Sovchilik ota-onalar yoki ishboshilar tomonidan amalga oshirilishi va ularga javob berish ham shu tariqa bo‘lishi musulmon xalqlarning ommaviy odatlaridan bo‘lib qolgan, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Hattoki, musulmon bo‘lmagan qavmlar yoki dinimiz haqida tuzukroq ma’lumotga ega bo‘lmagan, «musulmonman», deb yurgan ba’zi kimsalar: «Musulmonchilikda umr yo‘ldoshini tanlashda yoshlarning o‘zlarining xohishi e’tiborga olinmasa ham, bo‘laveradi», degan tushunchada bo‘lishlari ham mumkin. Ammo shariatda unday emas. Islomda har bir shaxs o‘z erki, hurriyati va istak-xohishi bilan oila qurishi kerakligi alohida ta’kidlanadi.
Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir qancha hadisi shariflari kelgan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: لَا تُنْكَحُ الْأَيِّمُ حَتَّى تُسْتَأْمَرَ وَلَا تُنْكَحُ الْبِكْرُ حَتَّى تُسْتَأْذَنَ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَكَيْفَ إِذْنُهَا؟ قَالَ: أَنْ تَسْكُتَ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَفِي رِوَايَةٍ: الثَّيِّبُ أَحَقُّ بِنَفْسِهَا مِنْ وَلِيِّهَا، وَالْبِكْرُ تُسْتَأْمَرُ وَإِذْنُهَا سُكُوتُهَا.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Maslahat so‘ralmaguncha, juvon nikohlanmas. Izn olinmaguncha, bokira nikohlanmas», dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, uning izni qanday bo‘ladi?» deyishdi.
«Sukut saqlamog‘i», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Boshqa bir rivoyatda:
«Juvon o‘z nafsiga valiysidan haqliroqdir. Bokiradan esa izn so‘raladi. Uning izni – sukutidir», deyilgan.
Bu hadisi sharifda nikoh masalasida qiz va ayollarning roziligi shart ekani, sovchi kelganida, erkaklar, ya’ni otalar, akalar va boshqalar o‘zlaricha javob berib yubormasdan, ular bilan maslahat qilib, roziliklarini olishlari kerakligi bayon qilinmoqda.
Zamon buzilib, ishlar teskarisiga aylanmay turib, nafaqat musulmonlarda, balki dunyoning barcha xalqlarida ham bir qizga sovchilik qilish oila boshlig‘i bo‘lmish otaga gap ochish, undan rozilik so‘rash bilan bo‘lgan. Oddiy insoniy odob-axloq, xalqlarning urf-odatlari shuni taqozo qilgan va qiladi ham.
Islom otalarga yoki ularning o‘rniga qolgan valiylarga qizning o‘zidan rozilik so‘rashni tavsiya qiladi. Chunki holatning o‘zi shuni taqozo qiladi. Bir odamni o‘zining iznisiz, xabarisiz, roziligisiz erga berib yuborish to‘g‘ri emas.
Agar erga tegishi haqida so‘z ketayotgan kimsa erdan ajragan juvon bo‘lsa, u o‘z roziligini ochiq-oydin aytishi shart. Chunki u oila ko‘rgan, erkak kishi bilan munosabatda bo‘lgan, nikoh masalalarida tajribaga ega, bunday gaplarni gaplashib yurgan. Endi ochiq maslahatlashishdan uyalmaydi.
Maslahat qiz bolaning turmushga chiqishi haqida bo‘layotgan bo‘lsa, bir oz boshqacha yo‘l tutiladi. Agar u ochiq javob bersa, o‘zining ishi. Uning o‘sha javobiga qarab ish qilinadi. Ammo indamasa, sukuti rozilik alomati bo‘ladi.
Muslima qizlar odob-axloq, hayo, ehtirom doirasida tarbiya topganliklari tufayli uyalib, otasi yoki boshqa yaqinlari bilan o‘z nikohi to‘g‘risida gapla-shishga uyalib, indamaydilar. Shuning uchun qiz bolaning uyalib, indamagani uning bu nikohga roziligi hisoblanadi.
Lekin indamasligiga norozilik alomatlari qo‘shilsa, bunday sukutni rozilik deb bo‘lmaydi. Bunday hollarda onalarni ishga solish yaxshiroq bo‘ladi. Zotan, joriy odatlar ham shunga aylanib qolgan.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va-sallam:
«Ayollarni qizlari haqidagi ishga taklif qilinglar», – deganlar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: تُسْتَأْمَرُ الْيَتِيمَةُ فِي نَفْسِهَا، فَإِنْ سَكَتَتْ فَهُوَ إِذْنُهَا، وَإِنْ أَبَتْ فَلَا جَوَازَ عَلَيْهَا. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Yetim qizdan o‘zi haqida izn so‘raladi. Agar sukut saqlasa, o‘sha uning iznidir. Agar bosh tortsa, uni majburlash yo‘q», – dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Yetim qizlar deganda otasi va valiy bo‘ladigan qarindoshlari yo‘qligi tufayli boshqa bir odamning tarbiyasida o‘sgan qizlar tushuniladi. Odatda, bunday qizlarni o‘zlaridan so‘rab-so‘ramay erga berib yuborish hech gap bo‘lmay qolgan. Ammo xoh yetim bo‘lsin, xoh yetim bo‘lmasin, qizlarni majbur qilib erga berish shariatga mutlaqo xilof ekanini mana shu rivoyatdan ko‘rib turibmiz. Bunday qilish katta zulm hisoblanadi.
Islom hukmlaridan bexabar kishilar Alloh taolo tomonidan qizlarga berilgan bu haqni poymol qilib kelganlar. Ular qizlarning roziligini so‘ramay, norozi bo‘lsalar, urib-so‘kib erga berganlar. Bu esa, doimo Islom dushmanlari tomonidan dinimizga ta’na toshlari otilishiga sabab bo‘lib kelgan. «Musulmonman» deb yurganlarning noshar’iy ishlari o‘zlariga gunoh bo‘lishi bilan birga, dinimiz dushmanlari tegirmoniga suv quyishini shundan bilib olsak ham bo‘ladi.
"Baxtiyor oila" kitobidan
Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.
“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.
Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati