- 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.
Nazmiy bayoni:
Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.
Lug‘atlar izohi:
وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.
حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.
وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.
الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.
عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.
بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.
اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.
Matn sharhi:
Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.
O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:
“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].
Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.
Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.