O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida diniy soha vakillari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilmoqda.
Mazkur musobaqalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladi: voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka.
Musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish va samarali o‘tkazish maqsadida bugun, 19 yanvar kuni Qarshi va Shahrisabz shaharlarida, shuningdek Chiroqchi va G‘uzor tumanlarida tegishli mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda musobaqalarni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, ishtirokchilarni jalb etish, sport inshootlarining tayyorgarligi hamda xavfsizlik chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Ushbu sport tadbirlarida hududlarda faoliyat yuritayotgan diniy soha vakillari ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyon etadilar. Musobaqalar sog‘lom raqobat muhitini yaratish, jamoaviylik va birdamlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Barcha ishtirokchilarga omad tilaymiz hamda musobaqalar yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildiramiz.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati