Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Oktabr, 2026   |   18 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:31
Quyosh
06:50
Peshin
12:12
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:39
Bismillah
29 Oktabr, 2026, 18 Jumadul avval, 1448

23 savol

24.12.2024   8524   2 min.
23 savol

Bismillahir Rohmanir Rohiym

  1. Odamlarning eng olimi bo‘lishni istaysizmi? – Allohga taqvo qiling.
  2. Odamlarning eng boyi bo‘lishni istaysizmi? – Alloh bergan ne’matlariga qanoat qiling.
  3. Odamlarning eng adolatlisi bo‘lishni istaysizmi? – O‘zingizga yoqqan narsani boshqalarga ham ravo ko‘ring.
  4. Odamlarning eng yaxshisi bo‘lishni istaysizmi? – Insonlarga manfaat yetkazishga harakat qiling.
  5. Allohga eng yaqin banda bo‘lishni istaysizmi? – Alloh taoloni ko‘p zikr qiling.
  6. Iymoningiz komil bo‘lishini istaysizmi? – Xulqingizni go‘zal qiling.
  7. Muhsinlardan bo‘lishni istaysizmi? – Alloh taologa Uni ko‘rib turgandek ibodat qiling. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz U Zot sizni ko‘rib turganini unutmang.
  8. Itoat etuvchilardan bo‘lishni istaysizmi? – Allohning farzlarini o‘z vaqtida ado eting.
  9. Qiyomat kuni yuzingiz nurli bo‘lishini istaysizmi? – Hech kimga zulm qilmang.
  10. Qiyomat kuni Alloh taolo sizga rahm qilishini istaysizmi? – Insonlarga rahm qiling.
  11. Alloh gunohlaringizni kechirishini istaysizmi? – Istig‘for ayting.
  12. Insonlarning eng saxovatpeshasi bo‘lishni istaysizmi? – Musibatingizni odamlarga bildirmang, ularga shikoyat qilmang.
  13. Odamlarning eng kuchlisi bo‘lishni istaysizmi? – Allohga tavakkul qiling.
  14. Alloh rizqingizni keng qilishini istaysizmi? – Doimo tahoratli holda yurishga odatlaning.
  15. Alloh va Uning Rasuliga muhabbatli bo‘lishni istaysizmi? – Alloh va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘ring.
  16. Qiyomat kuni Allohning g‘azabiga uchramaslikni istaysizmi? – Alloh yaratgan birorta maxluqotga g‘azab qilmang.
  17. Duolaringiz qabul bo‘lishini istaysizmi? – Luqmangiz halol bo‘lishiga e’tiborli bo‘ling.
  18. Qiyomat kuni Alloh taolo ayblaringizni berkitishini istaysizmi? – Odamlarning ayblarini yashiring.
  19. Gunohlarni nima yuvib yuboradi? – Ko‘z yoshlar, xushu’-xuzu’ va bemorlik.
  20. Qaysi yaxshilik Alloh uchun eng sevimli? – Xusni xulq, tavoze’, musibatlarga sabr qilish.
  21. Allohning nazdida amallarning eng yomoni qaysi? – Axloqsizlik va baxillik.
  22. Allohning g‘azabini nima ketkazadi? – Maxfiy sadaqa va silai-rahm.
  23. Jahannam olovini nima o‘chiradi? – Balo-ofat va musibatlarga sabr qilish.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

ICESCO Samarqandga bag‘ishlangan she’riyat tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi

29.10.2026   3905   1 min.
ICESCO Samarqandga bag‘ishlangan she’riyat tanlovi g‘oliblarini e’lon qildi

Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) Samarqand shahriga bag‘ishlangan “She’riyat shaharlari” tanlovi yakunlarini sarhisob qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Laureatlarning nomlari tashkilotning Rabat shahridagi qarorgohida Butunjahon roman haftaligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda e’lon qilindi. Mazkur tanlov ICESCO She’riyat va adabiyot markazi tomonidan Samarqandning 2025 yilda islom olami madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan tashkil etilgan edi.

Hay’at raisi, ICESCOning Sivilizatsiyalararo muloqot markazi direktori, elchi Xolid Fath ar-Rahmon tanlovga 600 ta she’r kelib tushgani, ulardan 174 tasi chuqur ekspertlik bahosidan o‘tkazish uchun saralab olinganini bildirdi.

Tanlovda birinchi o‘rinni yamanlik Muhammad Darvish Hasan Maksai, ikkinchi o‘rinni falastinlik Ahmad Yusri Hasan al-Xattob, uchinchi o‘rinni esa misrlik Muhammad Ismoil Abdulloh Suveylim qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga sovrinlar va faxriy yorliqlar topshirildi. Birinchi o‘rin uchun 3000 AQSH dollari, ikkinchi o‘rin uchun 2000, uchinchi o‘rin uchun esa 1000 dollar mukofot belgilangan. Shuningdek, Suriya, Iroq, Jazoir, Tunis va Mavritaniyadan kelgan yana yetti nafar shoir rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari