Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shunday ekan, bo‘sh vaqtni g‘animat bilib, foydali va ezgu ishlarga bag‘ishlamoq darkor. Agar bo‘sh vaqt yaxshi ishlar bilan to‘ldirilmasa, u albatta yomon va kelajakda ziyon bo‘ladigan ishlar bilan to‘ladi. Kishi ishdan va boshqa zaruriy narsalardan qutulib, bo‘sh vaqt topsa, uni ham g‘animat bilishi kerak. Hech bo‘lmaganda kitob o‘qish, biron narsa o‘rganish, birorta foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lish yoki qarindoshlarni ko‘rish, kasal ziyorat qilish va hokazo ishlar bilan bo‘sh vaqtdan ham unumli foydalanish lozim. Negaki, g‘irt bekorchilik kishi ongiga turli vasvasalarni, behuda fikrlarni olib keladi. Qalbga g‘am-anduh eshigini ochadi. Turli-tuman shahvoniy ishlarga yetaklaydi.Axir bejizga: “Erkak kishining bekorchiligi g‘aflat, ayol kishining bekorchiligi esa shahvatdir” deyishmaydi. Misr hokimining xotini Zulayho o‘z xizmatchisi bo‘lmish Yusuf alayhissalomga xushtor bo‘lib qolib, uni o‘z tuzog‘iga tushirish uchun har xil hiyla-nayranglar uyushtirishi u yashayotgan o‘ta dabdabali muhitdagi bekorchilikdan kelib chiqqan.
Vaqt xususiyatlari
Vaqtning boshqa narsalardan ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bizlar uni to‘g‘ri ma’noda tushunishimiz va uning nuri bilan ish olib borishimiz lozim;
1. Vaqt tez o‘tadi.
Xoh shod-hurramlik va quvonch bilan o‘tsin, xoh qiyin, mashaqqatli bo‘lsin, u bulut tezligida yurib, shamol tezligida o‘tadi. Bizga xursandlik kunlarimiz birmuncha tezroq, qayg‘uli kunlarimiz sekin va og‘ir o‘tayotgandek ko‘rinadi. Aslida, undayemas, lekininsongashundaytuyuladixolos. Shoir aytadi:
Baxtu saodatga to‘la oylarim
Go‘yo davom etdi kundan ham qisqa,
Va lekin hijronga to‘la kunlarim
Yillardek ko‘rindi mening ko‘zimga,
Nahot endi o‘tdi yillar, do‘stlarim,
Hayratla boqaman bu kun o‘zimga.
2. Vaqtdan o‘tgani ortiga qaytmaydi va o‘rniga almashmaydi ham.
Har bir kun o‘tadi, har bir soat nihoyasini topadi va har bir lahza kezuvchidir, uni ortga qaytarish yoki boshqasi bilan almashtirishning imkoni yo‘q. Bu xolni Hasan Basriy yetuk so‘zlari chiroyli tavsiflaydi: «Har bir tonggi yorishadigan kun borki, inson bolasiga nido qiladi: «Men yangi yaratildim (imkoniyatingman), yangi kuningman, ishlaringga shohidman, mendan foydalanib qol. Agar ketsam, qiyomatga qadar qaytmayman».
Hasan Basriy haqlarida Imom Ali Zaynul Obidin: «Bu zot so‘zlari payg‘ambarlar so‘zlariga o‘xshash kishi edilar» deganlar. Ko‘p keksalarni ko‘ramiz, ular yoshlik davrlarini yana bir bora qaytishini orzu qiladilar, lekin bu ushalmaydigan orzu. Shoirlardan biri aytadi:
Ortiga qaytsaydi bir kunga yoshlik,
Unga aytardim nelar qildi keksalik.
Boshqa bir shoir umrning qay tarzda o‘tishini tasvirlab, uning kechayu kunduzlari ortga qaytmasdan ketadi va bunga umid ham yo‘q, deb yozadi:
Kishi ketar umrining jilovin tutib,
Oyu kunlar ichra fano safari sari,
Kecha va kunduzlar tong ottirib tunni kutib,
Dunyoni tark etar yaqinlashib qabr sari.
Tasavvur qiling, shunday bank borki, u har kuni ertalab hisobingizga 86400$ qo‘yadi.
Lekin bu bank xar kunlik qoldiqni saqlamaydi.
Xar kecha u siz ishlatmagan qoldiqni oxirgi tiyinigacha nolga tenglashtiradi.
Siz nima qilasiz?
Albatta xar kuni oxirgi tiyinigacha ishlatishga xarakat qilasiz!!!
Shuni bilingki, xammamizning shu bankda hisobimiz mavjud.
Uning nomi? Vaqt.
Xar kuni ertalab bu bank sizning hisobingizga 86400 sekund o‘tkazadi.
Xar kecha bu bank ma’lumotlarni o‘chiradi va bu kreditning qaysi qismi kerakli maqsadlarga sarflanmaganligiga qaraydi.
Bu bank pullarni saqlamaydi va ularni boshqa hisoblarga o‘tkazishga ham yo‘l qo‘ymaydi.
Xar kuni yangi hisob ochiladi.
Xar kecha bir kunlik qoldiq, ya’ni ishlatilmagan pullar bekor qilinadi.
Agar siz bu pullarni ishlatmasangiz – faqat siz yo‘qotasiz.
Biz orqaga qaytishimiz yoki ertangi kreditni qarzga olib turishimiz mumkin emas.
Siz, bugun sizga berilgani bilan HOZIR yashashingiz kerak. Pullarni shunday ishga tikingki, bundan sog‘lig‘ingizga, baxtingizga va ishingizga foydasi tegsin. Shuningdek, siz bu pullarga savob yoki gunox sotib olishingiz va shunday qilib amallar xaltasini savob yoki gunox amallarga to‘ldirishingiz mumkin.
Soat millari aylanishda davom etmoqda. Bugun vaqtdan maksimum darajada foydalaning.
Yilning qadriga yetish uchun, bu to‘g‘risida bir yil o‘qishni yo‘qotgan talabadan so‘rang.
Oyning qadriga yetish uchun, bu to‘g‘risida vaqtidan avval tug‘gan onadan so‘rang.
Xaftaning qadriga yetish uchun, bu to‘g‘risida xar xafta chiqadigan jurnalning muxarriridan so‘rang.
Bir soatning qadriga yetish uchun, bu to‘g‘risida uchrashuvni intizorlik bilan kutayotgan ikki oshiqdan so‘rang.
Bir daqiqaning qadriga yetish uchun, bu to‘g‘risida xozirgina poyezdga kechikkan odamdan so‘rang.
Bir soniyaning qadriga yetish uchun, bu to‘g‘risida xozirgina avtoxalokatga duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan insondan so‘rang.
Siz yashayotgan xar bir daqiqaning qadriga yeting.
Kecha? Bu tarix.
Ertaga?
Bu sir...
Shuning uchun imkoniyatingizda faqat Hozir bor!
Yana bir narsani unutmang: vaqt sizni kutib o‘tirmaydi!
Shuning uchun siz egalik qilayotgan xar bir daqiqaning qadriga yeting. Alloh sizga in’om etgan, sizga ajratilgan vaqt cheksiz emas.
Inson yorug‘ dunyodan yuz o‘girib, oxirat sari yuzlangan vaqtida o‘ziga yana bir - oz muxlat berilishini yoki yo‘qotgan narsasini to‘g‘rilab, buzganini tuzatib olish uchun ozgina vaqtning ortga qaytarilishini orzu kiladi. Shunda Qur’on aytadi: «Ey mo‘minlar, na mol-dunyolaringiz va na bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan yuz o‘girtirib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchi kimsalardir!» (Munofiqun, 9–10).
Sizlarning biringizga o‘lim kelib, u; «Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, men xayr-sadaqa qilib solih balandalardan bo‘lsam», deb qolishdan ilgari «Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz!».
Shulardan kelib chiqib, aytish joizki, har bir kishi o‘ziga berilgan qisqa umrni foydali ishlarga sarflashi, ilm olishi, hunar o‘rganishi, yoki tadbirkorlik, tijorat kabi kasb-kor qilishi va jamiyatga manfaatga harakat qilishi ayni muddaodir.
Xalq naqlida "Yoshlikda bilganing – toshga yozganing, qarilikda bilganing – muzga yozganing" deyiladi. Umrning oltin chog‘ida fursatni behuda, taralla bedodlik bilan o‘tkazmay insoniy axloq-odob, muomala-munosabat, kasb-u hunar, shirinsuxanlik va odillik ixlos-e’tiqod bilan o‘rganib olinsa, odam uchun bir umrga unutilmas odatga aylanadi. Bu esa hayotda yaxshi va mazmunli yashash uchun doim oydin, ravshan yo‘llarni ochib beradi.
Keling, hozir o‘zimizga ajratilgan qisqagina fursatni g‘animat bilib, vaqtni tejash, undan unumli foydalanishning omillaridan biri bo‘lmish halol mehnat va kasb-kor qilish, hunarmandlik, tadbirkorlik kabi narsalar xususida ham biroz so‘zlashsak.
Inson o‘z hayoti uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-bosh, turar-joy ta’minotini qadim-qadimdan yo‘lga qo‘yib kelgan. Shular jumlasiga tijorat, ziroat, chorvachilik, turli foydali kasb-hunar va tadbirkorlik ham kiradi.
Dinimiz ta’limoti yalqovlik, boqimandalik kabi zararli illatlarni qat’iy qoralab, insonlarni halol rizq topish yo‘lida sa’y-harakat qilish va chin-ixlos bilan mehnat qilgan holda hayot kechirishga chaqiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birovlarga yuk bo‘lgandan ko‘ra, hatto o‘tin terib kelib va uni sotib kun kechirish afzalroq ekanini aytganlar.
Barcha payg‘ambarlarning o‘z kasbkorlari bo‘lgan. Masalan: Nuh alayhissalom duradgorlik, Ibrohim alayhissalom bazzozlik, Dovud alayhissalom sovut yasash va temirchilik, xurmo daraxti novdalaridan savat to‘qish, Zakariyo alayhissalom duradgorlik, hazrati payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam cho‘ponlik va savdogarlik kasbi bilan mashg‘ul bo‘lishgan.
O‘z navbatida sahobai kiromlar ham biron-bir kasb-hunar bilan rizq-ro‘z topishga sa’y-harakat qilishgan. Misol tariqasida aytish mumiknki, Salmon Forsiy xurmo novdalaridan savat to‘qib sotardi, Abdur Rahmon ibn Avf, Usmon ibn Affon va boshqa bir qatr sahobiylar tijorat bilan shug‘ullanardilar. Qur’oni Karimda rizq topish niyatida Yer yuzida turoi sayohat va safarlarga chiqishga targ‘ib qilinadi. Shuningdek Unda insonlar turli hayotiy ehtiyoj va zaruriyatlar sababidan yer yuziga tarqalib rizq-ro‘z topishi, tadbirkorlik kabi foydali faoliyatlar bilan shug‘ullanishi, bor kuch va iqtidor, aql va bilimlarni sarflab ishlab chiqarish va iqtisodiy taraqqiyot sari sa’y-harakat qilishi zarurligiga chorlovchi ko‘plab ilohiy dalillar mavjud:
“U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir”.
Boshqa bir o‘rinda bunday marhamat qilinadi: “Namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz”.
Qadimdagi solih kishilarimiz mazkur narsalarni yaxshi anglaganlari uchun ham albatta biron kasb va hunar egasi bo‘lishgan yoxud tijorat, tadbirkorlik kabi ishlar bilan shug‘ullanishgan. Hazrati Imom Abu Hanifa rahimahulloh shoyi va ipak gazlamalri bilan savdo qilganlar. Mashhur vatandoshimiz va buyuk alloma Imom Qaffol Shoshiy hazratlari qulfsozlik bilan shug‘ullanganlar. Hazrat Xoja Ahror valiy esa tijorat va chorvachilik hamda mulkchilikning boshqa turlari bilan shug‘ullanganlar va hokazo...
Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, umrlarini ilmga bag‘ishlagan mazkur kishilar ham o‘z peshona teri bilan oila va ro‘zg‘or tebratganlar. Birovning qo‘liga qaram bo‘lmaganlar.
Tadbirkorlik va tijoratchilik kasblarining fazilati va ahamiyati Qur’oni Karim va hadisi shariflarda o‘z ifodasini topgan.
Imom Termiziy orqali rivoyat qilingan bir sharafli hadisda bunday deyiladi: “Rostgo‘y va ishonchli tijorat sohibi jannatda nabiylar, siddiqlar va shuhadolar bilan birga bo‘ladi”.
Bu hadisning ma’nosi o‘z ichiga barcha oldi-sotdi bilan shug‘ullanuvchilar, tadbirkorlar, kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar ham kiradi.
Darhaqiqat, tadbirkorlar, ishbilarmonlar va tijorat ahli kishilar bilan eng ko‘p muomalada bo‘ladigan toifa hisoblanadilar. Ular o‘z muomalalarida yolg‘on so‘zlash, noto‘g‘ri guvohlik berishdan o‘zlarini saqlamoqlari kerak bo‘ladi. Zero, yolg‘on gapirish ayni gunohi kabiradir.
Alloh taolo kechayu kunduz Vatan manfaati, xalq farovonligi yo‘lida o‘zining mehnati, bilimi va tajribasi bilan turli sohalarda tadbirkorlik ishlarini olib borayotgan imonli, insofli, muruvvatli mulkdorlarni, tijoratchilarni, ziroatchilarni, ishlab chiqaruvchilarni hifzu himoyasida saqlab, ishlariga barakotlar ato etsin!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar» mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ma’lum qilinishicha, 2017 yildan buyon 5300 dan ortiq «xatmul kutub» (muayyan diniy-ilmiy asarni ustoz rahbarligida boshidan oxirigacha o‘qish, uning mazmunini o‘rganish va sharhlash) amalga oshirilgan, klassik islomiy manbalarni to‘liq o‘qish va ijoza berish an’analari qayta tiklangan, hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi tashkil etilgan.
Shuningdek, anjumanda diniy ta’lim tizimidagi ushbu natijalar ma’lum qilinib, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish, tadqiqotlarni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ulamolar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda imom-xatiblar ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, «Muftiy Boboxonovlar» jamg‘armasi direktori Jamoliddin Boboxonov va boshqalar ma’ruza qildi.
Notiqlar institutning tashkil topish tarixi, diniy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu dargohda faoliyat yuritgan ulamolarning ilmiy merosi hamda mutaxassislar tayyorlash tajribasiga to‘xtaldi.
«5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi»
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov muassasaning yarim asrdan ortiq faoliyati davomida shakllangan ta’lim an’analari va so‘nggi yillarda joriy etilgan ilmiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
«2017 yildan boshlab qadimiy an’analarimiz, madrasalarimizning ta’lim berish usullari orqali mo‘tabar ustozlarimiz va allomalarimizning kitoblarini o‘qitish, “Sahih al-Buxoriy”, “Sunan at-Termiziy”, Imom Moturidiyning kitoblari, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”si va boshqa asosiy islom ilmlari manbalarini to‘liq o‘qish, xatmul kutub va yakunda ijoza berish tizimi qayta tiklandi. Bugungi kunga qadar 5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi», — dedi Uyg‘un G‘afurov.
Rektor institutda hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura tashkil etilgani, moturidiylik aqidasi, tafsir va hadis ilmlari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanayotganini ham qayd etdi.
Kelgusida ushbu yo‘nalishlarda doktorantura tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa klassik islomiy ilmlarni chuqur tadqiq qilish va ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Murakkab tarixiy sharoitda shakllangan ilmiy dargoh
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov Toshkent islom institutining tashkil topish sharoiti va diniy ta’lim tarixidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Olimning ta’kidlashicha, institut murakkab tarixiy davrda faoliyat boshlagan bo‘lsa-da, nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi musulmon jamoalari uchun diniy mutaxassislar tayyorlashda muhim vazifani bajargan.
«Shunga qaramasdan, institut yarim asr davomida minglab ham diniy ilmlarni yaxshi biladigan, ham bugungi tushunchadagi akademik tahsil olgan, ya’ni diniy va dunyoviy bilimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan ko‘p sonli mutaxassislar tayyorladi. Ular siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi jarayonlarga o‘zining hayotbaxsh, bunyodkor ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar institutning ilmiy va ta’limiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ayni paytda mutaxassislar tayyorlash borasidagi mas’uliyatini ham oshirmoqda», — dedi Zohidulla Munavvarov.
Zamonaviy aqidaviy masalalarga ilmiy yondashuv
Anjumanning ilmiy dasturi ikki sho‘ba doirasida davom etdi.
«Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari» mavzusidagi birinchi sho‘bada Saidafzal Saydjalolov, Abdulaziz Yaxshilikov, Davronbek Abduqodirov va Botirjon Abdullayev ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Muhokamalarda sunniylik manbalarida raddiyaga oid qarashlar, zamonaviy e’tiqodiy masalalar hamda Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosida aks etgan diniy qarashlarga oid tadqiqotlar taqdim etildi.
Ma’ruzachilar tarixiy diniy manbalarni ilmiy asosda o‘rganish, ulardagi qarashlarni tadqiq etish va bugungi kunda yuzaga kelayotgan e’tiqodiy masalalarni tahlil qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Fiqhiy masalalar: an’anaviy manbalar va amaliy yechimlar
«Zamonaviy fiqhiy masalalar: yangi muammolar va amaliy yechimlar» deb nomlangan ikkinchi sho‘bada Abduvohid Ahmadaliyev, Muhammadmuso Nabijonov, Alijon Ravshanov, Abdulahad Sodiqov, Akmaljon G‘aniyev, Soyibjon Jo‘rayev, Xurshida Usmanova, Sanjar Berdiyev va Sirojiddin Shodmonov o‘z tadqiqotlarini taqdim etdi.
Unda hanafiy mazhabi ulamolarining fiqhiy yondashuvlari, Qur’on va sunnatni talqin qilish masalalari hamda zamonaviy hayotda yuzaga kelayotgan fiqhiy muammolar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar an’anaviy manbalarni chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish va diniy ta’limda tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Ilmiy tavsiyalar va maxsus to‘plam tayyorlanadi
Anjumanning yakuniy qismida Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tashkil etilgan IV xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi.
Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish hamda saralangan maqolalarni maxsus ilmiy to‘plam shaklida nashr etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligiga bag‘ishlangan anjuman diniy ta’limning tarixiy tajribasini sarhisob qilish bilan birga, klassik islomiy manbalarni chuqur tadqiq etish, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarni ilmiy o‘rganish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollarini belgilashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati