Mahr aynan pul ko‘rinishida bo‘lishi shart qilinmagan. Kiyim-kechak, taqinchoqlar yoki shunga o‘xshash mulk bo‘ladigan va halol narsa bo‘lsa joiz sanaladi. Agar kuyov o‘n dirham yoki uning qiymatidan, soddaroq aytganda hozirgi 4 yarim millondan kamroq mahr aytgan bo‘lsa, baribir o‘n dirham yoki uning qiymatini to‘lashi shart bo‘lib qolaveradi. Bunga yuqoridagi “o‘n dirhamdan oz mahr yo‘q” deb aytilgan hadis dalil bo‘ladi.
Mahrni amal bilan ado qilish, masalan, kelin kuyovidan mahr o‘rniga umraga olib borishi yoki kabi ishlarga bog‘lasa, bu mahr o‘rniga o‘tmaydi. Chunki, mahr noma’lum narsalarga bog‘lanmaydi. Balki aniq summasi bo‘lishi shart. Ya’ni, kelin 10 million so‘m deb belgilasa, o‘sha summa orqali umraga borishi yoki boshqa ishga sarflashi joiz deyiladi. Lekin kuyov mahrga sifati noma’lum narsalarni tayinlasa, masalan, kiyim yoki taqinchoq olib beraman desa-yu, uning qanday sifatda bo‘lishini aytmasa, hech qanday mahrni aytmagandek bo‘lib, mahr misl vojib bo‘ladi.
Mahr esa Hanafiy mazhabida ikki turga bo‘linadi:
1. “mahrul musammo”, nikoh aqdi vaqtida yoki keyin o‘zaro er-xotin kelishib belgilagan mahr.
2. “mahrul misl” vaqtida belgilanmagan yoki noto‘g‘ri belgilangan mahr. Bunda mahril misl vojib bo‘lib qoladi.
Mahr qizning qay sifatlariga qarab belgilanadi?
Mahr qizning ota tomon qarindoshlariga qarab yoshi, chiroyi, moli, diyonati, yurti, zamoni, bokiralik yoki juvonligiga qarab belgilanadi. Shuningdek odob-axloqiga ham qaraladi. Ota tomonidagi kelinga o‘xshash qarindoshlarning mahriga qarab belgilanadi. Agar qarindoshlari bo‘lmasa, yurtidagi boshqa o‘ziga o‘xshash ayollarga qiyoslab olinadi. Yuqoridagi sifatlarga qarab kelinning mahri ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin.
Erkak bergan mahrini qaytarib olishidagi ko’rinish quyidagicha:
Xulu’ – ayol tomonidan mahrni qaytarish yoki ma’lum bir mol evaziga taloq so‘rashdir.
Erkak kishi ayoli oldidagi dinimiz yuklagan vazifalarni bajarib turgan bo‘lsa, agarchi haqqi bo‘lsada, khotin khulu’ yoki taloq talab qilishi gunoh va shariatimiz qaytargan ishdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:
أَيُّمَا امْرَأَةٍ سَأَلَتْ زَوْجَهَا طَلَاقًا فِي غَيْرِ مَا بَأْسٍ فَحَرَامٌ عَلَيْهَا رَائِحَةُ الْجَنَّةِ
(Raviohu Ahmad va Tirmiziy va Abu Dovud va Ibn Moja va Dorimiy ’an Savban roziyallohu ’anhu) ya’ni: “Qaysi bir ayol eridan sababsiz taloq so‘rasa, unga jannatning hidi ham harom bo‘ladi” (Imom Ahmad va boshqa sunan egalari rivoyat qilishgan).
Demak, ayol kishi jiddiy sabab bo‘lmasdan “unday bo‘lsa, meni javobimni bering”, deb erining jig‘iga tegmasligi kerak. Aks holda er ham jahl ustida taloq qilish ehtimoli katta bo‘ladi. Oila buzilishidan esa ko‘proq ayollar zarar ko‘rishadi. Er ham, khotin ham shaytonning nishoniga aylanadi. Buning ustiga musulmon uchun abadiy okhirat hayotida jannatdan bebahra qolish katta hasratdir.
Er-khotin bir-biri bilan hech kelishmasa, Alloh taoloning oila to‘g‘risidagi buyruqlarini bajara olishlariga ko‘zlari yetmasa va er evaz olmasdan khotinini taloq qilishni khohlamasa, ayol mol (pul) evaziga talog‘ini olishida gunoh yo‘q. Mol evaziga talog‘ini olishni khulu’ deyiladi. Ibn Abbas roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
أَنَّ امْرَأَةَ ثَابِتِ بْنِ قَيْسٍ أَتَتْ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَتْ : يَا رَسُولَ اللَّهِ ثَابِتُ بْنُ قَيْسٍ مَا أَعْتِبُ عَلَيْهِ فِي خُلُقٍ وَلا دِينٍ ، وَلَكِنِّي أَكْرَهُ الْكُفْرَ فِي الْإِسْلَامِ. فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : (أَتَرُدِّينَ عَلَيْهِ حَدِيقَتَهُ ؟ قَالَتْ : نَعَمْ . قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : اقْبَلْ الْحَدِيقَةَ وَطَلِّقْهَا تَطْلِيقَةً).
ya’ni: “Sobit ibn Qaysning khotini Rasullulloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Ey, Allohni Rasuli! Sobit ibn Qaysni khulqi va dinida ayblay olmayman, lekin Islomda noshukrlik (erga noshukrlik, erni yomon ko‘rish)ni khush ko‘rmayman”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Unga bog‘ini qaytarib berasizmi?” – dedilar. U: “Ha, qaytaraman”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “(Ey, Sobit!) bog‘ni qabul qilingda, uni bir taloq qiling” – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Bu hadisda er khotinini mahrga bergan bog‘i evaziga taloq, ya’ni khulu’ qilishga rozi bo‘lmoqda.
Ayol eriga “Meni falon pulga khulu’ qiling” yoki “Menga berilgan mahr evaziga khulu’ qiling” – desa, eri o‘sha majlisda: “Khulu’ qildim”, – desa, khulu’ yuzaga chiqadi va boin taloq tushadi. Lekin er o‘sha majlisdan turib ketib, keyin khulu’ qildim, desa, khulu’ yuzaga chiqmaydi. Ya’ni, ularning ijob (khotinning taklifi) va (erning) qabuli bir majlisda bo‘lishi kerak. Demak, umumiy taloq va khulu’lar soni ikkitadan o‘tib ketmagan bo‘lsa, qaytadan ikki guvoh huzurida, mahr belgilab, nikoh o‘qitib, yashasa bo‘ladi (“Al-Muxtasar fil-fiqhil-hanafiy” kitobi).
Ulamolar khotinga eridan zarar keladigan quyidagi hollarda taloq so‘rashi mumkin bo‘ladi deydilar:
Er o‘zining khotin oldidagi vazifalari: yedirib-ichirish, kiyintirish, uy-joy bilan ta’minlashni bajarmasa, khotin sabr qilib yashashi yoki talog‘ini so‘rashi mumkin.
Er khotinini shar’iy sabab bo‘lmasdan xo‘rlasa: ursa, so‘kib-haqorat qilsa, la’natlasa.
Erning uzoq muddat safar qilishidan ayolga zarar yetsa va ayol fitna (zino)ga tushib qolishdan qo‘rqsa.
Eri uzoq muddat mahbus bo‘lsa va ayol bundan zarar ko‘rsa.
Erda bepushtlik, jinsiy aloqaga yaramaslik yoki xatarli jirkanch kasallik bo‘lsa.
Er fisqu fujurni ochiqcha qilsa (khotin imkon boricha sabr qilib, uni qaytarsa ham, foyda qilmasa).
Ayolning qalbida erga nisbatan o‘zgarmas nafrat va qattiq g‘azab bo‘lsa, agarchi ayol buning sababini o‘zi bilmasa ham, u ayol uzrli hisoblanadi.
Er ayolini yaqinlari, xususan, ota-onasini ko‘rishdan mutlaqo man qilib qo‘ysa. Vallohu a’lam.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deydiladi: “Ayollarning eng barakalisi, mahri ozrog‘idir” (Nasoiy rivoyati).
Bu hadisda mahrni haddan ziyod oshirib yuborilishidan qaytariq va kamroq qilishga targ‘ib bor.
Ya’ni, barakali ayol eriga ortiqcha moliy mashaqqat yuklamaydi.
Mahrning oz bo‘lishining foydalariga to‘xtalsak, masalan, Saudiya Arabistonida o‘rtacha mahr miqdori 10,500 aqsh dollaridan 17 ming aqsh do‘llarigacha belgilanadi. Turkiya davlatida esa 8 yarim ming aqsh dollaridan yuqori hisoblanadi. Bizning ona yurtimizda esa, 5-6 million so‘m, deyarli mahrning eng oz miqdorida belgilanadi. Albatta, bundan ko‘p belgilangan mahrlar ham bor, biz umumiy holatdagi miqdorni keltirmoqdamiz.
Arab yoki boshqa yuqoridagi kabi mahri baland diyorlarning jamiyatiga nazar tashlasak, yoshlari nikohlanishni ortga surib, zino kabi illatlarga borgan sari chuqurlashib borayotganini guvohi bo‘lamiz. Bizda esa, mutlaqo buning aksi, endigina 18-19 yoshga yetgan o‘g‘il-qizlarimiz bemalol nikohlanib yashash ketmoqda. Bizda ham ajrim ko‘p-ku deyilsa, bu mahrning arzonligidan emas. Oila haqidagi tushunchalarning sustligi yoki boshqa shaxslarning aralashuvidan bo‘ladi odatda deyishimiz mumkin. Xulosa qilib aytganda, nikoh yengil va mahr oz bo‘lsa, zino kamayadi. Zino kamaygan jamiyat esa oson isloh bo‘ladi. Axir Rasulimiz alayhissalom bejizga “eng barakali nikoh kam chiqimidir”, demaganlarda. Albatta, mahr kelinning qiymati emas, uning qadridir, uning izzatidir, uning haqqidir!.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Qur’oni karim.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Baxtiyor oila”, Hilol nashr, Toshkent. 2023.
3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Kifoya”, Hilol nashr, Toshkent. 2023.
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Ijtimoiy odoblar”, Hilol nashr, Toshkent. 2023.
Hasanxon qori jome masjidi
imom-xatibi
Najmiddin domla Hasanov