Cavol: 100 marta astag‘firulloh aytgandan keyin qanday duo qilinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Istig‘for, shu kabi salavot va tasbehlardan keyin muayyan bir duoni o‘qish buyurilmagan. Lekin duo ayni ibodat sanaladi. Uni har qanday munosib holatlarda qilish joiz. Jumladan, savobli amallar: namoz, ro‘za, zikru tasbehlar kabi ibodatlardan keyin duo qilinsa, ijobatga yaqin bo‘ladi. Istasa ushbu zikru tasbehlarining savobini kimgadir bag‘ishlaydi.
Demak, istig‘for va zikru tasbehlardan keyin duo qilish shart emas, lekin duo qilmoqchi bo‘lsa, bunga mone’lik yo‘q. Duo qilgani uchun alohida savob oladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati