O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Islomiy moliyaviy xizmatlar Kengashiga a’zo bo‘ldi.
Kengash faoliyati islomiy moliya institutlarini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqish, samarali korporativ boshqaruv mexanizmlari va risk-menejment tizimini joriy qilish, shuningdek, mazkur sohada kadrlar salohiyatini oshirish, tadqiqotlar olib borish hamda ushbu masalalarda Kengashga a’zo tashkilotlarga ko‘maklashishga qaratilgan.
Mazkur tashkilotga a’zolik boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish va mamlakatimizda islomiy moliya institutlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish sohasida ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: Kengash 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh ofisi Kuala-Lumpurda (Malayziya) joylashgan. Bugungi kunda Kengashning 188 a’zosi, shu jumladan, 81 ta tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar, 10 ta xalqaro hukumatlararo tashkilot va 97 ta bozor ishtirokchilari hisoblanadi. Shuningdek, Kengashga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston moliyaviy regulyatorlari ham a’zo hisoblanadi.
Qurbon hayiti munosabati bilan Buxoro viloyatida Ko‘zi ojizlar jamiyatining 20 nafar a’zosiga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya to‘plamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda hamyurtlarimizga bayram tabriklari va ezgu tilaklar bildirildi.
O‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun fuqarolar minnatdorlik izhor etib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun duolar qildilar.
Mazkur xayrli tashabbus Qurbon hayitining insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak diniy-insoniy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati