Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati