27 oktyabr kuni yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga deputatlik saylovi o‘tkazildi. Saylov jarayonlarini kuzatish uchun bir qator xorijiy davlatlardan eskpertlar tashrif buyurdi. Mazkur jarayonda Iordaniya mamlakati delegatsiyasini Muftiy haratlari boshchigidagi Diniy idora xodimlari kutib olib, mehmonlarga saylov jarayonlarini kuzatish uchun barcha sharoitlarni hozirlab, ularga hamrohlik qildi. Shu munosabat bilan Iordaniya delegatsiyasi Muftiy hazratlari nomiga tashakkurnoma yo‘lladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, fazilatli Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlariga
TASHAKKURNOMA
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuhu
O‘zbekiston Respublikasidagi parlament saylovlarini kuzatish uchun taklif etilgan Iordaniya delegatsiyasi sifatida sizlarning mamlakatingizga tashrif buyurish va ko‘plab davlatlardan kelgan delegatsiyalar bilan birga saylovlarni kuzatishda ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ldik.
Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasida barcha sohalarda yutuqlarga erishilayotganining guvohi bo‘ldik.
Bizni mehr-muhabbat, hamkorlik va tinchlikda birlashtirgan diniy va tarixiy merosga asoslangan, qalblarimizga aziz bo‘lgan hamda yurtimiz Iordaniyaga do‘st sanalgan ushbu davlat bilan tanishish imkoniyatini berganingiz uchun samimiy tashakkurimizni izhor etamiz.
Shuningdek, tashrif davomida bizga ko‘rsatilgan barcha qulayliklar hamda delegatsiyamizga ko‘rsatgan samimiy saxovatingiz, mehmondo‘stligingiz va alohida e’tiboringiz uchun chin qalbdan samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Xususan, Toshkent shahridagi jome masjid imom-xatibi g‘ayratli Nurali Mavlonovga tashrifimizni yengillashtirish va arab tiliga tarjima qilishdagi yordamini alohida e’tirof etmoqchimizki, uning sa’y-harakatlari tufayli yurtingiz va xalqingiz haqida yaxshiroq tushunchaga ega bo‘ldik.
Fursatdan foydalanib, Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelganimizdan boshlab, ehtirom ko‘rsatilgan holda mamlakatingizdan chiqib ketgunga qadar bizga hamrohlik qilgan barcha tashkilotchilarga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Barchangizga tashakkur. Alloh taolo sizlarga dinga xizmat qilish yo‘lida muvaffaqiyatlar ato etsin.
Barcha sohalarda hamkorligimizni rivojlantirishni umid qilib qolamiz.
Mustaqil saylov komissiyasi vakili,
Iordaniya delegatsiyasi rahbari
Jihod al-Mumniy
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati