Bismillahir Rohmanir Rohiym
Toshkent islom institutida “Yanvar – Arab tili va balog‘at” fanlari oyligi hamda "18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni" munosabati bilan talabalar o‘rtasida “Tillar” kafedrasi tomonidan musobaqa tashkil etildi.
Musobaqa har yilgidek qizg‘in va yuqori saviyada o‘tdi. Ayniqsa, sahna ko‘rinishlari talabalarning ijodkorligini va arab tiliga bo‘lgan qiziqishini yorqin namoyon etdi hamda tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Arab tilini bilish Qur’oni karim ma’nolarini anglashga, ilm-fan, tarix va xalqlar madaniyatlarini o‘rganishga olib boruvchi yo‘ldir.
Musobaqada quyidagi natijalar qayd etildi:
1-o‘rin: Sakkokiy jamoasi (3-kurs talabalari);
2-o‘rin: Zamaxshariy jamoasi (1-kurs talabalari);
3-o‘rin: Mulla Jomiy jamoasi (2-kurs talabalari).
Musobaqa talabalarning bilimlarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari va maqtov yorliqlari topshirildi.
Arab tili nafaqat diniy ilmlarni o‘rganish, shu bilan birga dunyo madaniyatlari, ilm-fan va tarixga yo‘l ochuvchi tillardan biridir. Bu kabi tadbirlar talabalarga bilimlarini amalda qo‘llash imkoniyatini berib, ularning ijodiy qobiliyatlarini oshiradi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
Matbuot xizmati
Shu yil 3-4 yanvar kunlari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari, o‘quv-uslubiy va yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limlari boshliqlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturudiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent islom institutidan jalb qilingan professor-o‘qituvchilar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda olib bordi.
Mazkur malaka oshirish kursidan ko‘zlangan maqsad diniy ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishidagi mas’ul xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik usullarni joriy qilish va ta’lim sifatini yaxshilash sanaladi.
Yakunda tinglovchilarga mazkur malaka oshirish kursi yakunlagani to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati