Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

Omonatga xiyonat qilmayapsizmi?

13.12.2024   4493   4 min.
Omonatga xiyonat qilmayapsizmi?

Har bir banda hazir bo‘lishi lozim bo‘lgan qalb xastaliklaridan yana biri munofiqlikdir. Arab tilida munofiqlikni anglatuvchi so‘zlarning o‘zagi bo‘lmish «nifoq» so‘zi ichi bo‘sh, tashqi ko‘rinishi o‘zgacha narsaga ishlatiladi. Misol uchun, yumronqoziq yoki tulkining uyasiga ham «nifoq» so‘zi ishlatiladi.

Chunki, ular ustidan oddiy yerga o‘xshaydi, bir tarafdan kirsa, ikkinchi tarafdan chiqib ketaveradi. Hozirgi kunda ajnabiy tillarda «tonnel» deb nomlanayotgan inshootlar ham arabchada «nafaq» deyiladi. Agar bu ma’noni diniy-aqidaviy istilohda ishlatmoqchi bo‘lsak, sirtdan musulmonlikni e’lon qilib, ichidan unga loyiq bo‘lmaslikka «munofiqlik» deb aytiladi. Odamlar ko‘z o‘ngida Islom diniga mansubligini e’lon qilib, hatto ba’zi amallarni ham qilib yuradigan, aslida, e’tiqodi buzuq bo‘lgan kishilar «munofiq» deyiladi. Jurjoniy nifoqni «Ta’rifot»da: «Nifoq til bilan iymonni izhor qilib, dildagi kufrni berkitishdir», deb ta’rif qilgan. Bu «katta nifoq» deb ataladi. Ko‘pgina hadisi shariflarda munofiqlarning alomatlari haqida so‘z yuritilgan.

Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Uch narsa qay kishida bo‘lsa, munofiq bo‘lur: gapirsa yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi, omonat ishonilsa, xiyonat qiladi. Kimda shu xislatlardan bittasi bo‘lsa, uni tark qilgunicha nifoqdan bitta xislati bo‘ladi» – Ahmad rivoyat qilgan.

Bunday nifoq amaliy – «kichik nifoq» deb ataladi. Alloh taolo «Niso» surasida: «Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng ostki qavatidadirlar va hargiz ularga bir yordamchini topa olmassan», degan (145-oyat).

Alloh taolo «Tavba» surasida: «Alloh munofiq erkaklarga, munofiq ayollarga va kofirlarga jahannam otashini va’da qildi. Unda abadiy qolurlar. O‘sha ular uchun yetarlidir. Hamda Alloh ularni la’natladi. Ularga doimiy azob bordir», degan (68-oyat).

Imom Buxoriy qilgan rivoyatda Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu: «Bugungi munofiqlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagidan yomondir. Chunki, ular munofiqlikni maxfiy qilardilar, bular esa, oshkora qilmoqdalar», degan ekanlar.

Bir kishi aytgan ekan: Kunlarning birida yo‘lda ketayotib, janjalning ustidan chiqib qoldim. Ikki kishi mushtlashguday bo‘lib, baralla nimalarnidir muhokama qilishardi. Qiziquvchanligim ustunlik qilib, bir to‘da odamlar ichidagi qariyadan voqeaning sababini so‘radim. Otaxon bosh chayqagancha, “Omonatga xiyonat – bu juda katta gunoh”, dedi-yu boshqa biror so‘z aytmadi. Voqeaning asl mohiyatini tushunmagan bo‘lsam-da, sababini anglab yetdim. Ularning qaysidir biri unga ishongan inson omonatiga xiyonat qilgan ko‘rinadi.

Shu o‘rinda bir hikoyat esimga tushdi. O‘g‘irlik bilan nom taratgan o‘g‘riboshining yo‘lida bir mo‘ysafid duch kelib, bir xalta tillo tanga beribdi-da, bu omonatimni masjiddan chiqgunimcha ushlab tursang, deb iltimos qilibdi. O‘g‘ri ham ikkilanmay xaltani olibdi. Chol esa bemalol namozini o‘qib chiqib, o‘g‘riboshidan tillolarni olib yo‘lida davom etibdi. Bu holatni ko‘rgan o‘g‘rilardan biri nega tillolarni qaytarib berganini, o‘g‘irlik qilish uchun tug‘ilgan qulay imkoniyatni qo‘ldan boy berganining sababini so‘rabdi. Shunda o‘g‘riboshi, u menga omonat deb aytdi. Qilayotgan ishimdan ko‘ra omonatga xiyonat og‘ir gunoh, deb javob beribdi.

Ba’zan shunday hikoyalarni o‘qib o‘ylanib qolamiz. “Biz ham omonatlarga xiyonat qilmayapmizmi?” degan savol xayolimizga keladi. O‘z-o‘zimizda sodir bo‘lgan shunday voqealarni tahlil qilamiz. O‘zimizcha xulosa yasaymiz. Zero, eng katta omonatlarga xiyonat qilayotganimizni bilamizmi?!

Alloh tomonidan bizga berilgan bu aziz jon, umrimiz ham omonat. O‘tib borayotgan har bir daqiqamiz orqali og‘ir gunoh qilmayapmizmi? Umrimizni bekorchi narsalarga sarflab, vaqtimizni yutqazib, birovlarning qalbiga ozor berib, omonatlarga xiyonat qilmayapmizmi?

Xulosa qilib adolat tamoyillari asosida o‘ylab ko‘rish kerak emasmikin!

Ja’farxon Sufiyev,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi, “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar

Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

23.07.2025   7463   1 min.
Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

Savol: Mo‘miyo  halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.