#xabar #muftiy #anjuman
Braziliya poytaxtida xizmat safari bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Shayx Ravil Gaynutdin yurtimizning islom tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof qilish barobarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ zotlar, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar musulmon olami e’tiborini qozongani, qadamjo va maqbaralar dunyo ziyoratchilarini o‘ziga jalb etishini aytdi. Shuningdek, Rossiya muftiysi Buxoroi sharifdagi Mir Arab madrasasida ta’lim olgani, unga yurtimiz ulamolari ustozlik qilganini aytish barobarida xalqimizning odamiyligini, mehmondo‘stligi va samimiyligini alohida ta’kidladi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘lkamizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlarni bayon etish barobarida diniy idoralar o‘rtasida davomli aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, birgina shu yilning o‘zida yurtimiz ulamolari Rossiya Federatsiyasiga bir necha bor safar qilib, tadbirlarda vatandoshlarimiz bilan suhbatlar o‘tkazganini aytib o‘tdilar.
Uchrashuvda ikki mamlakat diniy idoralari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Unda O‘zbekiston va Rossiya musulmonlari o‘rtasida diniy-ma’rifiy, ilmiy-madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratilgan. Ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolari vaqtincha bo‘lib turgan Rossiya hududlarida ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazish, imom-xatiblarni jalb etish, diniy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar borasida hamkorlik qilish, xususan, tomonlarning ta’lim muassasalarida oliy diniy ta’lim muassasalari talabalari amaliyoti hamda imom-xatiblar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv do‘stona ruhda o‘tdi va muloqot yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati