Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyul, 2026   |   14 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:16
Bismillah
28 Iyul, 2026, 14 Safar, 1448

Vatan har kishining qalbidan boshlanadi

13.01.2025   10582   4 min.
Vatan har kishining qalbidan boshlanadi

Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.


Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli  muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.


Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.


Bir  so‘z  bilan  aytganda,  ming  yillar  davomida  yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.


Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin. 


Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.


Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.


Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

27.07.2026   10570   1 min.
Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–275-son, 24.07.2026 y.) qabul qilindi, xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.

Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.

2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.

Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari