Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ota-onaga oq bo‘lish og‘ir gunoh ekanini ko‘pchilik biladi. Ammo oq bo‘lishning chegarasi, o‘lchovi, oq bo‘lishga sabab bo‘ladigan narsalar aynan nimalardan iborat ekani haqida ko‘pchiligimizda ilmiy asoslangan dalil va hujjat yo‘q. Ko‘p narsalar umumiy ma’lumotlardan nariga o‘tmaydi. Ushbu sarlavha ostida keladigan ma’lumotlar orqali bu mavzuni qo‘ldan kelganicha o‘rganishga harakat qilamiz.
عَنْ سَعِيدٍ الْمَقْبُرِيِّ؛ أَنَّهُ سَمِعَ السَّلُولِيَّ يُحَدِّثُ نَوْفَلَ بْنَ مُسَاحِقٍ؛ أَنَّهُ سَأَلَ كَعْبَ الْأَحْبَارِ: مَا تَجِدُونَ فِي كِتَابِ اللهِ مِنْ عُقُوقِ الْوَالِدَيْنِ؟ قَالَ: أَنَا أُخْبِرُكَ إِذَا أَقْسَمَ عَلَيْهِ فَلَمْ يَبَرَّهُ، وَسَأَلَهُ فَلَمْ يُعْطِهِ، وَائْتَمَنَهُ فَلَمْ يَرُدَّ عَلَيْهِ، وَاشْتَكَى إِلَى اللهِ مَا يَلْقَى مِنْهُ، فَذَلِكَ الْعُقُوقُ كُلُّهُ.
Sa’id Maqburiydan, u Saluliydan Navfal ibn Musohiqqa hadis aytayotganini eshitdi.
Sharh: Ushbu rivoyatda bolaning ota-onaga oq bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladigan amallardan ba’zilari zikr qilinmoqda:
1. Ota-ona bolasi haqida qasam ichsa, bola unga amal qilmasligi.
Ya’ni, ota-ona bolasini o‘rtaga qo‘yib qasam ichdi. Ular qasamxo‘r bo‘lmasligi uchun bola qasamdagi ishni qilishi lozim. Agar beparvo bo‘lib, mazkur amalni qilmay, ota-onani tang holga solib qo‘ysa, ularga oq bo‘ladi.
2. Ota-ona bolasidan biror narsani so‘rasa, bola imkoni bo‘lib turib, bermasligi.
Ota-ona hojatmand bo‘libmi, ko‘ngli tusabmi yoki boshqa bir sababdanmi, bolasidan biror narsani berishini so‘radi. Bola o‘sha narsani darhol, xursandchilik bilan ota-onasiga berishi kerak. Zotan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida aytilganidek, bolaning o‘zi ham, moli ham otanikidir.
Agar bola ota-onasi so‘ragan narsani bermasa, ularga yomonlik qilgan hisoblanadi va bu yomon ishi bilan ota-onasiga oq bo‘ladi.
3. Ota-onasining omonatiga xiyonat qilishi.
Ota-ona bolasiga biror narsani omonat qilib topshirsa-yu, u omonatga xiyonat qilsa, ota-onasiga oq bo‘ladi. Begona, hatto g‘ayridin odamning omonatiga xiyonat qilish ham katta gunoh hisoblanadi. Shunday ekan, ota-onaning omonatiga xiyonat qilish ularga oq bo‘lish uchun kifoya qiladi.
4. Farzand ota-onasi u haqda Allohga shikoyat qiladigan ish qilishi.
Ya’ni bolaning bir qilmishlari borki, ota-onasi ularga chiday olmasdan, Allohga yolvorib: «Allohim, bolam meni shunday qildi», deb shikoyat qilsa, o‘sha bola ham oq bo‘ladi.
5. Ota-onaga qilish lozim bo‘lgan yaxshilikni qilmaslik «salbiy oq bo‘lish» deb ataladi. Ulardan birortasini qilmagan odam ota-onasiga o‘sha sohada oq bo‘laveradi.
6. Ota-onaga oq bo‘lish amaliy va kalomiy qismlarga bo‘linadi. Ota-onaga gap-so‘z bilan ozor yetkazgan odam ularga kalomiy oq bo‘ladi. Ota-onaga bir qilmishi bilan ozor berganlar amaliy oq bo‘ladi.
Bularga ota-onani malol olish, ularga do‘q qilish, g‘azab ko‘rsatish, tik qarash kabi narsalar kiradi.
7. Ota-onaga oq bo‘lishning umumiy o‘lchovi shuki, begona kimsaga qilinsa, kichik gunoh bo‘ladigan amallar ota-onaga nisbatan qilinganda katta gunohga aylanadi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi arafasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida ham ana shunday tadbirlardan biri o‘tkazildi. Unda aholi o‘rtasida tinchlik va totuvlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilib, yosh avlodni ma’naviy poklik, vatanparvarlik va halollik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, yoshlarimiz qalbida ma’naviy bag‘rikenglik va yurtga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh imom-xatiblar:
Mansurov Yahyo – Qarshi shahar bosh imom-xatibi;
Murodullayev Iso – Qarshi tumani “Saroy” masjidi imom-xatibi;
Nuriddinov Murodullaxon – Qamashi tumani “Qoratepa” masjidi imom-xatibi;
Jo‘rayev Valijon – Mirishkor tumani “Guliston” masjidi imom-xatibi;
Muxtorov Fazliddin – Shahrisabz shahar bosh imom-xatibi;
Shoimov Normurod – Kitob tumani “Sevaz” masjidi imom-xatibi.
Qashqadaryo viloyati hokimining Faxriy yorlig‘i va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, futbol bo‘yicha Qashqadaryo viloyati vakilligi kubogi uchun final uchrashuvi o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati