Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan
Nafsni tarbiyalash oson ish emas. Banda nafsini tarbiyalash yo‘llariga amal qilish bilan birga har doim Alloh taolodan yordam so‘rab turishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mana bu duoni aytardilar:
“Allohim, nafsimga taqvosini ber va uni pokla. Sen poklovchilarning eng yaxshisisan. Uning Egasi va Xoliqi ham O‘zingsan” (Ushbu duo Imom Muslim Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda kelgan).
Shayx Nuriddin XOLIQNAZARning “Inson qadri” kitobidan