Kecha, 18 dekabr kuni Samarqand viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan tuman-shahar bosh imom-xatiblari va bosh otinoyilari bilan 2024 yil sarhisobi bo‘yicha yakuniy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida Xayrullo domla Sattarov yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida diniy sohada amalga oshirilgan islohotlar va soha vakillari oldida turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, imom-domlalar har bir ishni qonunchilik doirasida amalga oshirishlari va din peshvosi bo‘lgan imomlar jamiyatning eng namunali kishisi bo‘lishlariga katta urg‘u qaratdi.
Tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Xayrullo domla keyingi yillarda viloyatimizda ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, imom-xatiblar shariat xodimi sifatida xalqimiz diniy ehtiyojini qondirish va xayriya ishlarini keng ko‘lamda ado etayotganlarini ta’kidlash barobarida ba’zi imom-xatiblar faoliyatida kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani, ular o‘zlarini isloh qilishlari lozimligini alohida qayd etdi.
Yig‘ilish davomida mutasaddilar o‘tayotgan yil yakunlari va kelgusi yilgi rejalar yuzasidan axborot berdi. Shuningdek, mas’ullarga soha faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tadbirda otinoyilar oldida turgan muhim vazifalar, xususan, mahallabay ishlash tizimini yanada jonlantirish, oilalarni yarashtirish masalalari ham muhokama qilindi va turli bid’at-xurofotlarga yo‘l qo‘yilmasligi borasida alohida to‘xtaldi.
Adashib Islom diniga yot turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan, biroq xatosini anglab yetib, chin tavba qilgan xotin-qizlarga dinimizning sof ta’limotini yetkazish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish so‘ngida faoliyati yaxshi deb topilgan va boshqalarga namuna bo‘lgan bir guruh faollar rahbariyat tomonidan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilligi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati