Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun keng ko‘lamli iftorlik va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilda ushbu ezgu tashabbus doirasida 50 shaharni qamrab olinib, xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Makka, Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York, Toronto kabi yirik shaharlarda iftorliklar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham iftorliklar tashkil etilmoqda.
Mazkur xayrli ishlar mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Ularda taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirok etib, dinimizning insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlar tarannumi, Vatanga muhabbat va yot g‘oyalardan saqlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu vaqtgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xizmat safariga yuborilgan imom-xatiblar tomonidan AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada 90 ta ma’rifiy suhbat va taroveh namozlari o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ziyod vatandoshimiz ishtirok etdi.
Ma’rifiy suhbatlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik, go‘zal axloq, o‘zaro hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom, Vatanga muhabbat va turli yot oqimlardan saqlanish kabi mavzularni o‘z ichiga olgan.
Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xorijdagi vatandoshlarimizni ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash, ona yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash va yurtdoshlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati