Odam va Havvo alayhissalom man qilingan daraxt mevasini tanovul qilganlaridan keyin, Alloh ularni yerga tushirdi.
“So‘ng shayton unga vasvasa qilib: “Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va yo‘q bo‘lmas mulku davlatni ko‘rsataymi?”, dedi.
Bas, undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yo‘ldan ozdi.
So‘ngra Parvardigori uni saylab — O‘ziga yaqin qilib, tavbasini qabul etdi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi.
Alloh aytdi: “Undan har ikkingiz tushingiz. Ayrim zurriyotlaringiz ayrimlariga dushmandir. Bas, sizlarga Men tarafdan hidoyat kelganida kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas” (Toha, 120-123).
Odam va Havvo alayhumissalomlarning qayerga tushgani haqida Qur’oni karimda ma’lumot kelmagan.
Ayrim ulamolar hadislarga tayangan holda, Odam alayhissalom Hindistonga tushirilgan, degan fikrni aytadilar.
Masalan, Ibn Asokir “Tarixi Dimashq” (7/437) kitobida Odam alayhissalomning Hindistonga tushgani va jannatdan chiqarilganidan keyin o‘zini yolg‘iz his qilgani haqida hadis rivoyat qilgan.
Shuningdek, boshqa hadislar ham rivoyat qilingan, ammo bularning aksarini ulamolar zaif deganlar.
Ayrim ulamolar va salaflar Odam alayhissalom Hindistonga, Havvo onamizni esa Jidda shahriga tushganlar, deb aytganlar. Odam alayhissalom o‘z juftini qidirish jarayonida Muzdalifaga yetib kelganlar. Bu yer “izdalafa” so‘zidan olingan bo‘lib, “yaqinlashish” ma’nosini anglatadi.
Bunday rivoyatlar “Mustadrak, Imom Hokim” (2/542), “Musannaf, Imom Abdurrazzoq” (5/93-116), “Tarixi Tabariy” (1/121) kabi manbalarda uchraydi.
Biroq, aksar ulamolar bu haqdagi ma’lumotlar ahli kitoblar rivoyatlariga asoslangan deyishgan.
Tabaroniy, Abu Nuaym va Ibn Asokirlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam alayhissalom Hindistonga tushgan”, deganlar.
Imom Tabaroniy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: “Alloh Odamni tushirganda Hind yeriga tushirgan. U keyin Makkaga kelgan. So‘ngra Shomga borib, o‘sha yerda vafot etgan”.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Islom tarixi” kitobida, tarixchilar Odam Ato va Momo Havvo yer yuzining qaysi hududiga tushganlari to‘g‘risida ixtilof qilgani haqida yozadi. Bu borada turli-tuman va juda ko‘p gaplar aytilgan. Odam Ato va Momo Havvo Arabiston yarimoroliga tushirilgan, degan fikr egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yana Hindistondagi tog‘ yaqiniga tushirilgan, deganlar ham bor, deyilgan o‘sha kitobda.
“Durri Mansur” kitobida va Ibn Asokir Ibn Abbos roziyallohu anhumo qilgan rivoyatda va boshqa bir qancha manbalarda Odam va Havvo jannatdan chiqarilganda Yer yuzining qaysi mintaqasiga tushgani haqida turli naqllar bor:
Odam va Havvo Makka bilan Toif o‘rtasidagi Dajna degan joyga tushgan;
Odam Safo tog‘iga, Havvo Marva tog‘iga tushgan. Bu ikki tog‘ ham Makka shahrida hozirgi Haram hududida joylashgan.
Odam Hind diyoriga, Havvo Jidda shahriga tushgan. Odam Havvoni istab, uni Makka shahridagi Muzdalifada topgan. Shu bois, uni Jam’ deb ham ataladi. Chunki Odam va Havvo shu yerda jamlangan, uchrashgan. Uning Muzdalifa deb nomlanishi esa Havvoning Odamga yaqin kelishi, uchrashishi uchundir. Ulamolar Hindiston tomondagi joyni Sarandib, ya’ni Shri-Lanka oroli, Bavz nomli tog‘ deganlar. Shri-Lankani 1972 yilgacha yevropaliklar Seylon deb atashgan.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati