Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Buyuk imomi, zohid, ilmda dengiz - Husomiddin Axsikatiy

14.12.2024   77649   3 min.
Buyuk imomi, zohid, ilmda dengiz - Husomiddin Axsikatiy

Muhammad ibn Muhammad ibn Umar Axsikatiy Hanafiyning taxallusi Hisomiddin, kunyasi esa Abu Abdullohdir. U zot Hanafiy faqihi bo‘lib, far’iy va usul ilmlarining imomlaridan bo‘lganlar. Tug‘ilgan yillari ma’lum emas.

Axsikat deb Farg‘ona vodiysiga qarashli shaharlardan biriga nisbatan ishlatilgan. Ismlari borasida ham ixtilof bor. Ba’zilar Axsiykasiy deb uch nuqtali “sa” harfi bilan nomlashadi. Xususan “Miftahus sa’adat” va “Al-favoid” sohiblari shu nom bilan asarlarida zikr qilishgan. Alloma Abiy Muhammad Abdul Haq Haqqoniy rohimahulloh ham sharhlagan kitoblarida shu nomda zikr qilgan. Yaqut Hamaviy Axsikat deb aytish to‘g‘riroq deydi. Chunki ajamiy harflarda arab tilidagi uch nuqtali sa harfi mavjuda emas. Bu shahar Movarounnahrda bo‘lib, Shosh daryosi qirg‘og‘idagi tekislikda joylashgan. Keyingi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Axsikat shahri hozirgi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida, Sirdaryoning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab joylashgan Axsikent yodgorligi o‘rnida bo‘lgan.

Tadqiqotlar asosida bu yerda turli davrlarga oid ikkita shahar bo‘lganligi, ulardan biri qadimgi Axsikat va ikkinchisi Bobur tug‘ilgan Axsi ekanligi isbotlangan. Hozirda qadimgi shahar xarobalarida qazishma ishlari olib borilmoqda. Bu qazilmalar natijasida yuzlab topilmalar, xususan po‘lat qilich va Oyatul Kursiy yozilgan mis piyola, Damashq qilichi topilgan.

Axsikat shahrida ilm-fanda katta mavqega ega bo‘lgan ulamolar bilan bir qatorda mohir hunarmandlar ham bo‘lgan. Ular qattiq va yumshoq po‘latlar ishlab chiqarish sirlarini bilishgan. Ular tayyorlagan qilichlar Sharqda Xitoy va Janubi-g‘arbda xalifalik markazi bo‘lgan Damashq bozorlarida sotilgan.

Alloma Husomiddin Axsikatiy tasnif qilgan asarlar quyidagilar: “Al-muntahab”, “Al-Husamiy”, “Miftohul usul”, “G‘oyatut tahqiq”, Daqoiqul usul va tab’yin”. “Al-muntahab” kitobi ancha mashhurdir. Unga ko‘plab sharhlar yozilgan. “Kashfuz zunun” asari muallifi kitob haqida shunday deydi: “Bu kitob ortiqchalikdan xoli, fasllar to‘liq bayon qilingan, ziddiyat va qarashlar chuqur o‘rganilgan. Unga o‘n oltita sharh yozilgan”. Abdulaziz ibn Ahmad Buxoriy: “Bu muxtasar kitob boshqa barcha kitoblardan tartibi mustahkamligi va uslubi tartibligi bilan ustun turadi”, degan.

Husayn ibn Aliy ibn Xajjoj Sig‘noqiy Husomiddin Axsikatiy haqida: “O‘z zamonasining buyuk imomi, zohid, ilmda dengiz, qunt-matonatli, masalalarning nozik jihatlarini biluvchi, bashar muftiysi, shar’iatni namoyon qiluvchi va sunnatni himoya qiluvchi zot edi”, degan. Imom Laknaviy: “Shayx, fozil, usul va furu’da imom edi”, deb u zotni ta’riflagan.

Imom Abu Abdulloh Axsikatiy hijriy 644 yilning Zulqa’da oyi 22 sanasida, dushanba kuni, milodiy 1247 yilning 1 aprel kuni vafot etgan. Qabri Buxoroda bo‘lib, Yetti Qozi qabristonidagi Qozixon Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Abdiy yaqiniga dafn qilingan.

Hasanboy Vohidov,
Toshkent islom instituti talabasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Navoiyda yosh diniy soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazildi

07.08.2026   17780   1 min.
Navoiyda yosh diniy soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida yosh imom-xatib va imom-noiblar ishtirokida “Yoshlar bilan bir kun” loyihasi tashkil etildi. 
 

Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev ishtirok etib, yosh kadrlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazdi.


Uchrashuv davomida diniy soha xodimlari oldida turgan bir qator dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Xususan:

  • Yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish;

  • Ustoz-shogird an’analarini yanada mustahkamlash;

  • Oilaviy ajrimlarning oldini olishda diniy-ma’rifiy yondashuvlarni kuchaytirish;

  • Yot g‘oya va buzg‘unchi oqimlarga qarshi ilmiy asoslangan raddiyalar berish ko‘nikmalarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Mazkur ochiq muloqot yosh mutaxassislarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishlari uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Navoiy viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Navoiyda yosh diniy soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazildi Navoiyda yosh diniy soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari