Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Biz haq, dushmanimiz botilda emasmi?

17.12.2024   9280   7 min.
Biz haq, dushmanimiz botilda emasmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni tush ko‘rdilar. Tushlarida sahobalar bilan birgalikda Makkaga kirib, Ka’bani tavof qilayotgan ekanlar. Uyqudan turgach, sahobalarga tushlarini aytib berdilar. Ular qattiq xursand bo‘lishdi. Chunki payg‘ambarlar tushi haq. Ular qiblalari va vatanlari bo‘lmish Makkani juda sog‘inishgan edi. Qalblari sog‘inch hasratidan yonardi!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam to‘rt ming sahobalari hamrohligida Makkaga yo‘l oldilar. Yonlarida zavjalari Ummu Salama onamiz bor edi. Ular Hudaybiyaga yetib borishganda Quraysh elchilari va musulmonlar o‘rtasidagi o‘sha mashhur muzokara bo‘lib o‘tdi. Oxirida Qurayshdan Suhayl ibn Amr keldi. Shu yerda Hudaybiya sulhi tuzildi. Sulhning shartlari ichida ikki tomon o‘rtasidagi o‘n yillik yarashuv, musulmonlarning bu yil Makkaga kirmasdan qaytib ketishlari, kelasi yil kelishlari, Qurayshdan birov musulmon bo‘lib, Madinaga borsa, uni musulmonlar qaytarib berishlari, musulmonlardan birov murtad bo‘lib, mushriklar oldiga kelsa, mushriklar uni qaytarmasliklari, arablar musulmonlar ittifoqiga yoki mushriklar ittifoqiga qo‘shilishda ixtiyorli ekanliklari kabilar bitilgan edi.

Sahobalar bu sulhni nihoyatda adolatsizlik va nohaqlik deb bilishdi. Ular haqiqiy mo‘min o‘laroq Alloh va Rasuli uchun, haq uchun g‘azabga kelishdi. Hatto Umar roziyallohu anhu: "Ey Allohning Rasuli! Biz haq emasmizmi, dushmanimiz botilda emasmi?!" deya e’tiroz qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Shunday!" dedilar. Umar roziyallohu anhu aytdilar: "Unday bo‘lsa, nega dinimiz masalasida u pastkashlarga yon bermoqdamiz?!".

Ammo vahiy bilan quvvatlanib turgan, Hudaybiya sulhini Makkani fath qilishdagi birinchi qadam ekaniga ishonchlari komil bo‘lgan Nabiy sollalohu alayhi vasallam musulmonlarga xitob qildilar:

«Ey insonlar! Qurbonliklaringizni so‘yinglar, sochlaringizni qisqartiringlar!».

Ya’ni, Alloh taolo sizlarning umralaringizni qabul qildi, dedilar. Ammo sahobalar Allohni sevganlari bois, umra qilish haqidagi qarorlari balki o‘zgarmas, degan umidda o‘rinlaridan qimirlamadilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam gaplarini yana takrorladilar. Yana hech kim qimirlamadi. Uchinchi bor takrorladilar. Yana hech kim qimirlamadi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anho onamizning huzurlariga kirib dedilar:

– Odamlarga nima bo‘lgan-a?!

Ummu Salama onamiz aytdilar:

– Ey Allohning Rasuli! Ko‘rib turibsiz, ular mahzun bo‘lishgan. Ularga gapirmang. Qurbonligingizni so‘ying, sochingizni oling. Shunday qilsangiz, ular ham sizga ergashishadi!

Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqib, hech kimga hech narsa demasdan, tuyalarini so‘ydilar, sochlarini oldirdilar. Sahobalar buni ko‘rgach, ular ham qurbonliklarini so‘yib, sochlarini ola boshlashdi!

Bu voqeadan ko‘rishimiz mumkinki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam vahiy bilan qo‘llab-quvvatlanib turganlar. Tavfiq va ismat bilan o‘ralganlar. Shunday bo‘lsa-da, u zot xotinlari bilan butun ummatga xos bo‘lgan mashaqqatli siyosiy, diniy masalani maslahat qilyaptilar. Bu yerda erkaklikka putur yetadigan hech narsa yo‘q. Aksincha, bunday qilish haqiqiy erlar ishidir. Zero, buni mardlar sayyidi qilyaptilar. Qolaversa, bu payg‘ambarlar yo‘liga ergashish hamdir!

Ba’zilar: «Ayollar bilan maslahatlashinglar, ammo uning teskarisini qilinglar!» deydi. Bu gapning dinga, sunnatga, mantiqqa umuman aloqasi yo‘q!

Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib faqirlarga katta-katta sadaqa qilardi. Jannat yoshlarining sayyidlari bo‘lmish Hasan va Husayn roziyallohu anhumo u kishiga aqlga sig‘adigan darajada sadaqa berishini aytib nasihat qilishdi. Shunda Abdulloh ularga dedi:

– Robbim meni bu odatga odatlantirdi. Men ham odamlarni o‘rgatib qo‘ydim. Agar men odatimni o‘zgartirsam, Robbim ham odatini o‘zgartiradimi deb qo‘rqaman.

Gapining ma’nosi shuki, u sadaqa qilgani sari moli ko‘payib borgan.

Allohdan mol so‘rashning eng yaxshi yo‘li sadaqadir.

Ja’far roziyallohu anhu Muta jangida shahid bo‘lganida uning xotini Asmo bintu Umays o‘g‘illari Muhammad bilan Abdullohni qo‘llaridan tutib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib keldi. Ular hali go‘dak edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni quchoqlab turib dedilar:

– Ularning qiynalishidan qo‘rqyapsanmi?! Dunyo va oxiratda men ularning valiysiman.

So‘ng duo qildilar:

– Allohim! Ja’farning oilasiga O‘zing o‘rinbosar bo‘l. Abdullohning savdo-sotig‘iga baraka ber!

Bu muborak duo mustajob bo‘lib, Abdulloh haddan ortiq boyib ketdi va saxiylik qila boshladi.

Otalarning solih bo‘lishi farzandlar hayotini himoya qiladi. Bu Allohning borliqdagi o‘zgarmas qonunidir. Bu qonunni Alloh yer va osmonlarni yaratgan paytda yo‘lga qo‘ygan va O‘zining aziz kitobida zikr qilgan: "O‘zlari, agar ortlaridan zaif zurriyot qoldirsalar, ular haqida xavotirlanadiganlar (boshqalar haqida ham) qo‘rqsinlar. Bas, Allohga taqvo qilsinlar va to‘g‘ri so‘z aytsinlar" (Niso surasi, 9-oyat).

Ja’far roziyallohu anhu ahlini, sevganlarini, vatanini tashlab chiqib dinini saqlab qolish uchun Habashistonga hijrat qilgan bo‘lsayu, Alloh uning farzandlarini qanday tashlab qo‘yishi mumkin?! Allohning dini va shariati uchun kurashayotgan kishini Alloh qanday qilib g‘urbat diyorida Najoshiyning mamlakatida zoye qilishi mumkin?! Muta jangida qatnashgan, ikki qo‘li kesilsa-da, Islom bayrog‘ini tanasi bilan tutishga harakat qilgan zotning farzandlarini Alloh qanday zoye qilishi mumkin?!

Allohdan ko‘ra ahdiga vafodorroq kim bor?! Abdulloh ibn Ja’farning hayoti Alloh O‘z ahdiga vafo qilganining belgisidir.

Yuring, tarixni bir aylanib kelamiz. Alloh taolo Muso va Hizr alayhissalomlarga yetim bolalarning devorini tiklab qo‘yishni buyurganida ularning otalari solih bo‘lganini sabab qilgan edi. Bundan ortiq vafo bo‘ladimi? Ularning otasini hech kim tanimaydi. U solih inson bo‘lgani uchun Alloh ikki buyuk zotni uning nuragan devorlarini tuzatib qo‘yishlari uchun xizmatkor qilib yubormokda.

Bolalaringizni muhofaza qilmoqchi bo‘lsangiz, ularni Allohning rioyasi va hifzida topshirmoqchi bo‘lsangiz, solih bo‘ling! Va bo‘ldi, boshka tashvishlanmang! Alloh aslo axdini buzmaydi!

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu kechasi qoim bo‘larkan, uxlab yotgan qizchasiga qarab: «Ey qizalog‘im! Bu sen uchun», der edi. So‘ng yuqoridagi Muso va Hizr alayhissalomlar haqidagi devor bilan taalluqli oyatni o‘qirdi: «Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Robbing tarafidan rahmat o‘laroqdir. Men buni o‘zimcha qilganim yo‘q. Sen sabr qila olmagan narsalarning ta’vili ana shudir» (Kahf surasi, 82-oyat).

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

10.08.2026   25376   15 min.
Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas

 

Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
 

1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.


Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qingoyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.


2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:


Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.


Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.


Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.


3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.


Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.


4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.


Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].


Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.


5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.


6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].


Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].


So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.


Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.


Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.


Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.


7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.


1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].

Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].

Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.

Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].

Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.


2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].


So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].


Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!


Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.


3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.


Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.


Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.


Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.

Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi


Mazkur maqolaga 

.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan

Maqolalar