O‘zbekiston musulmonlari idorasida Indoneziyaning Janubiy Kalimantan viloyati ulamolar kengashi bosh raisi Shayx Ahmad Syairazi boshchiligidagi 60 kishilik nufuzli delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarni Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov qabul qildi. Samimiy va do‘stona kechgan muloqotda Indoneziyaning yetuk olimlari, tadqiqotchilar hamda yirik tadbirkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda mehmonlarga yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganish yo‘lidagi xayrli ishlar va ta’lim muassasalaridagi zamonaviy sharoitlar haqida so‘zlab berildi.
O‘z navbatida, Shayx Ahmad Syairazi O‘zbekistondagi yuksak mehmondostlik uchun tashakkur bildirib, diniy ta’lim tizimidagi yutuqlarni e’tirof etdi. U kelajakda indoneziyalik yoshlarni yurtimizga o‘qishga yuborish, xususan, hadis ilmi bo‘yicha maxsus kurslarga jalb etish niyatida ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, indoneziyalik tadqiqotchilar Buxoro va Samarqand shaharlariga safarlaridan olgan yorqin taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
Muloqot yakunida xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati