Shu yil 16 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Faxriylar kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Faxriylar kengashi yangi tarkibini tasdiqlash, kengashning hududlardagi bo‘linmalarini tashkil etish, kengash faoliyatini yanada kuchaytirish va bir qancha masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat qilayotgan va nafaqa yoshidagi faxriylarni davlat mukofotlariga tavsiya etish masalasi muhokama qilindi. Yakunda kengash a’zolaridan munosib nomzodlar tavsiya etilib, ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilish davomida Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur so‘zga chiqib, kengashi tarkibiga Namangan viloyati vakilligi tizimida uzoq yillar xizmat qilgan ulamo Abdulhay domla Tursunov nomzodini kiritishni tavsiya qilib, u kishining dinimiz ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etdilar. So‘ngra Faxriylar kengashi a’zoligiga Abdulhay domla Tursunov nomzodi tasdiqlandi.
Shuningdek, Faxriylar kengashining hududlardagi bo‘linmalarani tashkil etish masalasi muhokama qilinib, viloyatlarda ham dinimiz ravnaqiga munosib xissa qo‘shib kelayotgan ulamolar salmoqli ekani qayd etildi. Ushbu loyihaning ishga tushirilishi hududlarda mehnat qilayotgan ko‘plab faxriy imom-xatiblar va din peshvolarini uchun manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Faxriylar kengashi a’zolari yil davomida diniy ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazgani, bu tinglovchilarda katta taassurotlar qoldirgani ta’kidlanib, kelgusida bunday suhbatlarni ko‘paytirish va Faxriylar kengashi faoliyatini yanada jadallashtirish lozimligiga urg‘u qaratildi.
Majlis yakunida mazkur masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati