HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Ali ibn Hasan ibn Abu Iso Hiloliy (yoshlari imom Muslimdan katta)
2. Muhammad ibn Abdulvahhob Farro (shayxlaridan). Ammo Farrodan «Sahih»larida hadis rivoyat qilmaganlar.
3. Husayn ibn Muhammad Qabboniy
4. Abu Bakr Muhammad ibn Nazr ibn Salama Jorudiy
5. Ali ibn Husayn ibn Junayd Roziy
6. Solih ibn Muhammad Jazara
7. Abu Iso Termiziy («Jome’i Termiziy»da)
8. Ahmad ibn Muborak Mustamliy
9. Qozi Abdulloh ibn Yahyo Saraxsiy
10. Abu Sa’id Hotim ibn Ahmad ibn Mahmud Kindiy Buxoriy
11. Ibrohim ibn Is'hoq Sayrafiy
12. Saboqdosh do‘stlari Ibrohim ibn Abu Tolib
13. Ibrohim ibn Muhammad ibn Hamza
14. Faqih Ibrohim ibn Muhammad ibn Sufyon («Sahihi Muslim»ning roviylaridan)
15. Abu Amr Ahmad ibn Nasr Xaffof
16. Zakariyo ibn Dovud Xaffof
17. Abdulloh ibn Ahmad ibn Abdusalom Xaffof
18. Hofiz Abu Ali Abdulloh ibn Mahammad ibn Ali Balxiy
19. Abdurrahmon ibn Abu Hotim
20. Ali ibn Ismoil Saffor
21. Abu Homid Ahmad ibn Hamdun A’mashiy
22. Abu Homid Ahmad ibn Muhammad ibn Sharqiy
23. Abu Homid Ahmad ibn Ali ibn Hasnavayh Muqriy (zaif roviylardan)
24. Hofiz Ahmad ibn Salama
25. Sa’id ibn Amr Barza’iy
26. Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Sharqiy
27. Fazl ibn Muhammad Balxiy
28. Abu Bakr ibn Xuzayma
29. Abul Abbos Sarroj
30. Muhammad ibn Abd ibn Humayd
31. Muhammad ibn Maxlad Attor
32. Makkiy ibn Abdon
33. Yahyo ibn Muhammad ibn So’id
34. Hofiz Abu Avona
35. Hofiz Nasr ibn Ahmad ibn Nasr.
Abu Amr Mustamliy aytganlar: «Bizga Is'hoq Kavsaj 251 yilda hadis yozdirdilar. Muslim tanlab yozardilar, men esa aytganlarini yozardim va davom etaverishlarini so‘rardim. Shunda Is'hoq Kavsaj Muslimga: «Siz musulmonlar orasida ekansiz, yaxshilik doim biz bilan birga», – dedilar».
Termiziy «Jome’»larida imom Muslimdan bittagina hadis rivoyat qilganlar («Ramazon boshlanishini bilish uchun sha’bonda oyni kuzatinglar»).[1]
Abul Qosim ibn Asokirga Abu Nasr Yunortiy shunday deganlar: «Menga Solih ibn Abu Solih daraxt po‘stlog‘iga yozilgan bir varaqni berdilar. Unda imom Muslim dastxatlari bilan Valid ibn Muslimdan eshitib yozib olgan hadislar bitilgan ekan».
Bu sanadi uzilgan, ishonchiz ma’lumot.
Ahmad ibn Salama aytganlar: «Abu Zur’a va Abu Hotimning sahih hadislarni bilishda imom Muslimni zamonalarining shayxlaridan ustun qo‘yishlarini ko‘rdim. Husayn ibn Mansurdan eshitishimcha, u kishi Is'hoq ibn Rohavayhning imom Muslim to‘g‘rilarida gapira turib, forscha bir so‘z aytganlarini eshitganlar. Uning ma’nosi – shu qadar ulug‘ inson bo‘lar ekan-da?!».
Ahmad ibn Salama aytganlar: «Muslim bir ilm majlisiga taklif etildilar. Unda bu kishi bilmaydigan bir hadis zikr qilindi. Uylariga borib, chiroqni yoqdilar-da, oila ahliga: «Huzurimga hech kim kirmasin», – dedilar. Bir payt: «Bizga bir savat xurmo hadya qilindi», – deyishdi. «Olib kiringlar», – dedilar. Xurmoni kiritishdi. Tong otguncha undan bitta-bittadan olib, o‘sha hadisni qidirishga tushdilar. Xurmo ham tugadi, hadis ham topildi».
Bu voqeani Abu Abdulloh Hokim ham rivoyat qilib: «Ishonchli do‘stlarimizdan birining aytishicha, o‘shandan keyin imom Muslim vafot etibdilar», – deganlar.
«Mashhur daholar siyrati» kitobidan
[1] 687-hadis.