Toshkent islom institutida “Yanvar – Arab tili va balog‘at” fanlari oyligi hamda "18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni" munosabati bilan talabalar o‘rtasida “Tillar” kafedrasi tomonidan musobaqa tashkil etildi.
Musobaqa har yilgidek qizg‘in va yuqori saviyada o‘tdi. Ayniqsa, sahna ko‘rinishlari talabalarning ijodkorligini va arab tiliga bo‘lgan qiziqishini yorqin namoyon etdi hamda tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Arab tilini bilish Qur’oni karim ma’nolarini anglashga, ilm-fan, tarix va xalqlar madaniyatlarini o‘rganishga olib boruvchi yo‘ldir.
Musobaqada quyidagi natijalar qayd etildi:
1-o‘rin: Sakkokiy jamoasi (3-kurs talabalari);
2-o‘rin: Zamaxshariy jamoasi (1-kurs talabalari);
3-o‘rin: Mulla Jomiy jamoasi (2-kurs talabalari).
Musobaqa talabalarning bilimlarini yanada rivojlantirishga xizmat qildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari va maqtov yorliqlari topshirildi.
Arab tili nafaqat diniy ilmlarni o‘rganish, shu bilan birga dunyo madaniyatlari, ilm-fan va tarixga yo‘l ochuvchi tillardan biridir. Bu kabi tadbirlar talabalarga bilimlarini amalda qo‘llash imkoniyatini berib, ularning ijodiy qobiliyatlarini oshiradi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati