Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni tush ko‘rdilar. Tushlarida sahobalar bilan birgalikda Makkaga kirib, Ka’bani tavof qilayotgan ekanlar. Uyqudan turgach, sahobalarga tushlarini aytib berdilar. Ular qattiq xursand bo‘lishdi. Chunki payg‘ambarlar tushi haq. Ular qiblalari va vatanlari bo‘lmish Makkani juda sog‘inishgan edi. Qalblari sog‘inch hasratidan yonardi!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam to‘rt ming sahobalari hamrohligida Makkaga yo‘l oldilar. Yonlarida zavjalari Ummu Salama onamiz bor edi. Ular Hudaybiyaga yetib borishganda Quraysh elchilari va musulmonlar o‘rtasidagi o‘sha mashhur muzokara bo‘lib o‘tdi. Oxirida Qurayshdan Suhayl ibn Amr keldi. Shu yerda Hudaybiya sulhi tuzildi. Sulhning shartlari ichida ikki tomon o‘rtasidagi o‘n yillik yarashuv, musulmonlarning bu yil Makkaga kirmasdan qaytib ketishlari, kelasi yil kelishlari, Qurayshdan birov musulmon bo‘lib, Madinaga borsa, uni musulmonlar qaytarib berishlari, musulmonlardan birov murtad bo‘lib, mushriklar oldiga kelsa, mushriklar uni qaytarmasliklari, arablar musulmonlar ittifoqiga yoki mushriklar ittifoqiga qo‘shilishda ixtiyorli ekanliklari kabilar bitilgan edi.
Ammo vahiy bilan quvvatlanib turgan, Hudaybiya sulhini Makkani fath qilishdagi birinchi qadam ekaniga ishonchlari komil bo‘lgan Nabiy sollalohu alayhi vasallam musulmonlarga xitob qildilar:
«Ey insonlar! Qurbonliklaringizni so‘yinglar, sochlaringizni qisqartiringlar!».
Ya’ni, Alloh taolo sizlarning umralaringizni qabul qildi, dedilar. Ammo sahobalar Allohni sevganlari bois, umra qilish haqidagi qarorlari balki o‘zgarmas, degan umidda o‘rinlaridan qimirlamadilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam gaplarini yana takrorladilar. Yana hech kim qimirlamadi. Uchinchi bor takrorladilar. Yana hech kim qimirlamadi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Salama roziyallohu anho onamizning huzurlariga kirib dedilar:
– Odamlarga nima bo‘lgan-a?!
Ummu Salama onamiz aytdilar:
– Ey Allohning Rasuli! Ko‘rib turibsiz, ular mahzun bo‘lishgan. Ularga gapirmang. Qurbonligingizni so‘ying, sochingizni oling. Shunday qilsangiz, ular ham sizga ergashishadi!
Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallam tashqariga chiqib, hech kimga hech narsa demasdan, tuyalarini so‘ydilar, sochlarini oldirdilar. Sahobalar buni ko‘rgach, ular ham qurbonliklarini so‘yib, sochlarini ola boshlashdi!
Bu voqeadan ko‘rishimiz mumkinki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam vahiy bilan qo‘llab-quvvatlanib turganlar. Tavfiq va ismat bilan o‘ralganlar. Shunday bo‘lsa-da, u zot xotinlari bilan butun ummatga xos bo‘lgan mashaqqatli siyosiy, diniy masalani maslahat qilyaptilar. Bu yerda erkaklikka putur yetadigan hech narsa yo‘q. Aksincha, bunday qilish haqiqiy erlar ishidir. Zero, buni mardlar sayyidi qilyaptilar. Qolaversa, bu payg‘ambarlar yo‘liga ergashish hamdir!
Ba’zilar: «Ayollar bilan maslahatlashinglar, ammo uning teskarisini qilinglar!» deydi. Bu gapning dinga, sunnatga, mantiqqa umuman aloqasi yo‘q!
Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib faqirlarga katta-katta sadaqa qilardi. Jannat yoshlarining sayyidlari bo‘lmish Hasan va Husayn roziyallohu anhumo u kishiga aqlga sig‘adigan darajada sadaqa berishini aytib nasihat qilishdi. Shunda Abdulloh ularga dedi:
– Robbim meni bu odatga odatlantirdi. Men ham odamlarni o‘rgatib qo‘ydim. Agar men odatimni o‘zgartirsam, Robbim ham odatini o‘zgartiradimi deb qo‘rqaman.
Gapining ma’nosi shuki, u sadaqa qilgani sari moli ko‘payib borgan.
Allohdan mol so‘rashning eng yaxshi yo‘li sadaqadir.
Ja’far roziyallohu anhu Muta jangida shahid bo‘lganida uning xotini Asmo bintu Umays o‘g‘illari Muhammad bilan Abdullohni qo‘llaridan tutib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib keldi. Ular hali go‘dak edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni quchoqlab turib dedilar:
– Ularning qiynalishidan qo‘rqyapsanmi?! Dunyo va oxiratda men ularning valiysiman.
So‘ng duo qildilar:
– Allohim! Ja’farning oilasiga O‘zing o‘rinbosar bo‘l. Abdullohning savdo-sotig‘iga baraka ber!
Bu muborak duo mustajob bo‘lib, Abdulloh haddan ortiq boyib ketdi va saxiylik qila boshladi.
Otalarning solih bo‘lishi farzandlar hayotini himoya qiladi. Bu Allohning borliqdagi o‘zgarmas qonunidir. Bu qonunni Alloh yer va osmonlarni yaratgan paytda yo‘lga qo‘ygan va O‘zining aziz kitobida zikr qilgan: "O‘zlari, agar ortlaridan zaif zurriyot qoldirsalar, ular haqida xavotirlanadiganlar (boshqalar haqida ham) qo‘rqsinlar. Bas, Allohga taqvo qilsinlar va to‘g‘ri so‘z aytsinlar" (Niso surasi, 9-oyat).
Ja’far roziyallohu anhu ahlini, sevganlarini, vatanini tashlab chiqib dinini saqlab qolish uchun Habashistonga hijrat qilgan bo‘lsayu, Alloh uning farzandlarini qanday tashlab qo‘yishi mumkin?! Allohning dini va shariati uchun kurashayotgan kishini Alloh qanday qilib g‘urbat diyorida Najoshiyning mamlakatida zoye qilishi mumkin?! Muta jangida qatnashgan, ikki qo‘li kesilsa-da, Islom bayrog‘ini tanasi bilan tutishga harakat qilgan zotning farzandlarini Alloh qanday zoye qilishi mumkin?!
Allohdan ko‘ra ahdiga vafodorroq kim bor?! Abdulloh ibn Ja’farning hayoti Alloh O‘z ahdiga vafo qilganining belgisidir.
Yuring, tarixni bir aylanib kelamiz. Alloh taolo Muso va Hizr alayhissalomlarga yetim bolalarning devorini tiklab qo‘yishni buyurganida ularning otalari solih bo‘lganini sabab qilgan edi. Bundan ortiq vafo bo‘ladimi? Ularning otasini hech kim tanimaydi. U solih inson bo‘lgani uchun Alloh ikki buyuk zotni uning nuragan devorlarini tuzatib qo‘yishlari uchun xizmatkor qilib yubormokda.
Bolalaringizni muhofaza qilmoqchi bo‘lsangiz, ularni Allohning rioyasi va hifzida topshirmoqchi bo‘lsangiz, solih bo‘ling! Va bo‘ldi, boshka tashvishlanmang! Alloh aslo axdini buzmaydi!
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu kechasi qoim bo‘larkan, uxlab yotgan qizchasiga qarab: «Ey qizalog‘im! Bu sen uchun», der edi. So‘ng yuqoridagi Muso va Hizr alayhissalomlar haqidagi devor bilan taalluqli oyatni o‘qirdi: «Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki bo‘lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishlarini iroda qildi. Robbing tarafidan rahmat o‘laroqdir. Men buni o‘zimcha qilganim yo‘q. Sen sabr qila olmagan narsalarning ta’vili ana shudir» (Kahf surasi, 82-oyat).
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM