Bismillahir Rohmanir Rohiym
KIRISH
Ong inson tug‘ilganidan boshlab doimo rivojlanib boradi. Bu ongning to‘g‘ri rivojlanishida atrof-muhit ta’siri muhim o‘rin tutadi. Xususan, yosh bola hamisha atrofdagilarning g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi.
MUAMMO
Ammo, ayrim ota-onalarning farzandiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishi, do‘q-po‘pisa qilishi, bolani haqoratlashi, og‘zaki qo‘rqitishi yoki baqirishi ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi. Kattalarning bunday harakatlari bolalarning rivojlanishini zararlaydi, bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini sindiradi.
TADQIQOTLAR
Bu borada ko‘plab tadqiqotlar mavjud bo‘lib, ularning barchasi bir haqiqatni tasdiqlaydiki, ya’ni bolalik davrida turli zo‘ravonliklarga duchor bo‘lgan shaxslar depressiyaga ikki barobar ko‘proq moyil bo‘ladi.
Qo‘pol munosabatda ulg‘aygan bolaning miyasidagi nuqson va shikastlanishlar Garvard universitetining tibbiyot fakultetida olib borilgan tadqiqotlarda ham isbotlangan.
Zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, yoshligidan qo‘pollikdan aziyat chekkan bolalarning miyasida va fikrlash qobiliyatida nuqsonlar kuzatilgan, ayniqsa miyaning o‘ng va chap yarim sharlarida zaiflik aniqlangan.
Bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha ekspert Shanta Dyub aytadi: “Ota-onalar baland ovozlari va “ahmoq”, “dangasa” kabi so‘zlari farzandlariga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini afsuski yaxshi bilishmaydi”.
Tadqiqotchi Piter Fonagining qayd etishicha, bolalar kattalar nima desa, shunga ishonadigan bo‘ladi. Ular kattalarni jiddiy qabul qiladi. Kattalarning bolalarga qo‘pol so‘zlari nafaqat bolalarning miyasiga shikast yetkazadi, balki jamiyat bilan aloqa qila olmasligiga ham sabab bo‘ladi.
21 ming nafar ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda: bolalikda qo‘pol muomalada voyaga yetganlar boshqalarga qaraganda 20% foiz ko‘proq giyohvand moddalar iste’mol qilishga moyil bo‘lishi, ularning qamoqqa tushib qolish xavfi esa ota-onasining baqirishlarini eshitmaganlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq ekani aniqlandi.
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM YOSH BOLALARGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LARDILAR?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yosh bolalarga otaning bolasiga qilgan muomalasidek bo‘lar edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 10 yil xizmat qildim. U zot biror qilgan ishimni nimaga bunday qilding yoki buyurgan ishimni nega qilmading, deb so‘ramas edilar. Balki “Alloh xohlagani bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi”, der edilar”.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim, qarasam, Hasan roziyallohu anhuni yelkalariga ko‘tarib olibdilar va: “Allohim, men buni yaxshi ko‘raman, Sen ham yaxshi ko‘rgin” deb aytardilar».
Siz ham farzandlaringizga ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting va “Allohim farzandlarimni Sen ham yaxshi ko‘rgin”, deb duo qiling.
YAKUN
Alloh taolodan bizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashganlardan qilishini va farzandlarimizni u zot alayhissalomdan o‘rnak olib tarbiya qilishimizga madad berishini so‘rab qolaman.
Davron NURMUHAMMAD
Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi!” (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?
«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.
Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir” (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi” (Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.
4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!
Hamidulloh BЕRUNIY