Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

25.12.2024   9037   4 min.
Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun siz azizlarga so‘zlab beradigan hikoyam Makka shahrida bundan bir necha yuz yillar oldin sodir bo‘lgan hayotiy voqea haqidadir. Bu voqea bilan Saudiyada nashr etiladigan gazetalardan birida tanishganman.

Umra ibodatini ado etish uchun Makka shahriga borganimda gazetadagi “Nima uchun nuringni ortingda qoldirding?” degan maqolaga ko‘zim tushdi. Bu qiziqarli sarlavha meni o‘ziga jalb qildi. Bu nima degani ekan deb qiziqdim. Hikoyani o‘qib, uning mazmunini angladim.

Qadim zamonda o‘ta badavlat odam yashagan ekan. U paytlar qullik davri edi. Bu boyning ham barcha shaxsiy ishlarida unga xizmat qiladigan quli bor edi.

Bomdod namoziga azon aytilganda, xizmatkor tahorat uchun suv tayyorlar va xo‘jayinini uyg‘otardi. Tahoratga yordamlashib bo‘lgach, miltillab yonadigan fonusi bilan yo‘lini yoritib masjidga olib borardi. Bu davrlarda hali elektr tok, chiroqlar yo‘q, yo‘llar zimiston, chang, ko‘chalarda tosh va chuqurlar ko‘p edi.

Shu zaylda qul 20 yildan ortiq xo‘jayiniga xizmat qildi. Kunlarning birida odatdagidek bomdod namoziga ketishayotganida boy yurishdan to‘xtab, joyida biroz jim turib qoldi-da, keyin: “Gaplarimni eshit ey Said”, dedi. Qulning ismi Said edi.

Boy: “Ey Said, men vasiyatnomamda vafot etganimdan keyin merosxo‘rlarim seni ozod qilishlarini yozdim. Bu senga 20 yildan beri menga qilgan sodiq xizmatlaring uchun mukofot bo‘ladi”, deb aytdi.

Lekin bu gapdan Said xursand bo‘lmadi, xo‘jayiniga tashakkur ham izhor etmadi, hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi.

Ertasi kuni yana odatdagidek masjid tomon fonusni yoqib yo‘lga tushishdi. Ammo bu safar har gal xo‘jayinning yo‘llarini yoritib ketadigan xizmatchi orqa tomonga o‘tib olgandi. Xo‘jayin nega bunday qilayotganini tushunmay: “Nega orqamdan ketayapsan? Said senga nima bo‘ldi? Nega oldinda yo‘lni yoritib ketmayapsan?” deb so‘radi.

“Chunki siz nuringizni ortda qoldirdingiz. Hayotlik vaqtingizda emas, balki vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishingiz ham xuddi shunga o‘xshaydi. Tiriklik vaqtingizda meni ozod qilishni o‘ylamadingiz. Endi vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishga va’da beryapsizmi? Siz qachon vafot etarkansiz, men shunda tezroq ozod bo‘laman deb o‘ylab yurishimni istaysizmi? Men uchun sizning umringiz uzoq bo‘lsa-yu, sizning xizmatingizni qilsam. Men shundoq ham umrbod sizga sodiq xizmat qilmoqchi edim. 20 yildan beri xizmatingizda bo‘layotgan bo‘lsam, biror marta meni ozod qilishingiz haqida aytmagansiz. Lekin endi aytishingiz go‘yoki sizning vafotingizni kutayotgandek bo‘laman. Nega nuringizni oldingizda emas, ortingizda qoldirdingiz?”.

Bu gaplarni eshitib boy odam qattiq ta’sirlandi. Unga: “Ey Said shu daqiqadan e’tiboran sen ozodsan”, dedi. Said uning bu taklifini rad etib: “Men sizning itoatkor xizmatkoringizman”, dedi.

Ushbu qissadan qanday ibrat olinadi. Ko‘pchilik o‘z nurini oldida emas, balki ortida qoldiradi. Bu nima degani? Ayrimlar: “Boy bo‘lsam falon-falon ishlarni qilaman”, “Vafot etsam kambag‘allarga to‘plagan boyliklarimni tarqatishadi”, “10 yildan keyin falon ishlarni qilaman” deyishadi. Nega o‘sha ishlarni hayotlik vaqtingizda, imkoningiz borida qilmaysiz? Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz, oldingizda emas. Nega yaxshiliklar qilishni uzoq yillarga suramiz. Imkon borida darhol yaxshilik qilish haqida o‘ylamaymiz? Biror yaxshilik qilishni imkoningiz bormi, uni hozir qiling, shunda nuringiz oldinda bo‘ladi. Nuringizni aslo orqada qoldirmang!

Maqolaning videolavha shakli

Davron NURMUHAMMAD

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

16.09.2026   18963   1 min.
Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.

Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari