Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Oktabr, 2026   |   18 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:31
Quyosh
06:50
Peshin
12:12
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:39
Bismillah
29 Oktabr, 2026, 18 Jumadul avval, 1448

Xorun ar-Rashid

18.12.2024   14093   9 min.
Xorun ar-Rashid

Muhammad Mahdiy
(xalifalik davri: hijriy 158–169; milodiy 775–785)

U Muhammad Mahdiy ibn Mansurdir. Muhammad Mahdiyga otasidan keyin, otasining aqli asosida hijriy 158 yilda bay’at qilindi. U juda ham sahiy – karamli inson bo‘lib, muhtojlarga ko‘plab ehsonlar qilar, zulmga uchraganlardan yordamini ayamas edi. Muhammad Mahdiy ibn Mansur Masjidul Harom va Masjidi Nabaviyni kengaytirgan insondir.

Hodisalar

Muhammad Mahdiyning davrida barqarorlik va xotirjamlik hukm surgani uchun hech bir tilga olishga arzigulik harakatlar yoki qo‘zg‘alonlar bo‘lmadi.

Zindiqlar

Monaviyya, sanaviyya, ya’ni nur va zulmatga ibodat qiluvchilarga ergashganlarga «zindiq» degan laqab berilgan. Buning asli qadimgi Fors dinlaridan bo‘lib, Mazdakka nisbat beriladi. Keyinchalik dindan chiqqan yoki bid’atga berilgan har bir odam ham zindiq deb ataladigan bo‘lgan. Gohida sharm-hayosiz, fisqu fujur bilan yashaydigan adiblarga, o‘yin-kulgiga qiziqqan odamlarga nisbatan ham mana shu laqab ishlatilgan.

Mahdiy zindiqlarga qarshi eng ko‘p kurash olib borgan, doim ularning orqasidan kuzatib, jazo berib kelgan abbosiy xalifalardan hisoblanadi. U o‘g‘li Hodiyni zindiqlarni ta’qib qilish, ularga erkinlik bermaslik uchun mas’ul qilib qo‘ygandi. Hodiy otasining nasihatiga amal qilib, bu ishni juda yaxshi tarzda olib borar edi.

Xavorijlar

Hijriy 160 (milodiy 777) yilda Jazoirning Tohart degan joyida havorijlarning rasmiy davlati paydo bo‘ldi. Ular iboziylar deb ham atalar edi.

Fathlar

Mahdiy o‘z davrida Rum yurtlarida katta g‘alabalarga erishdi. O‘g‘li ar-Rashid o‘sha vaqtlarda lashkarboshi bo‘lib xizmat qilar edi. U Marmara dengizining sohillarigacha yetib borib, ayol imperator Agusta bilan sulhnoma tuzdi. Hijriy 166 (milodiy 783) yilda ularga jizya soldi.

Muhammad Mahdiyning vafoti

Xalifa Muhammad Mahdiy ibn Mansur hijriy 169, milodiy 785 yilda vafot etdi. U o‘n yilu bir necha oy xalifalik qildi.


Muso Hodiy
(xalifalik davri: hijriy 169–170; milodiy 785–786)

U Muso Hodiy ibn Muhammad Mahdiydir. Unga otasidan keyin bay’at qilindi. U otasining ishini davom ettirib, zindiqlarni quvdi va ularni yo‘qotishga harakat qildi. Muso Hodiy valiahdlikni akasi ar-Rashiddan o‘g‘liga olish maqsadida harakat qildi, lekin eplay olmadi.

Hodisalar

Husayn ibn Aliy ibn Hasan ibn Hasan ibn Aliyning qo‘zg‘aloni

Bu qo‘zg‘alon Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlarida bo‘lib o‘tdi. U kishining maqsadi xalifa bo‘lish edi, lekin Hodiy uni yo‘q qildi. Hijriy 169 (milodiy 785) yilda esa Makkai mukarramaning yonidagi Fah deb atalmish joyda uning jamoatini yengdi.

Ushbu jangda Idris ibn Abdulloh ibn Husayn ibn Hasan qochib qutuldi. U Mag‘ribga bordi va o‘sha yerda idrisiylar davlatiga asos soldi. Shuningdek, uning akasi Yahyo ibn Abdulloh Daylam yurtlarida qo‘zg‘alon ko‘tardi. Uning tarafdorlari ko‘paydi, shavkati oshdi. Xalifa katta askar yuborib, uni ham yengdi.

Muso Hodiyning vafoti

Hijriy 170 (milodiy 786) yilda xalifa Hodiy vafot etdi. Ba’zi tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, uning o‘limiga onasi Xuzayron sababchi bo‘lgan. Bu ayol odamlarni o‘z o‘g‘lini o‘ldirishga undagan, chunki u onasini foydalanishi kerak bo‘lgan turli imtiyozlardan mahrum qilgandi. Bu ayol eri Mahdiyning davrida ko‘pgina imtiyozlarga ega edi.

Muso Hodiy bir yilu uch oy xalifalik qildi.

 

Xorun ar-Rashid
(xalifalik davri: hijriy 170–193; milodiy 786–809)

Horun ar-Rashid ibn Mahdiy. U abbosiylar tojining duri sanaladi. Haqiqatdan ham, Horun ar-Rashid tarixdagi eng ulug‘ podshohlardan biri bo‘lgan. Uning davrida Islom davlati ravnaq topdi. Avval misli ko‘rilmagan to‘kinchilik, farovonlik, boylik zamoni bo‘ldi. Islom davlati o‘zining eng yuqori cho‘qqisini zabt etdi, istiqlolga erishib, ulug‘vorlik kasb etdi. Bu davrda Islom davlati quvvatlandi, turli sohalarda ilgarilab, ilm sohasida buyuk yutuqlarga erishdi. Uning salohiyati, qudrati, qadr-qiymati oshdi.

Suyutiy aytadi: «Ar-Rashidning davri yaxshilik davri bo‘lgan. U davr husni jamolda to‘ylar va bayramlar kabi edi».

Horun ar-Rashid shijoatli inson edi. Rum yurtlariga o‘zi lashkarboshi bo‘lib borar, otasining davrida ularni bo‘ysundirgan edi. U o‘sha vaqtlarda yigirma yoshda edi. Shu bilan birga, u nihoyatda taqvodor bo‘lib, har bir ishda Allohdan qo‘rqardi. U to‘qqiz marta haj qilgan. U haqda «Bir yili haj qilib, bir yili g‘azot qiladi» degan gaplar tarqalgan. U voizlarning gaplariga quloq solar, Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lar edi. U xalifalarning eng afzallaridan, ularning eng fasohatlilaridan, olimlaridan, karamlilaridan bo‘lgan.

Uning fazilatlari ichida eng ulug‘i ilmga rioyasi edi. U Baytul Hikmatning ishini rivojlantirdi. Hiraqla va Vizanta (Vizantiya) iqlimlari fath qilinganidan keyin, u yerlardan ko‘plab kitoblar keltirildi.

Horun ar-Rashid tarjima ishlarini olib borishni Yuhanno ibn Misavayhga topshirdi. Baytul Hikmatda tarjimonlar bilan birga nus'ha ko‘chiruvchilar, xazinachilar, muqovachilar va boshqa xizmatchilar ham faoliyat olib boradigan bo‘lishdi.

Shuningdek, madaniyat va ma’rifat sohasida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi. Misli ko‘rilmagan mazkur ishlardan butun olamni yorituvchi ziyo taraldi. Zulmatga cho‘mgan Yevropa o‘rta asrlarda ayni Horun ar-Rashid boshlab bergan ma’rifatdan ta’sirlanib uyqudan uyg‘ondi.

Horun ar-Rashid haqida g‘arazgo‘ylik niyatida juda ko‘p mish-mishlar tarqalgan, botil gaplar aytilgan, tuhmatlar qilingan. Banu Abbosning eng ulug‘i bo‘lgan bu inson haqida lahvga, aroqxo‘rlikka berilgan degan gaplar ham yoyilgan.

Hodisalar

Horun ar-Rashidning davri tinchlik va barqarorlik davri bo‘ldi. Tarixda qoladigan noxush hodisalar deyarli yuz bermadi. Faqat hijriy 176 (milodiy 792) yilda Hasan ibn Aliy zurriyotidan bo‘lgan Yahyo ibn Abdulloh Daylam yurtida qo‘zg‘alon ko‘tarib, ba’zi iqlimlarni o‘ziga bo‘ysundirdi. Horun ar-Rashid hijriy 180 (milodiy 796) yilda uni yengib, qo‘zg‘alonni bostirdi.

Xavorijlar

Horun ar-Rashidning davrida xavorijlarning ham shiddatli qo‘zg‘aloni bo‘lib o‘tdi. Valid ibn Toriyf Shoriy degan kuchli bir odam boshchiligidagi bu qo‘zg‘alon hijriy 178 yilda Arabiston yarimorolida uyushtirildi. Xalifalikning lashkarlari borib, Valid ibn Toriyf Shoriyni qiyinchilik bilan yengdi va yo‘q qildi.

Zindiqlar

Ular Jurjonga ega bo‘lib olib, u yerda fisqu fasodlarini davom ettirishdi. Horun ar-Rashid hijriy 181 (milodiy 797) yilda ularni ham tinchitdi.

Barmakiylar balosi

Barmakiylar asli majusiy forslar bo‘lib, katta nufuzga ega edilar. Ulardan chiqqan amirlar va vazirlar bor edi. Barmakiylar Horun ar-Rashidning davrida juda ko‘p narsalarga ega chiqib, davlatning barcha sohalarini o‘zlariga bo‘ysundirib olishgan edi. Asta-sekin Horun ar-Rashid ularni ham yo‘q qildi. Hijriy 187 (milodiy 803) yilda ular butunlay tugatildi.

Ular nima uchun va qanday qilib yo‘q qilinganini hech kim bilmaydi. Tarixchilar tomonidan ham bu borada noaniq ixtilofli gaplar aytilgan bo‘lib, aniq, ishonchli ma’lumotlar keltirilmagan.

Xuroson qo‘zg‘aloni

Xurosonda Rofi’ ibn Lays ibn Nasr ibn Sayyor degan odam boshchiligida nihoyatda shiddatli qo‘zg‘alon ko‘tarildi.

Bu qo‘zg‘alon Xuroson voliysining qattiqqo‘lligi va mustabidligi natijasida chiqqan edi. Horun ar-Rashid voliyni ishidan bo‘shatib, xibsga oldi. Lekin shunda ham qo‘zg‘alon davom etaverdi. Keyinchalik Rofi’ Ma’munga qaram bo‘ldi.

Fathlar

Hiraqlaning fath qilinishi

Rum yurtlaridagi fath ishlari to‘xtamagan, gohida Horun ar-Rashid bu ishlarni o‘zi boshqarar edi. Hijriy 187 yilda rumliklar ahdlarini buzib, o‘zlariga Nakfurni voliy qilib tayinladilar. U Horun ar-Rashidga quyidagi maktubni yozdi:

«Rumning podshohi Nakfurdan arablarning podshohi Horun ar-Rashidga. Ushbu maktubimni o‘qiganingda senga olib borilgan mollarni menga qaytargin. O‘zingni o‘zing shu tariqa qutqarib olgin. Aks holda, sen bilan bizning oramizda qilich».

Horun ar-Rashid maktubni o‘qib, achchiqlandi, g‘azabi qo‘zg‘adi va unga quyidagi maktubni yozdi:

«Mo‘minlarning amiri Horun ar-Rashiddan Rumning iti Nakfurga. Ey kofiraning o‘g‘li, maktubingni o‘qidim. Javobni ko‘rasan, eshitmaysan».

Horun ar-Rashid katta lashkar bilan yurish qildi. Poytaxt Hiraqlaga kirdi va rumliklar ustidan g‘alaba qozondi. Podshohning qizini asir qildi va ko‘pgina narsalarni o‘ljaga olib, ularga jizyani farz qildi.

Qubrus ahli ahdnomani buzgan edi, Horun ar-Rashid ularni ham bo‘ysundirdi.

Horun ar-Rashidning vafoti

Horun ar-Rashid o‘zidan keyin o‘g‘illari Amin va Ma’munlar xalifa bo‘lishiga ahdnoma qildi. Bu juda katta bir fitnaning eshigini ochdi. Shundan keyin aka-ukalar orasida fitna chiqdi. Minglab musulmonlarning umriga zavol bo‘ldi. Horun ar-Rashid hijriy 193 (milodiy 809) yilda vafot etdi. Uning hukmdorligi 23 yil davom etdi.


Keyingi mavzular:

Muhammad Amin;
Abdulloh Ma’mun.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Turkiy dunyoning XI asrdagi qomusi: Qoshg‘ariy merosiga yangi nigoh

29.10.2026   4707   8 min.
Turkiy dunyoning XI asrdagi qomusi: Qoshg‘ariy merosiga yangi nigoh

Bir kitob bir vaqtning o‘zida lug‘at, tarixiy xarita, xalq og‘zaki ijodi to‘plami va o‘tmish jamiyatining o‘ziga xos qomusi bo‘la oladimi? XI asrda yashagan buyuk tilshunos Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asari bu savolga javob beradi.

XI asrda yaratilgan, turkiy xalqlarning tili, geografiyasi va madaniy hayotini bir asarda jamlagan «Devonu lug‘otit turk» bugun ham jahon tilshunosligi uchun muhim manba bo‘lib qolmoqda. Mahmud Qoshg‘ariyning ushbu qomusiy merosi 2017 yilda UNESCOning «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans ekspozitsiyasida asarning faksimile nusxasi namoyish etilishi esa tashrifchilarga qariyb ming yil avvalgi turkiy dunyo bilan tanishish imkonini bermoqda.

1072–1074 yillarda yaratilgan asar turkiy xalqlar tilini arab tilida tushuntirish maqsadida tuzilgan bo‘lsa-da, uning ilmiy ahamiyati oddiy lug‘at doirasidan ancha kengdir. Unda turkiy so‘zlarning ma’nosi va qo‘llanishi bilan birga turli qabilalarning til xususiyatlari, maqollar, she’riy parchalar, geografik nomlar va ijtimoiy hayotga oid ma’lumotlar jamlangan.

XI asrdagi turkiy dunyoni tasvirlagan xarita

Asarning eng e’tiborli xususiyatlaridan biri — undagi doirasimon tarixiy xaritadir. U turkiy xalqlar yashagan hududlar, geografik obyektlar va o‘sha davrdagi makon haqidagi tasavvurlarni aks ettiradi.

Turkiyaning Qo‘lyozma asarlar muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur xaritada tog‘lar, ko‘llar, daryolar, turkiy xalqlar istiqomat qilgan hududlar bilan birga boshqa mintaqalar, jumladan, Yaponiya ham tasvirlangan.

Bu jihat asarning ahamiyatini yanada oshiradi. Chunki Mahmud Qoshg‘ariy turkiy so‘zlarni muayyan geografik va madaniy muhit bilan bog‘lab o‘rgangan. Uning xaritasi zamonaviy geografik o‘lchovlarga asoslangan atlas emas, balki XI asrdagi bilimlar va dunyoqarashning tarixiy guvohidir.

Shu ma’noda, «Devonu lug‘otit turk»ni ilk turkiy lingvistik geografiyaning muhim manbalaridan biri sifatida o‘rganish mumkin.

Bir so‘z ortida butun bir xalq hayoti

Mahmud Qoshg‘ariyning ilmiy yondashuvi so‘zlarning ma’nosini izohlash bilan cheklanmagan. Olim ularni xalq og‘zaki ijodi, kundalik turmush va turli til muhitlari bilan bog‘liq holda qayd etgan.

Asardagi maqollar va she’riy parchalar XI asr turkiy xalqlarining axloqiy qarashlari, mehnat an’analari, ijtimoiy munosabatlari va badiiy tafakkurini o‘rganish imkonini beradi.

Bu materiallar ayniqsa folklorshunoslik uchun muhimdir. Ayrim og‘zaki ijod namunalari bizga aynan shu asar orqali yetib kelgan. Demak, Qoshg‘ariy faqat so‘zlarni emas, ular bilan birga muayyan davrning madaniy xotirasini ham saqlab qolgan.

Asarning yana bir muhim xususiyati — turkiy til va lahjalar o‘rtasidagi farqlarni qayd etishidir. Bu ma’lumotlar tarixiy tilshunoslikda so‘zlarning shakli, ma’nosi va tarqalishini qiyosiy o‘rganish uchun qimmatli dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Nima uchun asar arab tilida yozilgan?

«Devonu lug‘otit turk»ning o‘ziga xos jihatlaridan biri — turkiy so‘zlarning arab tilida sharhlanganidir.

XI asrda arab tili musulmon olamida ilm-fan va yozma madaniyatning asosiy tillaridan biri edi. Mahmud Qoshg‘ariy ana shu ilmiy muhitda turkiy tillarning boy lug‘at tarkibi va ifoda imkoniyatlarini tizimli ravishda namoyon etdi.

Bu holat asarni madaniyatlararo ilmiy muloqotning muhim namunasi sifatida baholash imkonini beradi.

Olim turkiy tillarni boshqa tilda so‘zlashuvchi auditoriyaga tushuntirish orqali nafaqat lug‘at tuzgan, balki ularning mustaqil til tizimi va boy madaniy an’analarga ega ekanini ko‘rsatgan.

Asarning bizgacha yetib kelish tarixi

«Devonu lug‘otit turk»ning bugun ma’lum bo‘lgan yagona qo‘lyozma nusxasi Mahmud Qoshg‘ariy yashagan davrga emas, XIII asrga mansub.

Turkiya Qo‘lyozma asarlar muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lyozma 1266 yilda Muhammad ibn Abu Bakr as-Saviy tomonidan ko‘chirilgan. U 319 varaqdan iborat bo‘lib, hozir Istanbuldagi Millat qo‘lyozmalar kutubxonasining Ali Amiriy fondida saqlanadi.

Qo‘lyozma XX asr boshlarida Ali Amiriy tomonidan qo‘lga kiritilgan va keyinchalik ilmiy muomalaga kiritilgan. Uning qayta kashf etilishi turkiy tillar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarga yangi manbaviy asos yaratdi.

Muhim jihat shundaki, bugun tadqiqotchilar foydalanayotgan matn muallif davridan qariyb ikki asr keyin ko‘chirilgan nusxa orqali yetib kelgan. Shu bois asarni o‘rganishda qo‘lyozmaning matniy tarixi, ko‘chirilish xususiyatlari va ilmiy nashrlarini qiyosiy tahlil qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

UNESCO e’tirof etgan umuminsoniy meros

2017 yilda «Devonu lug‘otit turk» qo‘lyozmasining UNESCO «Jahon xotirasi» xalqaro reyestriga kiritilishi uning nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon madaniy va ilmiy merosi uchun ham ahamiyatli ekanini tasdiqladi.

UNESCOning Turkiya milliy komissiyasi mazkur asarni XI asr turkiy xalqlarining tili va etnografiyasi haqidagi eng boy manbalardan biri sifatida baholaydi.

Bu e’tirof asarning tilshunoslik, kartografiya, etnografiya va tarix kabi bir necha ilmiy sohalar uchun ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Islom sivilizatsiyasi markazida ming yillik merosning yangi talqini

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans ekspozitsiyasida «Devonu lug‘otit turk» asarining faksimile nusxasiga alohida o‘rin ajratilgan.

Mazkur ekspozitsiya buyuk allomalarning ilmiy merosini tarixiy manbalar, nodir nashrlar va zamonaviy muzey yechimlari orqali namoyish etishga qaratilgan.

Mahmud Qoshg‘ariy asariga bag‘ishlangan maxsus media loyiha konsepsiyasida qo‘lyozma nusxasini raqamlashtirish, asarning yaratilish tarixi, tuzilishi va ilmiy ahamiyatini tushuntiruvchi videomaterial hamda interaktiv axborot resursi tayyorlash nazarda tutilgan.

Bunday yondashuv tarixiy qo‘lyozmani faqat ko‘rgazma ashyosi sifatida emas, balki tashrifchi mustaqil o‘rganishi mumkin bo‘lgan ilmiy-ma’rifiy manba sifatida taqdim etish imkonini kengaytiradi.

Xususan, asarning tarixiy xaritasini zamonaviy geografik ma’lumotlar bilan qiyoslash, undagi ayrim so‘zlar va maqollarni bugungi turkiy tillar bilan taqqoslash, qo‘lyozmaning saqlanish tarixini interaktiv shaklda tushuntirish kelgusidagi muzey-ta’lim loyihalari uchun istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.

O‘zbek tilining tarixiy ildizlarini anglash

«Devonu lug‘otit turk» o‘zbek tili tarixini o‘rganishda muhim umumturkiy manbalardan biri hisoblanadi.

Biroq asarni zamonaviy o‘zbek tilining yagona bevosita manbasi sifatida talqin qilish ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. O‘zbek tilining shakllanishi uzoq davom etgan tarixiy, hududiy va madaniy jarayonlar bilan bog‘liq.

Qoshg‘ariy asari ana shu murakkab taraqqiyotning qadimiy qatlamlarini o‘rganish, turkiy tillar o‘rtasidagi umumiylik va farqlarni aniqlash, so‘zlarning tarixiy ma’no o‘zgarishlarini tadqiq etish uchun muhim asosdir.

Ayniqsa, o‘zbek tili bayrami munosabati bilan mazkur asarga murojaat qilish tilni qadrlashning yana bir muhim jihatini — uning ilmiy tarixi va manbaviy asoslarini bilish zarurligini namoyon etadi.

Qadimiy qo‘lyozmadan zamonaviy ilm-fangacha

Bugun tarixiy lug‘atlar faqat tilshunoslar uchun emas, raqamli gumanitar fanlar, elektron korpuslar va tarixiy ma’lumotlar bazalarini yaratish uchun ham muhim manbaga aylanmoqda.

«Devonu lug‘otit turk»dagi so‘zlar, geografik nomlar, maqollar va lahja xususiyatlarini raqamli shaklda tizimlashtirish kelgusida til tarixi bo‘yicha qiyosiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish imkonini berishi mumkin.

Bu — asar asosida barcha shunday texnologiyalar allaqachon yaratilganini anglatmaydi. Biroq uning tarkibidagi ma’lumotlar zamonaviy tadqiqot usullari uchun katta ilmiy imkoniyatga ega.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Devonu lug‘otit turk» faksimile nusxasining namoyish etilishi ana shu uzviy bog‘liqlikni — tarixiy meros, ilmiy tadqiqot va zamonaviy ma’rifat o‘rtasidagi aloqani ko‘rsatadi.

Mahmud Qoshg‘ariyning asari bizga bir haqiqatni eslatadi: til tarixi faqat so‘zlar tarixi emas. U — xalqning dunyoqarashi, geografik tasavvuri, ijodiy tafakkuri va asrlar davomida saqlanib kelgan madaniy xotirasidir.

Durdona Rasulova, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari