Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan
Savol: “Muxtasarul viqoya” kitobida asr va xufton namozlaridan oldin to‘rt rakat namoz o‘qish mustahabdir”, deyilgan ekan. Bu gapning dalili bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Hanafiy mazhabida yoritilgan masalalar, xususan, ibodatga oid masalalarning dalillari bor. Buni ayrim manbalar zikr qilgan bo‘lsa, “Muxtasarul viqoya” kabi ixcham shaklda yozilgan kitoblar keltirmagan.
Muxtasarul viqoya kitobini sharhlagan olimlardan biri Mulla Ali Qori rahimahulloh ibora ostida quyidagi hadisni zikr qilganlar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xuftondan oldin to‘rt rakat (nafl) namoz o‘qisa, go‘yoki o‘sha kechasini tahajjud bilan o‘tkazgandek bo‘ladi. Kim ularni xuftondan keyin o‘qisa, go‘yoki qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazgandek (savobga ega) bo‘ladi”, dedilar”.
Said ibn Mansur rahimahulloh mazkur hadisni “Sunan”ida rivoyat qilgan. Imom Nasoiy rahimahulloh uni Ka’b roziyallohu anhu so‘zlaridan, imom Bayhaqiy esa Oisha roziyallohu anho so‘zlaridan rivoyat qilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi