Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Oktabr, 2026   |   18 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:31
Quyosh
06:50
Peshin
12:12
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:39
Bismillah
29 Oktabr, 2026, 18 Jumadul avval, 1448

"Qizil shahar" nomini olgan davlat

18.12.2024   5827   9 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Afrika qit’asi shimoli-g‘arbida joylashgan Marokash davlatini arablar – Mag‘rib, turklar – Fas, fransuzlar esa Marok (Marokko) deb ataydilar. Mazkur qirollik hududida joylashgan to‘rtta qadimiy shahar – Fas (Fes), Marokash, Maknas turli yillarda mamlakat poytaxti vazifasini bajargan. Zamonaviy Rabot (Ar Ribat) esa hozirgi Marokashning bosh kentidir. Yillar davomida sayyohlarni maftun etib kelayotgan tarixiy qadamjolardan biri – «Shimoliy Afrika marvaridi» nomini olgan Marokash shahriga sayohat qilishga nima deysiz?

Yozda ham qurib qolmaydigan o‘nlab daryolar manbai – Atlas tog‘lari etagida joylashgan Marokash shahri to‘qqiz yuz yillik tarixga ega. Unga XI asrda Al-murobitlar (1050–1147) sulolasi vakillari tomonidan asos solingan bo‘lib, XII asrga kelib eski Marokash – Mag‘rib, Andalusiya hamda Shimoliy Afrikaning muhim tijoriy, madaniy va diniy markaziga aylangan. Sa’dlar sulolasi hukmronligi (1510–1659) davrida shaharning mavqei va shuhrati yanada ortgan. Yangi masjidlaru madrasalar, bog‘laru hovuzlar barpo etilgan, xarob holga kelgan inshootlar ta’mirlanib, qayta tiklangan. Shu o‘rinda qirollik ma’lum vaqt davomida Ispaniya va Fransiyaga bo‘ysungani uchun bugun mamlakat shaharlarida Yevropa madaniyati me’morchiligi namunalari saqlanib qolganini ham aytib o‘tish joiz.

1956 yilda Marokash davlati mustaqillikka erishganidan so‘ng mazkur shaharni sayyohlik markaziga aylantirish maqsadida sezilarli islohotlar amalga oshirildi: mehmonlarga qadimgi kentning sershovqin hayoti, urf-odatiyu turfa madaniyati, noyob me’morchilik namunalari taqdim etilib, turistik loyihalarga muvofiq palma, zaytun va boshqa daraxtlar ekilgan yangi so‘lim bog‘lar barpo etildi.

Eski shahar

Marokash shahri xuddi Toshkent kabi – eski va yangi qismlarga bo‘lingan. Atlas tog‘ tizmasi yonbag‘irlari qizilga moyil jigar rang tuproqdan iborat bo‘lgani bois, bu hududlarda insho qilingan deyarli barcha binolar shu tusda. Marokash shahri o‘rnida qad rostlagan ilk maskan – mudofaa qal’asi al-murobitlar amiri Ali ibn Yusuf farmoni bilan qurilgan bo‘lib, keyinchalik bu qo‘rg‘on atrofida shahar vujudga kelgan. Olisdan Marokash imoratlari ol tusda ko‘ringani uchun mahalliy aholi va mehmonlar uni «madinatul hamro», ya’ni «qizil shahar», deb atagan. E’tiborlisi, Marokashning «eski shahar» hududi 1985 yilda YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirilgan. Eski shahar ko‘chalari bir-biriga ulanib ketgan bir nechta mahallalardan iborat bo‘lib, deyarli har bir ko‘chada katta-kichik masjidlar bor. Bundan tashqari, har bir mahallaning umumiy hammomi va umumiy tandirxonasi mavjud bo‘lib, mahalla ahli – boy-badavlat xonadon vakillari ham, o‘rtahol oila a’zolari ham non va non mahsulotlarini uyida tayyorlab (masalan, xamir qorib, non yasab), umumiy tandirxonaga olib borib, o‘sha yerda pishirtirishar ekanlar.

Jomeul Fano maydoni

Eski shaharning «yuragi» hisoblangan mazkur maydonda hech qanday inshoot qad rostlamagan bo‘lsa ham, bu yerda ertayu kech hayot qaynaydi: o‘ziga xos meshlarni ko‘tarib olgan sharobchilar mehmonlarga chanqovbosdi ichimliklarni taklif qiladilar, mahalliy san’atkorlar o‘z mahoratlarini namoyish etadilar, ilon va maymun o‘ynatuvchilar tomoshalarini o‘tkazib olganlaridan keyin xohlovchilarni jonivorlari bilan suratga tushishga chorlaydilar. Kechki payt maydon umumiy ovqatlanish hududiga aylanadi.

Manbalarda keltirilishicha, Sa’dlar sulolasi vakili Sulton Ahmad al-Mansur (hukmronligi 1578–1603) maydonning shimoliy qismida katta masjid qurdirmoqchi bo‘lgan. Ammo bino endi ko‘tarilayotganda mamlakatda vabo tarqalib, ishlar to‘xtab qolgan ekan. XIX asrgacha saqlanib qolgan ushbu masjid xarobalari o‘rnida yengil konstruksiyali yangi bozor savdo rastalari bunyod etilgan. «Suvqu jadid», ya’ni yangi bozorda oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, zargarlik buyumlari, turli xil san’at namunalari, gilamlar, suvenirlar, asosan fonuslar, mahalliy uslubda tikilgan kiyim-kechaklar sotiladi. Bozordagi savdo rastalari yo‘laklari shu qadar chalkashki, u yerga kirgan kimsa ba’zida chiqish yo‘lini topa olmay qoladi.

Turli zamonlarda maydon – mahkumlarni omma oldida jazoga tortish, bayramlar hamda to‘ylarida otliqlar ko‘rgazmasini o‘tkaziladigan joyi vazifasini ado etgan.

Kutubiyya masjidi

Marokash shahri ramziga aylangan ushbu masjid XII asrda muvahhidlar (1121–1269) sulolasi vakillari tomonidan insho etilgan bo‘lib, Shimoliy Afrikaning islom dinini qabul qilgan tub aholisi – barbarlarning an’anaviy me’morchilik uslubida qurilgan. Mazkur uslubning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, inshootlar, shu jumladan, minoralar to‘rtburchak shaklda quriladi. Jumladan, Kutubiyya masjidining balandligi 77 metrli, diagonali ancha uzun (minora ichidagi aylanma zina orqali to‘rt-besh kishi yonma-yon turib bemalol tepaga chiqa oladi) bo‘lgan minorasi ham to‘rtburchak shaklida barpo etilgan. Ushbu minora Kasablanka shahridagi Hasan II masjidi, Ispaniyaning Sevilya shahridagi Xiralda nasroniylar ibodatxonasi (avvalgi Sevilya katta masjidi) minoralariga andoza (namuna) bo‘lib xizmat qilgan.

Tarixchilarning yozishicha, XIX asrdan boshlab masjid atrofiga yuzlab kitobdorlar kelib, kitob savdosi bilan shug‘ullangan. O‘sha davrgacha «Muvahhidlar masjidi» nomidagi mazkur ibodatgoh shundan keyin «Kutubiyya (arabchada «kutubiyun» – kitobdorlar degani) masjidi deb atala boshlangan.

Masjid minorasi uchiga ustma-ust turuvchi mis koptokchalar bilan qoplangan shpil, ya’ni qalpoqli nayza o‘rnatilgan. Mahalliy aholining aytishicha, Sulton Ya’qub al Mansurning ayoli Ramazon ro‘zasi kafforati evaziga o‘z taqinchoqlarini eritib, ana shu to‘pchalarni tilla suvi bilan qoplatgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda mazkur koptokchalar quruqlikdagi mayoq vazifasini ham o‘tagan. Xususan, tilla to‘pchalarga quyosh nurining tushishi natijasida minoraning uchi shahardan bir necha o‘n chaqirim naridan ham ko‘ringan. Shu tariqa atrofdagi cho‘l hududlaridan Marokash sari kelayotgan mehmonlar ushbu minorani mo‘ljal qilib shahar tomon yurishgan.

Bugungi kunda masjid quyosh panellari, gelio-suv isitkichlari hamda yorqin chiroqlar bilan jihozlangan. Atrofi palma daraxtlari bilan o‘ralgan, yo‘lovchilarga ochiq havoda dam olishi imkoniyatini beruvchi so‘lim yashil hududga aylantirilgan.

Ibn Yusuf madrasasi

Bir necha asr davomida Marokash davlatining tengsiz, o‘z navbatida, Shimoliy Afrikaning yirik oliy ilm dargohlaridan biri bo‘lgan ushbu madrasa 1564–1565 yillarda sa’dlar sultoni Abdulloh ibn G‘olib tomonidan qurilgan bo‘lib, 1960 yilga qadar faoliyat ko‘rsatgan. Ikki qavatli, 107 ta xona (hujra)dan iborat madrasada bir vaqtning o‘zida 900 nafar talaba dars olgan. Madrasa hovlisi o‘rtasida hovuz, uning atrofida ajoyib naqshlar bilan bezatilgan ayvonchalar bor. 1982 yildan mazkur madrasa muzey sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Bahiya saroyi

XIX asr o‘rtalarida Ci Musa ismli sobiq qul Marokash qiroli Abdulaziz IVning vaziri etib tayinlanadi. Tinimsiz mehnat va ko‘p mashaqqatlar evaziga shu darajaga erishgan vazir Marokash shahrida o‘zi va oilasi uchun Bahiya nomli hashamatli saroy qurdiradi. 300 gektardan ortiq maydonni egallagan saroy hovlisiga marmar toshlar yotqiziladi, atrofi temir panjara va darvozalar bilan o‘raladi. Devorlar va shiftlarga rango-rang bezaklar yordamida jilo beriladi. Saroyga tutash hududda apelsin, banan bog‘lari, otxona va hammom barpo etiladi, masjid quriladi. Si Musa vafot etgach, bosh vazir etib tayinlangan uning o‘g‘li Ba Ahmad qurilish ishlarini davom ettirib, saroy hududini yanada kengaytiradi. Ba Ahmad vafot etgach, XX asr boshlarida saroy qarovsiz qoladi. O‘z vaqtida Fransiya marshali Liote saroyni ta’mirlab, undan qarorgoh (rezidensiya) sifatida foydalangan.

Keyinchalik muzeyga aylantirilgan Bahiya saroyi bugungi kunda Marokash shahridagi sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan turistik obyektlardan biri bo‘lib turibdi.

Riyozlar

Marokash shahri, shuningdek, o‘zining riyozlari bilan ham mashhur. «Riyoz» bir vaqtlar tojirlar uchun boshpana bo‘lgan, bugunga kelib esa milliy mehmonxonalarga aylantirilgan maskanlardir. Tashqi tarafdan qaralganda oddiy ko‘ringan bu uylarning ichkarisi nozik did bilan jihozlangan. Hovli ichiga turfa gul va daraxtlar ekilgani uchun ham bu mehmonxonalar «riyoz» nomini olgan. Avvallari shaharning boylari faqirlarning ko‘ngli o‘ksimasligi uchun o‘z uylarini oddiygina qilib qurishgan ekan. O‘sha qadimgi uylarning ayrimlaridan ham bugun milliy ruhdagi mehmonxonalar sifatida foydalanilmoqda. Aksariyat riyozlarning ayvonidan Atlas tog‘lari manzarasini tomosha qilish, tunda esa yulduzli osmonga boqib, Allohning Yer yuzini qanday ham go‘zal suratda yaratganini, Bani Odamga chiroyli inshootlarni bunyod qilish uchun ilhom berib qo‘yganini tafakkur qilish mumkin.

Xadicha Alisherova

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Turkiy dunyoning XI asrdagi qomusi: Qoshg‘ariy merosiga yangi nigoh

29.10.2026   25950   8 min.
Turkiy dunyoning XI asrdagi qomusi: Qoshg‘ariy merosiga yangi nigoh

Bir kitob bir vaqtning o‘zida lug‘at, tarixiy xarita, xalq og‘zaki ijodi to‘plami va o‘tmish jamiyatining o‘ziga xos qomusi bo‘la oladimi? XI asrda yashagan buyuk tilshunos Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari bu savolga javob beradi.

XI asrda yaratilgan, turkiy xalqlarning tili, geografiyasi va madaniy hayotini bir asarda jamlagan «Devonu lug‘otit turk» bugun ham jahon tilshunosligi uchun muhim manba bo‘lib qolmoqda. Mahmud Qoshg‘ariyning ushbu qomusiy merosi 2017 yilda UNESCOning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans ekspozitsiyasida asarning faksimile nusxasi namoyish etilishi esa tashrifchilarga qariyb ming yil avvalgi turkiy dunyo bilan tanishish imkonini bermoqda.

1072–1074 yillarda yaratilgan asar turkiy xalqlar tilini arab tilida tushuntirish maqsadida tuzilgan bo‘lsa-da, uning ilmiy ahamiyati oddiy lug‘at doirasidan ancha kengdir. Unda turkiy so‘zlarning ma’nosi va qo‘llanishi bilan birga turli qabilalarning til xususiyatlari, maqollar, she’riy parchalar, geografik nomlar va ijtimoiy hayotga oid ma’lumotlar jamlangan.

XI asrdagi turkiy dunyoni tasvirlagan xarita

Asarning eng e’tiborli xususiyatlaridan biri — undagi doirasimon tarixiy xaritadir. U turkiy xalqlar yashagan hududlar, geografik obyektlar va o‘sha davrdagi makon haqidagi tasavvurlarni aks ettiradi.

Turkiyaning Qo‘lyozma asarlar muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur xaritada tog‘lar, ko‘llar, daryolar, turkiy xalqlar istiqomat qilgan hududlar bilan birga boshqa mintaqalar, jumladan, Yaponiya ham tasvirlangan.

Bu jihat asarning ahamiyatini yanada oshiradi. Chunki Mahmud Qoshg‘ariy turkiy so‘zlarni muayyan geografik va madaniy muhit bilan bog‘lab o‘rgangan. Uning xaritasi zamonaviy geografik o‘lchovlarga asoslangan atlas emas, balki XI asrdagi bilimlar va dunyoqarashning tarixiy guvohidir.

Shu ma’noda, «Devonu lug‘otit turk»ni ilk turkiy lingvistik geografiyaning muhim manbalaridan biri sifatida o‘rganish mumkin.

Bir so‘z ortida butun bir xalq hayoti

Mahmud Qoshg‘ariyning ilmiy yondashuvi so‘zlarning ma’nosini izohlash bilan cheklanmagan. Olim ularni xalq og‘zaki ijodi, kundalik turmush va turli til muhitlari bilan bog‘liq holda qayd etgan.

Asardagi maqollar va she’riy parchalar XI asr turkiy xalqlarining axloqiy qarashlari, mehnat an’analari, ijtimoiy munosabatlari va badiiy tafakkurini o‘rganish imkonini beradi.

Bu materiallar ayniqsa folklorshunoslik uchun muhimdir. Ayrim og‘zaki ijod namunalari bizga aynan shu asar orqali yetib kelgan. Demak, Qoshg‘ariy faqat so‘zlarni emas, ular bilan birga muayyan davrning madaniy xotirasini ham saqlab qolgan.

Asarning yana bir muhim xususiyati — turkiy til va lahjalar o‘rtasidagi farqlarni qayd etishidir. Bu ma’lumotlar tarixiy tilshunoslikda so‘zlarning shakli, ma’nosi va tarqalishini qiyosiy o‘rganish uchun qimmatli dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Nima uchun asar arab tilida yozilgan?

«Devonu lug‘otit turk»ning o‘ziga xos jihatlaridan biri — turkiy so‘zlarning arab tilida sharhlanganidir.

XI asrda arab tili musulmon olamida ilm-fan va yozma madaniyatning asosiy tillaridan biri edi. Mahmud Qoshg‘ariy ana shu ilmiy muhitda turkiy tillarning boy lug‘at tarkibi va ifoda imkoniyatlarini tizimli ravishda namoyon etdi.

Bu holat asarni madaniyatlararo ilmiy muloqotning muhim namunasi sifatida baholash imkonini beradi.

Olim turkiy tillarni boshqa tilda so‘zlashuvchi auditoriyaga tushuntirish orqali nafaqat lug‘at tuzgan, balki ularning mustaqil til tizimi va boy madaniy an’analarga ega ekanini ko‘rsatgan.

Asarning bizgacha yetib kelish tarixi

«Devonu lug‘otit turk»ning bugun ma’lum bo‘lgan yagona qo‘lyozma nusxasi Mahmud Qoshg‘ariy yashagan davrga emas, XIII asrga mansub.

Turkiya Qo‘lyozma asarlar muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lyozma 1266 yilda Muhammad ibn Abu Bakr as-Saviy tomonidan ko‘chirilgan. U 319 varaqdan iborat bo‘lib, hozir Istanbuldagi Millat qo‘lyozmalar kutubxonasining Ali Amiriy fondida saqlanadi.

Qo‘lyozma XX asr boshlarida Ali Amiriy tomonidan qo‘lga kiritilgan va keyinchalik ilmiy muomalaga kiritilgan. Uning qayta kashf etilishi turkiy tillar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarga yangi manbaviy asos yaratdi.

Muhim jihat shundaki, bugun tadqiqotchilar foydalanayotgan matn muallif davridan qariyb ikki asr keyin ko‘chirilgan nusxa orqali yetib kelgan. Shu bois asarni o‘rganishda qo‘lyozmaning matniy tarixi, ko‘chirilish xususiyatlari va ilmiy nashrlarini qiyosiy tahlil qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

UNESCO e’tirof etgan umuminsoniy meros

2017 yilda «Devonu lug‘otit turk» qo‘lyozmasining UNESCO «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilishi uning nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon madaniy va ilmiy merosi uchun ham ahamiyatli ekanini tasdiqladi.

UNESCOning Turkiya milliy komissiyasi mazkur asarni XI asr turkiy xalqlarining tili va etnografiyasi haqidagi eng boy manbalardan biri sifatida baholaydi.

Bu e’tirof asarning tilshunoslik, kartografiya, etnografiya va tarix kabi bir necha ilmiy sohalar uchun ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Islom sivilizatsiyasi markazida ming yillik merosning yangi talqini

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans ekspozitsiyasida «Devonu lug‘otit turk» asarining faksimile nusxasiga alohida o‘rin ajratilgan.

Mazkur ekspozitsiya buyuk allomalarning ilmiy merosini tarixiy manbalar, nodir nashrlar va zamonaviy muzey yechimlari orqali namoyish etishga qaratilgan.

Mahmud Qoshg‘ariy asariga bag‘ishlangan maxsus media loyiha konsepsiyasida qo‘lyozma nusxasini raqamlashtirish, asarning yaratilish tarixi, tuzilishi va ilmiy ahamiyatini tushuntiruvchi videomaterial hamda interaktiv axborot resursi tayyorlash nazarda tutilgan.

Bunday yondashuv tarixiy qo‘lyozmani faqat ko‘rgazma ashyosi sifatida emas, balki tashrifchi mustaqil o‘rganishi mumkin bo‘lgan ilmiy-ma’rifiy manba sifatida taqdim etish imkonini kengaytiradi.

Xususan, asarning tarixiy xaritasini zamonaviy geografik ma’lumotlar bilan qiyoslash, undagi ayrim so‘zlar va maqollarni bugungi turkiy tillar bilan taqqoslash, qo‘lyozmaning saqlanish tarixini interaktiv shaklda tushuntirish kelgusidagi muzey-ta’lim loyihalari uchun istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.

O‘zbek tilining tarixiy ildizlarini anglash

«Devonu lug‘otit turk» o‘zbek tili tarixini o‘rganishda muhim umumturkiy manbalardan biri hisoblanadi.

Biroq asarni zamonaviy o‘zbek tilining yagona bevosita manbasi sifatida talqin qilish ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘zbek tilining shakllanishi uzoq davom etgan tarixiy, hududiy va madaniy jarayonlar bilan bog‘liq.

Qoshg‘ariy asari ana shu murakkab taraqqiyotning qadimiy qatlamlarini o‘rganish, turkiy tillar o‘rtasidagi umumiylik va farqlarni aniqlash, so‘zlarning tarixiy ma’no o‘zgarishlarini tadqiq etish uchun muhim asosdir.

Ayniqsa, o‘zbek tili bayrami munosabati bilan mazkur asarga murojaat qilish tilni qadrlashning yana bir muhim jihatini — uning ilmiy tarixi va manbaviy asoslarini bilish zarurligini namoyon etadi.

Qadimiy qo‘lyozmadan zamonaviy ilm-fangacha

Bugun tarixiy lug‘atlar faqat tilshunoslar uchun emas, raqamli gumanitar fanlar, elektron korpuslar va tarixiy ma’lumotlar bazalarini yaratish uchun ham muhim manbaga aylanmoqda.

«Devonu lug‘otit turk»dagi so‘zlar, geografik nomlar, maqollar va lahja xususiyatlarini raqamli shaklda tizimlashtirish kelgusida til tarixi bo‘yicha qiyosiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish imkonini berishi mumkin.

Bu — asar asosida barcha shunday texnologiyalar allaqachon yaratilganini anglatmaydi. Biroq uning tarkibidagi ma’lumotlar zamonaviy tadqiqot usullari uchun katta ilmiy imkoniyatga ega.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Devonu lug‘otit turk» faksimile nusxasining namoyish etilishi ana shu uzviy bog‘liqlikni — tarixiy meros, ilmiy tadqiqot va zamonaviy ma’rifat o‘rtasidagi aloqani ko‘rsatadi.

Mahmud Qoshg‘ariyning asari bizga bir haqiqatni eslatadi: til tarixi faqat so‘zlar tarixi emas. U — xalqning dunyoqarashi, geografik tasavvuri, ijodiy tafakkuri va asrlar davomida saqlanib kelgan madaniy xotirasidir.

Durdona Rasulova, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari