Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi
Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, davlat arbobi, balki o‘z davri ilm ahllari homiysi ham bo‘lgan. U mamlakatni rivojlantirishda ilm-fan va islom olimlarining ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi tushungan. “Saltanatda erishgan barcha muvaffaqiyatim va mustahkam joylarni zabt etishim – bularning barchasi Shayx Shamsuddin Fohuriy duosi, Shayx Zaynuddin Xavofiy himmati va Sayyid Baraka marhamati sharofatlari yordamida bo‘ldi”, deb ta’kidlagan edi[1]. Zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, Sohibqiron saroyida taniqli mutafakkirlarni jamlashga harakat qilgan.
Mo‘g‘ullar davridan keyin, Amir Temur davrida islomga davlat dini maqomining qaytarilishi yangi ulamolar tabaqalarining shakllanishiga olib keldi[2].
Temur davlatida Samarqand siyosiy poytaxtgina emas, balki ilmiy markaz ham edi[3]. Bu to‘g‘rida Movarounnarda bo‘lgan yevropalik sayyohlar va o‘sha davrda yashab ijod etgan tarixnavis Sharq olimlari yetarli ma’lumotlar qoldirganlar.
Tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rar edi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib izzatu ikromini izhor qilar edi”[4]. Natijada saltanat poytaxti Samarqandda o‘z davrining turli sohalari bo‘yicha buyuk allomalar jam bo‘ldiki, bu jamlashni Sohibqirondek ilm-fanni yaxshi tushingan va uni qadriga yetgan hukmdorgina amalga oshirishi mumkin edi.
Bunga quyidagi ikki voqeani keltirish mumkin. Amir Temur Xorazmga kelganida, Malik Muhammad Saraxsiy ibn Malik Mu’iziddin Husayn Kurt o‘z jiyani Pirmuhammad G‘iyosiddin Piralidan Amir Temurdan Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayhni Saraxsga taklif qilishini so‘rashni iltimos qildi. Amir Temur Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayhning ilmdagi fazlini bilib, u zotni Samarqandga taklif qilishni afzal ko‘rdi. Avvaliga Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayh Amir Temurning taklifiga javob bermay turdi, so‘ng Hijozga safar qilish niyati borligini aytib, uzr aytmoqchi ham bo‘ldi. Ammo Amir Temur ikkinchi bor taklif yuborganidan keyin Samarqandga ravona bo‘ldi[5].
“Amir Temur o‘ta ahmiyatli va foydali ishlaridan biri bo‘yicha chopar yubordi. Choparga: “Agar yo‘lda otga hojat tushib qolsa, kimni ko‘rsang ham otini ol, agar o‘g‘lim Shohruh bo‘lsa ham”, dedi. Chopar u amr qilgan tarafga tezlab jo‘nadi. Yo‘lda alloma Taftazoniyga duch keldi. U dam olish uchun bir joyga tushgan, otlari chodirning oldiga bog‘langan ekan. Chopar o‘sha otlardan birini oldi. Alloma Sa’duddin Taftazoniy chodirdan chiqib, uni ushlab oldi. Otni chopardan qaytarib oldi.
Chopar Amir Temurning oldiga qaytib borganida bo‘lgan gapni unga aytdi. Shunda Amir Temur qattiq g‘azablandi. Ammo birozdan so‘ng: ”Agar uning o‘rnida o‘g‘lim bo‘lganida, uni qatl qilardim. Lekin qaysi joyga borsam, kitoblari u yerga mening qilichimdan oldin kirib borgan odamni qanday qilib qatl qilaman”, dedi[6].
Toshkent islom instituti Qur’on ilmlari kafedrasi
o‘qituvchisi Qurbanov Sodiq
[1]Abulabbos Shihobuddin Ahmad ibn Muhammad Dimashqiy. Ajoib al-maqdur fi tarix Taymur. – Bayrut: Muassat ar-risola, 1986. – B. 48. 13
[2] Alimov U. Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. – T.: Movarounnahr, 2008. – B. 59.
[3]Fernand Brudil. Tarix va madaniyatlar qoidalari / Husayn Sharif tarjimasi. – Qohira. Al-hay’a al-misriyya al-omma li-l-kitob, 1999. – B. 77.
[4]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.7
[5]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.17
[6]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.19.