Ushbu hadisi sharifda Rasululloh sollalloh alayhi vasallam kechasi yolg‘iz yurishdan qaytarmoqdalar. Chunki uning bir qancha zararlari bor, ammo odamlar ularning hammasini ham anglab yetmaydilar. Shu sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar bilmagan yomonliklarni bilganlari uchun undan ogohlantirmoqdalar.
Bugungi kunda ota-ona nazorati va e’tiborisiz qolgan juda ko‘plab yoshlarning ushbu hadisga amal qilmay, kechasi bilan ko‘chalarda, kafe-bar, internet klublarda sang‘ib yurishlari, tongga qadar vaqtlarini behuda va bekorchi ishlarga sarflashlari kuzatilmoqda.
Eng xavfli va ayanchli jihati – yarim tunda bunday ko‘cha daydishlarning oxir-oqibati turli jinoyatlar, qotilliklar, mushtushzo‘rliklar bilan yakun topmoqda. Qolaversa, turli ruhiy kasalliklarga duchor bo‘lganlarning aksariyati aynan bemahalda ko‘chada sang‘ib yurganlar tashkil etishini unutmaslik kerak.
Demak, shariat ko‘rsatmasiga amal qilgan banda dunyo va oxirati uchun foydali bo‘lgan amallarga yaqin, noxush va zararli holatlardan esa uzoq bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining roziligini topadigan solih amallarda bardavom qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati