O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 18 dekabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, diniy ta’lim, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
2026 yil 3 noyabr kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov O‘mon Sultonligida amaliy tashrif bilan bo‘ldi.
Tashrifda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov kabi rasmiy va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Tashrif doirasida delegatsiya O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy bilan uchrashdi.
Muloqot davomida arxiv hujjatlarini restavratsiya qilish, saqlash, tizimlashtirish va raqamlashtirish sohasidagi zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or tajribalar hamda ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarni chuqur o‘rganishga qaratilgan qo‘shma xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Unda ikki xalqning mushtarak tarixiy ildizlari, diniy-ma’naviy merosi, me’morchilik an’analari va tarixiy numizmatika sohasidagi aloqalarini ilmiy tadqiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya a’zolari Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari faoliyati bilan tanishdilar. Xususan, tarixiy hujjatlarni zararsizlantirish, restavratsiya qilish va uzoq muddat saqlashga mo‘ljallangan zamonaviy laboratoriyalar, maxsus uskunalar hamda texnologik jarayonlar namoyish etildi.
Ayniqsa, tarixiy hujjatlarga zarar yetkazuvchi zamburug‘lar, bakteriyalar va hasharotlarga qarshi kurashish, arxiv materiallarini biologik omillardan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash, boy tarixiy merosni o‘rganish va asrab-avaylash, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
E’tiborlisi, mazkur tashrif va uchrashuvlar tafsiloti Qatarning Doha shahrida ingliz tilida chop etiladigan yetakchi «The Peninsula» gazetasida ham keng yoritildi. Nashrda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlik, qo‘lyozmalarni muhofaza qilish va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari bilan bir qatorda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash hamda ma’rifiy tashabbuslarni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari alohida e’tirof etildi.
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurovning ushbu tashrifdagi ishtiroki institutning xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ilmiy tajriba almashish va qo‘shma tadqiqotlar rivojiga hissa qo‘shish nuqtayi nazaridan ham ahamiyatlidir.
Toshkent islom instituti matbuot xizmati