O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2026-2027 o‘quv yilining 1-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori, Kengash raisi Uyg‘un G‘afurov boshqardi.
Majlisda muassasaning yangi o‘quv yilidagi faoliyatiga oid quyidagi muhim masalalar ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi:
Institut Kengashi, tarkibiy bo‘limlar va kafedralarning 2026-2027 o‘quv yiliga mo‘ljallangan yillik rejalari hamda o‘tgan o‘quv yilidagi buyruqlar va murojaatlar ijrosi tahlil qilindi.
Bitiruv malakaviy ishlari mavzulari tasdiqlanib, ilmiy rahbarlar biriktirildi; fan oyliklari, to‘garaklar tashkil etish hamda yangi o‘quv qo‘llanmalarini nashrga tavsiya etish masalalari hal etildi.
Talabalar turar joyi to‘lovlari, ichki tartib-qoidalar va professor-o‘qituvchilar navbatchiligi tasdiqlandi.
Ta’lim tizimida ilk bor “Faxriy doktor”, “Faxriy professor”, “Faxriy dots.nt”, “Faxriy ustoz” va “Faxriy talaba” maqomlarini ta’sis etish, tegishli nizom hamda ko‘krak nishonlari eskizlari ma’qullandi.
Institutning 55 yillik yubileyini keng nishonlash rejasi, muassasani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish tayyorgarligi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan rivojlanish strategiyasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘nggida kun tartibidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati