Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

Dalillarni chuqur va teran anglash

14.12.2024   5161   3 min.
Dalillarni chuqur va teran anglash

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

«Fiqh» so‘zi «fahmlash», «anglash» degan ma’noni bildiradi. Bu yerda «fahm» so‘zi juda muhim, chunki yuqorida aytib o‘tganimizdek, Ahli sunnani boshqalardan ajratib turgan jihat – bu fahmdir. Salaflar Qur’on va Sunnat bilan birga, bizga Qur’on va Sunnatni fahmlashni ham yetkazishgan. Demak, bizning ustunligimiz fahmlashda, to‘g‘ri fahmlashdadir. Keyinroq fahmning nimaligi haqida batafsil gaplashamiz.

Fiqh – bu fahmlash degani, lekin bu fahmlash «fiqh» so‘zining lug‘aviy ma’nosigina emas, balki aynan dalillarni chuqur va teran anglash deganidir. Buning mohiyatini darslar davomida tushunib boramiz. Biz fiqh maktablarining fahmini, ilmning fahmini va yakka shaxslarning fahmini o‘rganib o‘tdik. Dinni, Qur’on va Sunnatni tushunish qanchalik muhim? Demak, fahm deganda, mana shuni tushunamiz. Birinchi to‘xtalmoqchi bo‘lganimiz mana shu nuqtadir.

Fiqhning istilohiy ma’nosiga kelsak, uning quyidagicha mashhur ta’rifi bor: «Fiqh – bu shariatning tafsiliy dalillardan chiqarib olingan amaliy hukmlari haqidagi ilmdir». Mana shu umumiy ta’rifdir. Bu ta’rifga qisqacha to‘xtalamiz, hamma biladigan gaplarni takror aytib o‘tirmaymiz. Ma’lumotimiz fan doktori darajasidagi odamlar uchun ham manfaatli bo‘lishi uchun ta’riflarni qo‘shimcha sifatida aytib o‘tamiz, xolos.

Yuqorida aytganimizdek, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishning sababi noto‘g‘ri fahmlashdir. Mana shuni bayon qilish uchun avval hamma biladigan ta’riflarni aytib o‘tish kerak bo‘ladi. Ularni sizlarga o‘rgatish uchun emas, balki bu boradagi qo‘shimcha ma’lumotlarni keltirish uchun zikr qilib o‘tamiz.

Demak, fiqh shariatning tafsiliy dalillardan chiqarib olingan amaliy hukmlari haqidagi ilm ekan. Ilm esa bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir. Fiqh mana shu hukmlar ilmidir. Shuning uchun ham bizning bahsimiz muayyan zotlar haqida emas, ilm haqida bo‘ladi. Fiqh shar’iy amallar haqidagi ilmdir, aqliy ilmlar haqidagi emas. U amaliy hukmlar haqidagi ilmdir. Shar’iy ilmlar aqoid, fiqh va tarbiyani o‘z ichiga olsa, bizning mavzu bularning ichidan faqatgina amaliy hukm bo‘lmish fiqh ilmi haqida bo‘ladi. Bu ilm Qur’on va Sunnatdan olingan, Qur’on va Sunnatdan chiqarib olingan. «Tafsiliy dalillardan» degani shuki, masalan, «Namozni ado etinglar» degan oyat tafsiliy dalil bo‘ladi, undan chiqarib olinadigan hukm namozning farzligi bo‘ladi. Demak, tafsiliy dalil muayyan bir hukmga xos dalildir.

Keltirilgan bu ta’rifimiz usul ulamolarining ta’rifidir. Bu ta’rif bizga hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday qilib chiqarib olish haqida umumiy tushuncha beradi. Usul ulamolari fiqhga «ilm» deb ta’rif berishyapti. Nima uchun? Usul ilmi nimani o‘rganadi? Usul hukmlarni Qur’on va Sunnatdan qanday qilib chiqarib olishni o‘rgatadi. Shuning uchun ta’rifda: «Tafsiliy dalillardan chiqarib olingan», deb aytilyapti. Demak, har bir fiqhiy hukmning dalili bo‘ladi. Usul ulamolari tomonidan bunday ta’rif berilishining sababi shuki, bu fan hukmlarni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarib olishni o‘rganadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Boshqa maqolalar

Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

23.07.2025   2765   1 min.
Mo‘miyo iste’mol qilish mumkinmi?

Savol: Mo‘miyo  halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.